Hande Erchel eronlik rejissyor filmida suratga tushadi

Turkiyalik aktrisa Hande Erchel (“Qalbim eshigini chert”) eronlik rejissyor va ssenariynavis Nader Saivarning “Diaspora” dramasida rol ijro etadi. Film voqealari Germaniyada boʻlib oʻtadi. Suratga olish ishlari 2027-yil boshida boshlanadi, deya xabar bermoqda Deadline.
Hande Erchel filmda o‘rta sinfga mansub, oliy ma’lumotli turkiyalik ayol Merve rolini ijro etadi. Turkiyada turmush o‘rtog‘i fojiali halok bo‘lganidan so‘ng bosh qahramon Germaniyaga ko‘chib o‘tadi. U yerda o‘zi va 12 yoshli o‘g‘li uchun yangi hayot boshlashga harakat qiladi.
Ayol nemis oilasiga qarashli til maktabiga ishga joylashadi. Biroq u yerda oilaning 15 yoshli o‘g‘li Luka tomonidan tegajog‘likka uchraydi. Bu holat takrorlangach, ayol hammasini bolaning otasiga aytib berishga qaror qiladi. Ammo yordam berish o‘rniga oila uning o‘zini yolg‘onchilikda ayblab, ta’qib qila boshlaydi. Bosh qahramon o‘g‘li uchun o‘zini himoya qilish, haqiqatni isbotlash hamda jamiyatdagi stereotiplar va tizimga qarshi kurashishda oxirigacha borishga qaror qiladi.
Ta’kidlanishicha, Hande Erchel suratga olish ishlari boshlanishidan bir oy oldin Berlinga keladi. Aktrisa bu vaqtni repetitsiyalar, obraz ustida ishlash va til o‘rganishga bag‘ishlaydi.
Eronlik rejissyor Nader Saivar “Cheksiz” (2022), “Guvoh” (2024) va “Hijomat” (2026) filmlari bilan tanilgan. U uzoq yillardan beri afsonaviy rejissyor Ja’far Panohiy bilan hamkorlik qilib keladi. Xususan, Saivar uning “Oddiy tasodif” filmi ssenariysi hammualliflaridan biri bo‘lgan. Ushbu kartina Kann kinofestivalining “Oltin palma yaprog‘i” mukofotini qo‘lga kiritgan, shuningdek, ijodkorlarga “Eng yaxshi original ssenariy” nominatsiyasida “Oskar” mukofotiga nomzodlikni olib kelgan.
“Diaspora” loyihasi Sharq va G‘arb o‘rtasidagi murakkab va ko‘pincha e’tibordan chetda qoladigan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish zaruratidan tug‘ildi. Bu munosabatlar uzoq vaqt davomida o‘zaro tushunmovchilik, yashirin xurofotlar va eskirgan stereotiplar asosida shakllanib kelgan. Ushbu film shunchaki emigratsiya haqidagi hikoya emas, balki dunyoqarashni tubdan o‘zgartirishga chaqiriqdir", — dedi Nader Saivar.
Avvalroq Afisha.uz'da Hande Erchel haqida maqola e’lon qilingandi.