"70 mln so‘mgacha pul mukofoti". O‘zbekistonda "Comedy Arena" yumor loyihasi yo‘lga qo‘yilmoqda

E’lon qilingan sana: · 3 316
"70 mln so‘mgacha pul mukofoti". O‘zbekistonda "Comedy Arena" yumor loyihasi yo‘lga qo‘yilmoqda

2-noyabr kuni O‘zbekistonda yumorning turli yo‘nalishlarida ijod qiladigan iste’dodlarni birlashtirishga qaratilgan yangi — “Comedy Arena” loyihasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. “Xay Mayli Production” tomonidan tashkil etilayotgan loyiha tomoshabinlar va komiklar uchun mo‘ljallangan ko‘ngilochar shou hisoblanadi. Unda Afisha.uz muxbirlari ham qatnashib, reportaj tayyorladi.

Tadbirda loyiha prodyuseri Mirshakar Fayzulloyev, kreativ prodyuser va boshlovchi Islom Karimov, “Askiya, qiziqchilik va stendap san’ati” birlashmasi ijrochi direktori Valijon Shamshiyev hamda hakamlar hay’ati raisi Zokir Ochildiyev ishtirok etdi. Ochildiyev loyihada hakamlar hay’atiga doimiy raislik qiladi, Shamshiyev esa birlashma nomidan qatnashib, ijodkorlarning keyingi faoliyati va media imkoniyatlarini kengaytirishga ko‘maklashadi.

“Comedy Arena” — stendap, askiya, miniatyura, parodiya, musiqa va boshqa yumor janrlarida ijod qiladigan insonlar o‘z mahoratini namoyish etishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilochar loyiha. Unda professional komiklar, QVZ ishtirokchilari, qiziqchilar va endigina sahnaga chiqayotgan ijodkorlar ham qatnashishi mumkin. Hatto qo‘shiq, kulgili rasm yoki so‘zsiz chiqish orqali ham tomoshabinlarni kuldirib, g‘oliblik uchun kurashish imkoniyati bor.

Mirshakar Fayzulloyevning aytishicha, loyiha g‘oyasi “Sahna stendap” paydo bo‘lishidan ancha oldin shakllangan. Uni “Askiya, qiziqchilik va stendap san’ati” birlashmasi bilan hamkorlikda amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘lgach, keng jamoatchilikka taqdim etishga qaror qilingan. Prodyuserning ta’kidlashicha, bugun yumor yo‘nalishida ijod qilish uchun turli maydonlar mavjud, biroq “Comedy Arena"ning o‘ziga xos jihati — faqat bir janr bilan cheklanmasligi va ishtirokchilarga ijodiy rivojlanishida ko‘mak berishidir.

“Bu yerga shunchaki keldingiz, qatnashdingiz va bo‘ldi emas. Agar kastingdan o‘tsangiz, ijodiy jamoa siz bilan birgalikda ishlaydi. Iste’dodingizni ochish uchun besh-yetti yil vaqtingiz ketadigan bo‘lsa, shu muddatni imkon qadar qisqartirishga harakat qilamiz”, — deydi Mirshakar Fayzulloyev.

Loyihada Islom Karimov kreativ prodyuser va boshlovchi sifatida qatnashadi. Fayzulloyevning tushuntirishicha, Karimovning o‘zi ham ijodiy faoliyatini noldan boshlagan, sahnaga chiqish jarayonida turli qiyinchiliklarni boshdan kechirgan. Karimovning vazifalaridan biri — turli janrlarda ijod qiladigan qatnashchilarga sahnada o‘z uslubini topish va tomoshabin bilan ishlashda ko‘maklashish.

Kastinglar muntazam o‘tkaziladi

“Comedy Arena"da ishtirok etish uchun muayyan mavsum yoki sanani kutish shart emas. Kastinglar muntazam tashkil etiladi. Toshkentga kelish imkoniyati bo‘lmagan nomzodlar ham videoyozuv orqali qatnashish uchun ariza berishi mumkin.

Buning uchun nomzodlar Telegram-bot orqali ro‘yxatdan o‘tadi. Poytaxtdagilar belgilangan kastingga kelib, o‘z chiqishini namoyish etadi. Boshqa hududdagilar esa botdagi yo‘riqnoma asosida chiqishini videoga olib, yuboradi. Ijodiy jamoa videoni ko‘rib chiqqach, nomzod bilan bog‘lanadi.

Taqdimotda bir oyda uchta kasting tashkil etilishi va saralangan ishtirokchilar oyda bir marta suratga olish jarayoniga taklif qilinishi aytildi. Har bir son uchun sakkiz nafardan 12 nafargacha qatnashchi tanlab olinishi rejalashtirilgan. Kastingdan o‘tganlarning barchasi bir sonning o‘zida chiqishi shart emas: nomzodlar ko‘p bo‘lsa, ayrimlari keyingi sonlarga qoldirilishi mumkin. Yakuniy ishtirokchilar ro‘yxati suratga olishdan uch-to‘rt kun oldin e’lon qilinadi.

Mirshakar Fayzulloyevning tushuntirishicha, kastingda, avvalo, ishtirokchining shaxsi emas, u tayyorlagan chiqish baholanadi. Agar nomer ijodiy jamoa va prodyuserga ma’qul kelsa, uni takomillashtirish ustida ish boshlanadi. Chiqishning taxminan 60−70 foizi ijodiy jamoani qoniqtirsa, nomzod bilan hamkorlik qilish uchun asos bo‘ladi.

Kastingdan o‘ta olmaganlar keyingi oyda boshqa nomer bilan yana qatnashishi mumkin. Biroq bir marta saralangan ishtirokchi loyihaning doimiy qatnashchisiga aylanmaydi: har bir yangi chiqish uchun qayta kastingdan o‘tish talab etiladi.

“Bir marta o‘tdim, endi doimiy ravishda loyihadaman, degan tushuncha yo‘q. Bizda doimiy rezidentlar bo‘lmaydi. Har safar yangi nomer tayyorlab, yana kastingga kelish kerak”, — deya tushuntirdi prodyuser.

Matbuot anjumanida kasting va asosiy sahnadagi chiqishlar uchun besh-yetti daqiqagacha vaqt ajratilishi aytildi. Biroq bu vaqt sekundomer bilan qat’iy nazorat qilinmaydi.

“Janr bo‘yicha cheklov yo‘q”

Tashkilotchilarning aytishicha, loyihada ishtirok etish uchun janr bo‘yicha cheklov yo‘q. Yakka tartibdagi stendap, jamoaviy chiqish, miniatyura, qo‘shiq, parodiya, mimika, so‘zsiz hazil yoki kulgili rasm orqali ham o‘zini sinab ko‘rish mumkin. Asosiy talab — tomoshabinni kuldira olish.

Islom Karimovning ta’kidlashicha, sahnaga chiqish uchun albatta stendapchi bo‘lish shart emas. Har bir ijodkor o‘ziga mos shaklda chiqish tayyorlashi mumkin: kimdir kulgili rasm chizadi, boshqasi parodiya qiladi, yana birov esa so‘zsiz chiqish orqali hakamlar e’tiborini qozonishi mumkin. Loyihaning maqsadi ham yumorning turli ko‘rinishlarida iste’dodini namoyish etishga tayyor insonlarga imkoniyat yaratishdan iborat.

Ilgari QVZ jamoalari yoki boshqa yumor loyihalarida qatnashganlar ham kastingga kelishi mumkin. Bunday tajriba qo‘shimcha ustunlik bo‘lsa-da, sahnada avval chiqish qilmaganlar ham ishtirok etishi mumkin. Yosh bo‘yicha ham cheklov belgilanmagan.

“Bemalol kelaveringlar, bu yerda hech qanday to‘lov yo‘q. Quruq qo‘l bilan kelsangiz ham bo‘ladi. Muhimi, o‘z fikringiz, qalbingizdagi gaplarni kulgi orqali ifoda eta olishingiz”, — deydi Valijon Shamshiyev.

Matbuot anjumanida Avaz Oxun yoki Mirzabek Xolmedov kabi taniqli so‘z ustalari ham loyihada ishtirok etishi mumkinmi, degan savol berildi.

Mirshakar Fayzulloyevning javob berishicha, bunda hech qanday taqiq yo‘q. Taniqli ijodkorlar ham boshqa nomzodlar kabi kastingdan o‘tib, sahnaga chiqishi mumkin. Ularga g‘oliblik uchun alohida imtiyoz berilmaydi — har bir chiqish o‘zining kulgililigi va sifatiga qarab baholanadi.

Prodyuserning fikricha, taniqli san’atkorlarning ishtiroki yangi ijodkorlar uchun ham foydali bo‘lishi mumkin. Ularning auditoriyasi orqali loyihani ko‘proq tomoshabin tanishi, bu esa boshqa qatnashchilarning ham media imkoniyatlarini kengaytirishi ehtimoli bor.

Loyihada yakka ijodkorlar bilan birga jamoalar ham qatnashishi mumkin. Ro‘yxatdan o‘tish paytida jamoaning asosiy tarkibi ko‘rsatilishi kerak. Nomerning xususiyatidan kelib chiqib, unga qo‘shimcha yordamchi yoki boshqa ishtirokchini jalb qilishga ruxsat beriladi. Masalan, muayyan chiqishda rassom, fokuschi yoki sahnada alohida vazifani bajaradigan boshqa inson kerak bo‘lsa, uni taklif etish mumkin. Biroq jamoaning ro‘yxatdan o‘tgan asosiy tarkibini tubdan o‘zgartirish mumkin emas.

G‘oliblarni hakamlar hay’ati aniqlaydi

Loyihada g‘oliblarni tomoshabinlar ovozi, SMS yoki ijtimoiy tarmoqlardagi izohlar emas, balki hakamlar hay’ati qarori aniqlaydi.

Har bir sonda uch nafar hakam ishtirok etadi. Ularning biri doimiy rais — Zokir Ochildiyev bo‘ladi. Qolgan ikki o‘rindan biri yumor sohasining professional vakiliga, ikkinchisi esa boshqa soha ijodkoriga beriladi. Masalan, hakamlar orasida xonanda, rassom, shoir yoki sportchi bo‘lishi mumkin.

Mirshakar Fayzulloyevning aytishicha, har bir hakam o‘zi ma’qul ko‘rgan bittadan ishtirokchini finalga olib chiqadi. Finalda uch nomzod yana bir marta chiqish qilib, hakamlar g‘olibni tanlaydi.

Prodyuser yumorga baho berishda subyektivlik bo‘lishini ham ta’kidladi. Chunki bir insonni kuldirgan hazil boshqasiga qiziq tuyulmasligi mumkin.

“Yumor juda subyektiv narsa. Siz nimadandir mazza qilib kulishingiz mumkin, menga esa u kulgili tuyulmaydi. Shuning uchun ishtirokchilardan iltimosim — o‘z imkoniyatlarini maksimal darajada ochib berishga harakat qilishsin”, — deydi u.

Mualliflik huquqi va parodiya masalasi

Matbuot anjumanida boshqa qiziqchilarga taqlid qilish va hazillarning mualliflik huquqi bilan bog‘liq masalalar ham ko‘tarildi.

Islom Karimovning aytishicha, ishtirokchilar sahnaga olib chiqadigan asosiy hazillar o‘zlariga tegishli bo‘lishi kerak. Boshqa san’atkorlarning chiqishlarini aynan ko‘chirib, o‘z nomidan taqdim etish ma’qullanmaydi.

Parodiya esa alohida janr sifatida qabul qilinadi. Unda san’atkorning tashqi ko‘rinishi, xatti-harakatlari yoki o‘ziga xos xususiyatlarini ifoda etish mumkin. Biroq bu boshqa ijodkorning tayyor monologini takrorlashga asos bo‘lmaydi. Mirshakar Fayzulloyev ham o‘z hazilini yozib, sahnaga olib chiqqan ishtirokchilarga ustuvorlik berilishini ta’kidladi.

G‘oliblarga 70 million so‘mgacha mukofot beriladi

“Comedy Arena"ning har bir sonida g‘olib deb topilgan ishtirokchi besh million so‘m mukofot oladi. Bundan tashqari, beshta jeton to‘plagan qatnashchi 50 million so‘mlik bosh sovrinni qo‘lga kiritishi mumkin.

Mirshakar Fayzulloyevning tushuntirishicha, jetonlarni to‘plash uchun ketma-ket besh marta g‘olib bo‘lish shart emas. Har bir g‘alaba uchun ishtirokchi besh million so‘m va bittadan jeton oladi. Keyingi chiqishda mag‘lub bo‘lsa ham, avval to‘plagan jetonlari saqlanib qoladi.

“Agar besh marta g‘olib bo‘lsangiz, 50 million so‘m yutuq puli bor. Ya’ni to‘rt marta besh milliondan 20 million so‘m va oxirida 50 million bilan umumiy 70 million so‘mni qo‘lga kiritasiz”, — deydi produser.

Bosh sovrinni kimdir qo‘lga kiritganidan keyin boshqa ishtirokchilarning to‘plagan jetonlari bekor qilinadi va yangi mavsum boshlanadi.

G‘olib bo‘lmagan ishtirokchilar ham e’tibordan chetda qolmaydi

Tashkilotchilarning aytishicha, loyihaning maqsadi faqat g‘oliblarni aniqlash va pul mukofotlarini topshirish emas. Unda o‘z iste’dodini namoyon qilgan ishtirokchilar keyinchalik boshqa sahna loyihalari, konsertlar va namoyishlarga ham taklif qilinishi mumkin. Buning uchun “Comedy Arena"da g‘olib bo‘lish shart emas.

Valijon Shamshiyev kastingda qatnashgan nomzodlar haqidagi ma’lumotlar saqlanishi va ular birlashmaning boshqa loyihalariga ham jalb etilishi mumkinligini bildirdi.

“Bu arena inson o‘z imkoniyatini sinab ko‘radigan, o‘ziga ishonch hosil qiladigan maydon. Balki kimdir bu yerda qatnashgandan keyin boshqa loyihada ham o‘zini ko‘rsatar. Biz uchun muhimi — iste’dodlarni yo‘qotib qo‘ymaslik”, — deydi u.

Zokir Ochildiyev ham yumor san’atiga e’tiborni kuchaytirish, turli hududlardagi iste’dodlarni kashf etish va ularga rivojlanish imkoniyatini berish muhimligini ta’kidladi. Uning fikricha, ishtirokchilar uchun sahnaga chiqish va tajribali san’atkorlar bilan ishlashning o‘zi ham katta imkoniyat.

Senzura bormi?

Tadbirda siyosiy mavzular, jamiyatdagi muammolar va “beldan past” hazillar borasida ham savol berildi.

Mirshakar Fayzulloyevning javob berishicha, muayyan mavzular bo‘yicha qat’iy taqiqlar ro‘yxati belgilanmagan. Biroq ijodkorning mavzuga qanday yondashishi va hazilni qay darajada o‘rinli yetkaza olishi muhim. Uning fikricha, biror mavzuni shunchaki tilga olish yoki turli masalalarni tanqid qilishning o‘zi kulgi yaratmaydi. Ijodkorning bunday mavzulardagi yondashuvi uning sahnadagi imijiga ham ta’sir qiladi.

Valijon Shamshiyev ham jamiyatdagi voqealarni yetarlicha tushunmasdan, faqat mashhur bo‘lish maqsadida siyosiy yoki boshqa jiddiy mavzularga murojaat qilish to‘g‘ri emasligini qayd etdi.

Tashkilotchilar “Comedy Arena” orqali yumorning turli yo‘nalishlarida ijod qiladigan insonlar uchun ochiq maydon yaratish, ularni mualliflar bilan ishlash orqali professional sahnaga olib chiqish va keng auditoriyaga tanitishni maqsad qilgan.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Muzaffar Bobomurodov
Fotosuratchi
Muzaffar Bobomurodov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
"70 mln so‘mgacha pul mukofoti". O‘zbekistonda "Comedy Arena" yumor loyihasi yo‘lga qo‘yilmoqda — Toshkent Afishasi