Nodirbek Abdusattorov chempionlik, oila, katta shaxmat va hayotdan zavq olish haqida

E’lon qilingan sana: · 157
Nodirbek Abdusattorov chempionlik, oila, katta shaxmat va hayotdan zavq olish haqida

Grossmeyster, ikki karra shaxmat Olimpiadasi chempioni Nodirbek Abdusattorov “Lolazor” podkastida ishtirok etdi. U suhbatda Olimpiadaga tayyorgarlik taktikalari, oilasining shaxmat uchun qilgan tanlovi, xorijdan kelgan takliflar va bo‘lajak rafiqasi bilan tanishuvi haqida gapirdi.

Ikki soatdan ortiq davom etgan suhbatda sportchi professional shaxmatning ko‘pchilikka ko‘rinmaydigan tomonlari hamda shaxsiy hayoti haqida so‘zlab berdi. Afisha.uz suhbatdan qiziqarli fikrlarni jamladi.

Olimpiada oldidan nega musobaqalarda o‘ynamagan?

Abdusattorov Olimpiadaga tayyorgarlik davrida qariyb ikki oy klassik shaxmat musobaqalarida qatnashmaganini aytdi. Bu vaqtni jamoa bilan mashg‘ulotlarga ajratgan. Maqsad — yangi ishlanmalarni raqiblarga oldindan ko‘rsatmaslik va musobaqaga kuch saqlash.

“Olimpiadadan ikki oy oldin klassika oʻynamadik, bu eng uzoq davom etadigan shaxmat yoʻnalishi hisoblanadi. Eng charchatadigan ham, eng energiyani va vaqtni koʻp oladigan oʻyin. Olimpiadada ham klassika oʻynaladi. Maqsad bu yerda, raqiblarga nisbatan koʻproq tayyorgarlik koʻrish, energiyani saqlash va yangi sirlarni taktikalarini oshkor qilmaslik, oʻz uslubimizni koʻrsatmaslik edi. Shu sababdan, ochiq katta rasmiy musobaqalarda oʻynamasdan, faqat oʻzimiz oʻzaro mashgʻulotlar sifatida oʻynab tayyorgarlik koʻrdik”, — deydi u.

Shuningdek, Nodirbek jismoniy tayyorgarlikka ham har kuni bir-ikki soat ajratishga harakat qiladi. Uning aytishicha, uzoq partiyalarda charchoq va vaqt tanqisligi bosimini yengishda yugurish hamda kardio mashqlari yordam beradi.

“Jismoniy tayyorgarlik bizning mashgʻulotlarimizni bir qismi hisoblanadi. Shuning uchun, masalan, shaxsan men ancha yillardan beri har kuni 1−2 soat jismoniy mashqlar bilan shugʻillanishga harakat qilaman. Bunda yugurish va kardioga ishlash katta yordam beradi. Chunki shaxmatchi 3−4 soat oʻyindagi bosimni yengib oʻtishi uchun jismonan kuchli boʻlishi kerak. Oʻyin davomida 3−4-soatda charchoq bilan birga, vaqt kam qolgani sababli tez oʻynashni boshlaganimizdan yurak ham tez urishni boshlaydi, oʻsha vaziyatlarda kardio bilan shugʻillangan inson oʻzini bir maromda ushlab tura oladi”, — degan shaxmatchi.

Sindarovning yutuqlari Nodirbekka qanday ta’sir qilgan?

Javohir Sindarovning muvaffaqiyatlari haqida gapirar ekan, Abdusattorov bu g‘alabalar o‘ziga ham yangi ishonch berganini aytdi. Avval jamoadoshiga yo‘l ko‘rsatgan bo‘lsa, endi Sindarovning natijalari unga yangi marralarga erishish mumkinligini ko‘rsatmoqda.

“Koʻp yillar davomida men unga yoʻlboshlovchi boʻlgan boʻlsam, endi esa u menga yoʻlboshlovchi vazifasini oʻtayapti. Muvaffaqqiyatli hamda kuchli harakatlari menga umid bagʻishlayapti”, — degan Nodirbek.

Sportchi Sindarovning iste’dodini yuqori baholadi va uning jahon toji uchun tayyorgarligiga yordam berishini bildirdi.

“Javohir juda talantli bola, mendan ham talantliroq. Menimcha, shaxmat tarixidagi eng talantlilar orasida kamida beshtalikka kiradi. Albatta, 8-oktyabr kuni uchib ketaman, qayergaligini aytishim oʻrinlimi bilmadim, lekin shunisi aniqki, oʻsha joyda biz Javohir bilan birgalikda match uchun mashgʻulotlar olib boramiz. Jahon toji uchun tayyorgarlik koʻrishi jarayonlarida yonida boʻlaman”, — deya ta’kidlagan shaxmatchi.

Opasining iqtidori ham undan kam bo‘lmagan

Abdusattorovning shaxmatga qiziqishi oiladagi muhitdan boshlangan: otasi, akasi va opasi ham shaxmat o‘ynagan. Opasi Bahora ilk mashg‘ulotlar va musobaqalarda unga yo‘l ko‘rsatgan. Biroq xorijiy turnirlar, safar va murabbiy xarajatlari oilaga og‘irlik qilgan. Suhbatda oilaning imkoniyati ikkala farzandning professional faoliyatini birdek qo‘llab-quvvatlashga yetmagani va asosiy e’tibor Nodirbekka qaratilgani muhokama qilingan.

“Opam mendan ham oldinroq boshlagan shaxmatni, mamlakat miqyosidagi ilk yutuqlari ham avvalroq boʻlgan. U mendan 5 yosh katta. Shuning uchun, shaxmatni endi boshlagan paytlarim yoʻlboshlovchi boʻlgan. Oiladagi doimiy raqobat muhiti bilan, ruhlantiruvchi inson boʻlib meni oʻzi bilan oldinga intiltirgan. Keyin birgalikda musobaqalarga chiqishni boshladik, 2011-yilda Osiyo chempionatiga bordik, u yerda 2−3-oʻrinlarni qoʻlga kiritdik.

2012-yilda esa oʻz yoshim toifasida jahon chempioni boʻldim. 2013-yilda 14 yoshgacha boʻlgan qizlar oʻrtasida opam 2-oʻrinni oldi. Tan olish kerak, opamning talanti menikidan kam emas edi, agar doimiy ravishda keyinchalik ham huddi menga berilgan e’tibor va oʻsha moddiy qoʻllab-quvvatlovlar opamga ham berilganda, hozir balki ayollar oʻrtasida jahon chempionimiz boʻlardi. Lekin oʻsha paytdagi oilaviy sharoitimiz faqat bitta shaxmatchini top darajagacha olib chiqishda yordam berishga yetardi", — deydi Abdusattorov.

Boshqa davlat nomidan o‘ynashni taklif qilishgan

Sportchining aytishicha, 2017-yilda grossmeyster boʻlgach, Rossiyadan taklif olgan. Unda homiy, uy va murabbiy bilan ta’minlash haqida gap bo‘lgan. Keyinchalik AQShdan ham qiziqish bildirilgan. Abdusattorov oilasi bilan bu masalani o‘ylab ko‘rganini, biroq boshqa davlat bayrog‘i ostida o‘ynashni tasavvur qila olmaganini aytdi. Bugungi natijalarini esa o‘sha tanlovning to‘g‘riligiga dalil deb biladi.

“13 yoshimda dunyodagi eng yosh grossmeyster unvonini qoʻlga kiritdim. Oʻshandan keyin Rossiyadan taklif boʻlgan: homiy bilan ta’minlaymiz, uy beramiz, trener ajratamiz, shu bilan faqat biz uchun kelib Jahon chempionatlarida oʻz yoshida, 14 yoshgacha medal olib bersa boʻldi, deyishgan.

Keyinroq esa, Amerikadan ham taklif boʻlgan, Kasparov Chess Foundation, deyiladi, oʻsha yerdan ham qiziqish bildirilib, takliflar kela boshlagan. Lekin, baribir boshqa yurtning bayrogʻi ostida oʻynashni biz tassavvur ham qilolmaymiz, chunki, oʻsha paytda qilgan qarorimiz toʻgʻriligini hozir mana yaqqol natijalarini koʻrib turibmiz", — deydi Nodirbek.

Faqat natijani o‘ylashdan qanday voz kechgan?

Abdusattorov avval diqqatini faqat natijaga qaratganini tan oldi: saralashdan o‘tish, birinchi o‘rinni olish va jahon toji uchun kurashish. Bunda mashg‘ulotlar va shaxmatdan tashqaridagi hayotdan yetarlicha zavq olmagan. 2025-yil sentabrdagi Grand Swiss turniridan keyin murabbiylarini va o‘z ustida ishlash usulini o‘zgartirgan. Hozir kino ko‘rish, kitob o‘qish, do‘stlari bilan uchrashish va boshqa sport turlariga ham vaqt ajratadi. Uning aytishicha, shaxmatga ajratadigan vaqti kamaygan bo‘lsa-da, mashg‘ulotlar sifati oshgan.

“Yondashuvim oʻzgardi, oldin faqat natija uchun oʻynardim: oʻsha nomzodlar musobaqasiga chiqish uchun, u yerda 1-oʻrinni olish kerak, keyin matchga chiqish kerak, toj uchun oʻynash kerak, ya’ni maqsad faqat natijaga erishish edi. Jarayonlardan, mashgʻulotlardan yoki umuman shunchaki shaxmatdan tashqari, masalan hayotdan maza qilmasdim. Fokusim faqat natijaga yoʻnaltirilgandi. Bu narsa hozir oʻzgarib, boshqa narsalardan zavq olib, qolaversa shaxmat oʻyinlaridan ham zavq olyapman. Hattoki yutqazgan oʻyinlarimda ham oʻzim maza qilgan vaziyatlar boʻlyapti. Shaxmat bilan shugʻillanish vaqtim avvalgidan kamaydi, lekin sifat oʻsdi. Hayotiy balansni topdim”, — deydi shaxmatchi.

Bo‘lajak rafiqasi bilan qanday tanishgani haqida

Abdusattorov bo‘lajak rafiqasi bilan shu yil “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi Navro‘z konsertida tanishganini aytdi. Ular tadbirda yonma-yon o‘tirib qolgan. Tadbirga telefon olib kirilmagani sabab aloqa ma’lumotini darhol almasha olishmagan. Sportchi konsertdan qaytishda uning kontaktini olishga erishganini esladi. Fotiha marosimini esa tayyorgarlikdan chalg‘imaslik uchun Olimpiadadan keyinga belgilashgani haqida ham gapirdi.

“Tanishuvimiz ham qiziq boʻlgan, shu yilgi Navroʻz bayramiga bagʻishlangan konsertda yonma-yon joylarda birga oʻtirib qolganmiz, tanishib qolganimiz shunday boshlangan. Tadbirdan soʻng, Toshkent shahar hokimiyatiga qaytib telefonlarimizni olganimizdan keyin, bir amallab kontaktini olvolganman”, — deya hayotidagi baxtli tasodif haqida aytib bergan Nodirbek.

O‘z nomidagi shaxmat maktabini ochmoqchi

Sportchi o‘z nomidagi shaxmat maktabini ochish rejasi borligini ham bildirdi. Boshqaruvni esa ishonadigan odamlariga topshirishni mo‘ljallamoqda.

“Hozir shunday rejam bor, yaqinda oʻz nomimdagi shaxmat maktabini ochmoqchiman. Boshqaruvchi esa men ishongan odamlarimdan biri boʻladi”, — deya ta’kidlaydi u.

Bolani shaxmatga qachon olib borish haqidagi savolga esa Abdusattorov to‘rt-besh yoshni ma’qul deb hisoblashini aytdi. Biroq uning fikricha, eng muhim shart — bolaning o‘zida qiziqish bo‘lishi. Majburlash o‘rniga ota-ona uning qiziqishini qo‘llab-quvvatlashi kerak.

“Shaxmatga olib borish uchun eng yaxshi yosh 4−5 yosh, eng ideali 5 yosh deb oʻylayman. Lekin agar bolaning oʻzida qiziqish boʻlmasa, ota-ona va trener uni majbur qilishi foyda bermaydi. Birinchi oʻrinda oʻzida qiziqish va shaxmatga muhabbat boʻlishi kerak, bu narsani trener koʻra oladi bolada. Ota-onasi esa, e’tibor bilan qoʻldan kelgan barcha yordamlari bilan doimiy qoʻllab-quvvatlashi kerak”, — deydi shaxmatchi.

Sun’iy intellekt murabbiy o‘rnini bosa oladimi?

Abdusattorov shaxmatga oid savollar va o‘z o‘yinidagi zaif tomonlar haqida turli sun’iy intellekt xizmatlaridan so‘rab ko‘rgan. Ammo javoblarni o‘z darajasi uchun yetarlicha chuqur deb topmagan. Shaxmatga ixtisoslashgan dasturlardan esa mashg‘ulotlarda foydalanishadi. Murabbiy dastur taklif qilgan g‘oyalarni yetkazadi, sportchi ularni tahlil qilib, o‘z uslubiga mosligini tekshiradi.

“Toʻgʻri, hozir sun’iy intellekt judayam rivojlanib ketdi, lekin, uning bilimlarini sinab koʻrish uchun deyarli barcha sun’iy intellekt xizmati turlaridan shaxmatga doir savollarni va oʻzim haqimda ham soʻrab koʻrdim. Masalan, “nima deb oʻylaysan, Nodirbek Abdusattorovning kamchiliklari nimada yoki qanday nozik taraflari bor”, deganimda, u menga qandaydir sayoz fikrlar bergandi. Men u tushunchalarni 10 yil oldin ham bilardim-da. Ya’ni hali bizning darajamizdagi yuqori tushunchasi yoʻq.

Shaxmatga ixtisoslashgan dasturlardan esa biz mashgʻulotlar davomida, albatta, shugʻullanamiz. Trenerimiz oʻsha dasturlar orqali bizga yangi gʻoyalar beradi, keyin u takliflarni oʻzimiz tahlil qilib chiqamiz, oʻynayotgan uslubimizga toʻgʻri kelishiga qarab, oʻz oʻyinlarimizga keyin tatbiq qilamiz", — degan Nodirbek.

Toshkentdagi havo sifati va yoshlar imkoniyatlari haqida

Suhbat shaxmat bilan cheklanmagan. Abdusattorov Toshkentga har safar, safardan qaytganida shahardagi koʻplab o‘zgarishlarni sezishini, biroq qurilishlar bilan birga nazorat va ekologiyaga ham e’tibor zarurligini aytdi. Sovuq mavsumda havo sifati yomonlashishi masalasini ham ko‘tardi.

“Toshkent har kelganimda oʻzgarayotgan boʻladi. Ba’zida 1−2 oylik safarlardan qaytganimda har safar nimadur oʻzgargan boʻladi, yoki nimadur qurilayotgan boʻladi yoki nimadur buzilayotgan boʻladi, qanaqadur har doim nimadur yangilik boʻlib turadida.

Bu oʻzgarishlarning yaxshi tomonlari koʻp, albatta, lekin shu bilan birgalikda, baribir nazoratni va me’yor chegarasini ham yaxshiroq ushlash kerak. Chunki, hammamiz bilamiz, sovuq tushishi bilan havomiz sifati yomonlashishni boshlaydi, koʻpincha bu noyabr-dekabr oylariga toʻgʻri keladi. Shu sababdan, biz ekologiyamizni koʻproq oʻylab ish tutsak ham yaxshi boʻlardi", — deya oʻz fikrlarini bildirgan Abdusattorov.

O‘zbekiston kelajagi haqida gapirar ekan, yoshlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun ko‘proq imkoniyat, infratuzilma va bo‘sh vaqtni foydali o‘tkazishga sharoit kerakligini ta’kidlagan.

“Oʻylaymanki, infrastrukturada va yoʻllarimizda haliyam ba’zi muammolar bor. Va eng asosiy dolzarb masala, bu iqtisodimizni koʻtarishimiz kerak, bu uchun bizda potensial katta faqat ularni qanday realizatsiya qilishni hamda toʻgʻri yoʻnaltirishni bilishimiz kerak.

Bundan tashqari, bizning yoshlar bilimga chanqoq, shuning uchun, manimcha, baribir koʻproq yoshlarga shart-sharoitlarni va imkoniyatlarni yanayam yaratib beraverishimiz kerak. Ularning boʻsh vaqtiga e’tibor berib, foydali mashgʻulotlar bilan toʻldirishimiz kerak. Bizga bunda infratuzilmalar albatta kerak butun respublika boʻylab", — deydi shaxmatchi.

Avvalroq Oʻzbekiston shaxmat terma jamoasi ikki karra Olimpiada chempioni boʻlgani haqida xabar berilgandi.

Muallif: Durdona Karimqulova

O‘zbekiston ikkinchi bor Shaxmat olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritdi

Jamoa hal qiluvchi 11-turda Ukraina ustidan 2,5:1,5 hisobida g‘alaba qozonib, 2022-yildagi Chennai Olimpiadasidan keyin ikkinchi bor chempion bo‘ldi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Nodirbek Abdusattorov chempionlik, oila, katta shaxmat va hayotdan zavq olish haqida — Toshkent Afishasi