Joan Rouling "Garri Potter" olami haqida ikkita yangi kitob nashr etadi

Britaniyalik yozuvchi Joan Rouling “Garri Potter” olamini kengaytiruvchi ikkita yangi kitobni nashr etadi. Bu haqda Collider xabar berdi.
Kitoblar fevral oyida Bloomsbury Publishing nashriyoti tomonidan chop etiladi. Ular franshizaning sevimli qahramonlariga bag‘ishlangan, tanlangan iqtiboslar va qiziqarli faktlarni o‘z ichiga olgan, rasmlar bilan bezatilgan qo‘llanmalardan iborat Pocket Potters turkumini to‘ldiradi.
Yangi kitoblarda professor Makgonagall hamda egizak aka-ukalar Fred va Jorj Uizlilarning hikoyalari bayon etiladi. Avvalroq ushbu turkum doirasida Garri, Ron, Germiona, Luna Lavgud va professor Dambldorga bag‘ishlangan kitoblar ham nashr etilgan.

Fred va Jorj haqidagi kitob uchun illyustratsiyalarni rassom Xelen Bredi yaratgan. U aka-ukalarning eng yaxshi hazillari va ixtirolarini tasvirlab, ularning maktab yillaridagi sho‘xliklardan tortib, “Uizlilarning turli sehrli hazillari” do‘konini ochishgacha bo‘lgan yo‘lini rasmlar orqali hikoya qilgan.
Minerva Makgonagall haqidagi kitobni esa Natali Smilli bezagan. Nashriyot vakillarining va’da berishicha, unda Griffindor fakulteti rahbari, uning ajoyib sehrgarlik qobiliyatlari, o‘ziga xos yumor hissi va Garri Potter bilan munosabatlari haqida batafsilroq hikoya qilinadi.
Dekabr oyida “Garri Potter” muxlislarini yangi ekranlashtirilgan talqinning premyerasi kutmoqda. HBO 25-dekabrdan serialni namoyish etishni boshlaydi. Unda Garri Potter rolini Dominik Makloklin, Ron Uizlini Alaster Staut, Germiona Greynjerni esa Arabella Stenton ijro etadi. Jon Litgou Dambldor, Nik Frost Hagrid, Janet Maktir esa professor Makgonagall obrazini gavdalantiradi.