Sevara Nazarxon Qozog‘istonning II darajali “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi

O‘zbekiston xalq artisti Sevara Nazarxon Qozog‘istonning II darajali “Do‘stlik” ordeniga sazovor bo‘ldi. Mukofot unga ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash va madaniy aloqalarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun topshirildi.
Davlat mukofotlarini topshirish marosimi 29-oktyabr kuni Ostona shahridagi Oqo‘rda qarorgohida bo‘lib o‘tdi. Qozog‘iston vitse-prezidenti Yerlan Karin prezident Qosim-Jomart To‘qayev topshirig‘iga binoan ordenlarni madaniyat va san’at namoyondalariga topshirdi.

Sevara Nazarxon bilan birga dirijyor Komoliddin O‘rinboyev ham II darajali “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi. Mukofotga, shuningdek, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston vakillari — xonandalar Mirbek Atabekov va Parahat Amandurdiyev, restavrator Taalaibek Usubaliyev hamda aktyor Botir Chariyev sazovor bo‘ldi.
Ijodkor mukofot haqidagi xabarni o‘z Telegram-kanalida e’lon qilib, Qozog‘istonga minnatdorlik bildirdi.
Sevara Nazarxonning ta’kidlashicha, u uchun bu mukofot, uning musiqasi — mamlakatlar va madaniyatlar o‘rtasida ko‘prik bo‘layotganining e’tirofi bo‘ldi.