"Ay Yola" guruhi “Gremmi” tanlovining dastlabki ovoz berish bosqichiga yo‘l oldi

Ay Yola guruhining “Ural Batyr” albomi va “Aihylyu” singli “Grammy” mukofoti birinchi bosqichining ovoz berish ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda jamoaning Telegram-kanalida ma’lum qilindi.
“Ural Batyr” plastinkasi “Eng yaxshi global musiqa albomi” nominatsiyasiga, “Aihylyu” qo‘shig‘i esa “Cholg‘ular va vokal uchun eng yaxshi aranjirovka” yo‘nalishida saralashda qatnashmoqda.
“Ural Batyr” — Ay Yolaning debyut konseptual albomidir. U qadimgi boshqird xalqining “Ural botir” dostoni asosida yaratilgan. Unda an’anaviy boshqird cholg‘ulari elektron musiqa bilan uyg‘unlashgan. “Aihylyu” qo‘shig‘i esa doston qahramoni — Oy va qushlar podshohi Samrauning qiziga bag‘ishlangan. Asarda yorug‘lik va zulmat kurashi, o‘ziga sodiq qolish hamda o‘z yo‘lini tanlash mavzulari yoritilgan.
“Boshqirdistonning madaniy merosidan ilhomlanib yaratilgan “Ural Batyr” albomi va “Aihylyu” qo‘shig‘imiz dunyoning eng nufuzli musiqiy mukofotlaridan biri — “Grammy"ning ovoz berish bosqichiga qo‘yilgani biz uchun alohida ahamiyatga ega. Bu — boshqird musiqasi va madaniyatini jahon musiqa sanoatining eng yuqori darajasida tanitish imkoniyati”, — deya ta’kidladi musiqachilar.
“Grammy” mukofotiga nomzodlarni saralash jarayoni bir necha bosqichdan iborat. Birinchi ovoz berish bosqichiga kiritilish hali “Grammy” nominanti bo‘lishni anglatmaydi.
Ovoz berishning birinchi bosqichida mukofotga nomzodlar saralanadi. Unda akademiya a’zolari — ijrochilar, qo‘shiq mualliflari, prodyuserlar, ovoz rejissyorlari va musiqa sanoatining boshqa mutaxassislari ovoz berish huquqiga ega. Nomzodlar e’lon qilingach, g‘oliblarni aniqlash uchun yakuniy ovoz berish o‘tkaziladi.
Dastlabki ovoz berish 12−22-oktabr kunlari o‘tkaziladi. Nomzodlar 16-noyabrda e’lon qilinadi. “Grammy"ning 69-taqdirlash marosimi 2027-yil 7-fevralda Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadi.