“Diora U: mening hikoyam”: Diyora Rahimova o‘z hayoti haqidagi serialni taqdim etdi

E’lon qilingan sana: · 135
“Diora U: mening hikoyam”: Diyora Rahimova o‘z hayoti haqidagi serialni taqdim etdi

16-sentyabr kuni Cinematica kinoteatrida tadbirkor, yozuvchi, fashion, lifestyle hamda HoReCa yo‘nalishlaridagi loyihalar asoschisi Diyora Rahimovaning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan “Diora U: mening hikoyam” hujjatli serialining yopiq premyerasi bo‘lib o‘tdi. Afisha.uz muxbiri reportaj tayyorladi.

Diyora nega serial olishga qaror qildi?

Serialning “Shunchaki Diyora” deb nomlangan ilk epizodida Diyora Rahimovaning shaxsiy hayoti, karyera yo‘li va oilasiga ta’sir ko‘rsatgan muhim qarorlari haqida so‘z boradi.

Serial hujjatli kuzatuv formatida suratga olingan. Kamera Diyora Rahimovani ish uchrashuvlari, yangi loyihalarni yaratish, qaror qabul qilish jarayonlari va kundalik hayoti davomida kuzatib borgan. Epizoddan qahramonning shaxsiy va arxiv materiallari ham o‘rin olgan bo‘lib, ularning ayrimlari avval ommaga taqdim etilmagan.

“Aslida hayotim qanday kechayotgan bo‘lsa, shunday — bezaklarsiz ko‘rsatishni istadim”, — deydi Diyora Rahimova Afisha.uz bilan suhbatda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, serial orqali nafaqat professional faoliyatini, balki oddiy oilaviy lahzalarini, jumladan, farzandlari bilan o‘tkazgan vaqtini ham ko‘rsatishni muhim deb hisoblagan.

“Ushbu loyihani ideallashtirilgan hayotni ko‘rsatishdan charchaganimdan keyin boshlashga qaror qildim. Men ham avval hamma narsa mukammal bo‘lishi kerak, deb o‘ylardim. Endi esa o‘zimni qanday bo‘lsam, shunday ko‘rsatishni istadim — yutuqlarim bilan ham, kamchiliklarim bilan ham”, — deydi u.

Uning uchun serialning eng esda qolarli sahnalaridan biri uyda farzandlari bilan pirog tayyorlagani bo‘lgan. Diyora Rahimova bu jarayonda kamera borligini unutib, oilasi bilan oddiy vaqt o‘tkazganini aytdi.

Ilk epizodda Diyora Rahimovaning turmush o‘rtog‘i, tadbirkor Botir Rahimov ham ishtirok etgan. U farzand tarbiyasi, rafiqasining kasbiy shakllanishi va tadbirkorlik yo‘li haqida so‘zlagan.

Hunarmand Madina Qosimboyeva esa Diyora Rahimova bilan hamkorlik tajribasi, ularning kollaboratsiyasi va an’anaviy naqshlarni zamonaviy uslubda qayta talqin qilish orqali etno-yo‘nalishni rivojlantirish haqida gapirgan.

Diyora Rahimovaning aytishicha, bu loyiha uning uchun ham eksperiment bo‘lgan. U kamera oldida bo‘lishni o‘z qo‘rquvlaridan biri deb atagan va aynan shu qo‘rquvga qarab borish orqali yangi tajriba orttirganini ta’kidlagan.

“Tomoshabinlarning serial orqali kayfiyati ko‘tarilsa, ilhomlansa yoki nimadir yaratishga xohish uyg‘onsa, men uchun shuning o‘zi yetarli. Agar o‘z hayotimni ochiq ko‘rsatish orqali odamlarga oz bo‘lsa ham foydam tegsa, bundan xursand bo‘laman”, — deydi u.

Serial jami beshta qismdan iborat. Keyingi epizodlarda Diyora Rahimovaning hayoti va faoliyatining boshqa yo‘nalishlari, xususan, restoran biznesi, maktab va xayriya fondi haqida so‘z borishi ko‘zda tutilgan. Qismlarni taxminan oyiga bir marta chiqarish rejalashtirilgan.

“Ayollarga ishonch va motivatsiya berish”

Hunarmand Madina Qosimboyeva Afisha.uz bilan suhbatda Diyora Rahimovani 2019-yil oxirlaridan buyon tanishi va u bilan hamkorlik qilib kelayotganini aytdi.

“U bilan ishlash juda oson va maroqli. Diyora insonning o‘zi ishonmagan jihatlariga ham ishonch uyg‘ota oladi. Masalan, siz o‘zingizga ishonmasligingiz mumkin, lekin u „Buni qila olasiz, uddalaysiz“, deb sizda ishonch paydo qiladi. U bilan ishlash men uchun juda yaxshi tajriba”, — deydi Madina Qosimboyeva.

Hunarmand serialni xotin-qizlarda o‘ziga ishonch va motivatsiya beradigan loyiha sifatida baholadi.

“Menimcha, bu loyiha xotin-qizlarda o‘ziga ishonch uyg‘otishi bilan ahamiyatli. Ba’zi ayollarda „Mening qo‘limdan kelmaydi“, degan fikr bo‘lishi tabiiy. Ammo inson harakat va mehnat qilsa, ko‘p narsaga erisha oladi. Serialning asosiy ta’sirlaridan biri ham ayollarga ishonch va motivatsiya berishdir”, — deydi u.

“Mehnat qilgan ayol katta natijalarga erisha oladi”

Dizayner Iroda Agzamxo‘ja Diyora Rahimova bilan ishlash jarayonida uning energiyasi va yangi g‘oyalaridan ilhomlanganini ta’kidladi.

“Diyora bilan birinchi ishlay boshlaganimizda, u menga „Siz shunchalik energiyaga to‘la va umuman charchamas ekansiz“, degandi. O‘shanda juda xursand bo‘lganman. Lekin yillar davomida birga ishlab, ba’zan o‘zimni dangasadek his qila boshladim. Chunki Diyora juda kuchli. Unda g‘oyalar bir daqiqada paydo bo‘ladi va ularning barchasini amalga oshirishga ulguradi. U ishini juda yaxshi ko‘radi”, — deydi dizayner.

Uning fikricha, serial yoshlar, ayniqsa, qizlar uchun mehnat va intilishning ahamiyatini ko‘rsatishi mumkin.

“Menimcha, Diyora bu seriali orqali mehnat qilib, boshlagan ishini oxirigacha yetkazsa, har bir ayol katta natijalarga erisha olishini ko‘rsatmoqchi. Umid qilamanki, serial yoshlarimizga tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatib, ular uchun katta turtki bo‘ladi”, — deydi Iroda Agzam.

“Diora U: mening hikoyam"ning barcha qismlari Diyora Rahimovaning YouTube kanalida e’lon qilinadi. Birinchi qism allaqachon onlayn.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling