"Dado" bilan syurpriz bo‘lishi mumkin": "Sahar" guruhi konsertiga qanday tayyorgarlik ko‘ryapti?

E’lon qilingan sana: · 1 052
"Dado" bilan syurpriz bo‘lishi mumkin": "Sahar" guruhi konsertiga qanday tayyorgarlik ko‘ryapti?

“Yomg‘ir”, “Unutganim yo‘q”, “Yolg‘iz” kabi qo‘shiqlari orqali mashhurlikka erishgan “Sahar” guruhi 21-noyabr kuni Humo Arena’da navbatdagi yakkaxon konsertini taqdim etmoqda. “Ayol” deb nomlangan ijodiy kecha oldidan jurnalistlar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda guruh vakili Anvar Jo‘rayev, reper Konsta hamda konsert tashkilotchilari ishtirok etdi. Afisha.uz muxbiri matbuot anjumanida yangragan muhim savol-javoblarni bir joyga jamladi.

Humo Arena’da konsert berishga qaror qilish tavakkalchilikmi? Nega aynan shu maydonni tanladingiz?

— Bu joyni tanlashimga o‘tgan yili “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyidagi konsertimda yuzaga kelgan vaziyat sabab bo‘ldi. O‘shanda tomoshabinlar o‘rindiqlar ustiga chiqib ketishgan, ayrim stullar singan, ba’zilar sahnani yaxshiroq ko‘rish uchun oldinga o‘tishga harakat qilgan. Natijada tartibsizlik yuzaga kelgan.

Humo Arena’da esa hamma uchun qulay sharoit bor: fan-zonada tik turib, musiqaga jo‘r bo‘lish va raqsga tushish mumkin. O‘tirib, xotirjam konsert tomosha qilishni istaganlar uchun ham joylar mavjud.

Umid qilamizki, sifatli musiqani qadrlaydigan tinglovchilarimiz ko‘p. Xudo xohlasa, Humo Arena’da juda go‘zal musiqiy kecha o‘tkazamiz.

Konsert nima uchun aynan “Ayol” deb nomlandi? Odatda ayollarga bag‘ishlangan konsertlar mart oyida o‘tkaziladi.

— Menimcha, konsertni ayollarga bag‘ishlash uchun mart oyini kutish shart emas. Qarasam, qo‘shiqlarimning aksariyati ayollar bilan bog‘liq ekan. Ularning ba’zilarida ayollar bizni tashlab ketgan, ba’zilarida kimdir ayolni tashlab ketgan, yana birida ayollar yuragimizni sindirgan. Xullas, ijodimda ayol mavzusi juda ko‘p. Shuning uchun bu galgi konsertimni ayollarga bag‘ishlashga qaror qildik. Bu ularga bo‘lgan hurmatimiz va e’tiborimizning belgisi, o‘zimizdan kichik bir sovg‘a bo‘ladi. Ayol har qanday oyda go‘zal.

Konsertda qaysi qo‘shiqlar yangraydi? Repertuar qancha taronadan iborat bo‘ladi?

— Dasturdan taxminan 28 ta qo‘shiq o‘rin oladi. Yangi taronalar, duetlar va sirli mehmonlar ham bo‘ladi. Konsta bilan yaqinda yangi duetimiz chiqdi. Konsert kuni uning klipi katta ekranda ilk bor namoyish etiladi. Yana bir nechta hamkorliklarimiz va sirli mehmonlarimiz bor. Ularning kimligini konsertga kelganlar bilib oladi.

Instagram sahifangizga “Dado” guruhi bilan birga tushgan videolaringizni joyladingiz. Konsertda ular bilan ham duet bo‘ladimi?

— “Dado” bilan ko‘p yillik qadrdonmiz. Ular menga yaqin insonlar, shuning uchun deyarli kunora ko‘rishib turamiz. Kelajakda guruh bilan duet qilish rejamizda bor. Konsertda ham biror syurpriz bo‘lishi mumkin. Bundan o‘sha kuni xabardor bo‘lasizlar.

Katta maydonda konsert tashkil qilish ancha xarajat talab qiladi. Bunday konsertlardan moliyaviy foyda olish mumkinmi? Siz uchun bu galgi konsertning asosiy maqsadi nima?

— Albatta, foyda ko‘rishga harakat qilamiz. Biroq biz uchun birinchi o‘rinda o‘z obro‘yimiz va muxlislarimiz bilan uchrashish turadi. Ancha yillik tanaffusdan keyin muxlislar bilan yana bir bor katta sahnada uchrashib, ular bilan mazza qilib vaqt o‘tkazishni istaymiz. Asosiy maqsadimiz shu.

Konsert uchun VIP chiptalar ham sotuvga chiqariladimi? Ularning oddiy chiptalardan farqi nimada?

— Bu konsert uchun eksklyuziv VIP va Super VIP chiptalar tayyorlaganmiz. Super VIP chipta egalari konsertni eng yaxshi joylardan tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, pardozxonamizga kirish, birga suratga tushish va suhbatlashish imkoniyati ham beriladi. Ularga bizdan sovg‘a va merch ham taqdim etiladi. Bu chiptalar yaqin kunlarda sotuvga chiqariladi.

Konsert masalasida kimlardan ilhom olasiz? Xorijiy san’atkorlarning chiqishlarini kuzatib borasizmi?

— Coldplay guruhi va Stingning konsertlari menda katta taassurot qoldirgan. Dunyo bo‘ylab turli konsertlarga borishga harakat qilaman. Yevropada ham ko‘plab chiqishlarni tomosha qilganman. Katta san’atkorlarning konsertlarini kuzatib, ularning darajasida chiqish qilishga intilaman.

Odamlarimiz ham konsertlarga kelib, sifatli ovozni eshitib, mazza qilib hordiq chiqarishini xohlayman. O‘zbekistonda ham konsert madaniyati rivojlanishini istardim. Biz konsertni faqat daromad topish yoki trendda bo‘lish uchun tashkil qilmaymiz. Muxlislarimizga aytadigan gapimiz, ko‘rsatadigan yangi ishlarimiz bo‘lsa, ular bilan qo‘shiqlarimizni bo‘lishish uchun sahnaga chiqamiz.

Konsertda jahon yulduzlari chiqishlaridagi kabi texnik imkoniyatlar va sahna yechimlarini ko‘rish mumkinmi? O‘zbekistonda bunday darajadagi konsertlarni tashkil qilish uchun sharoit yetarlimi?

— Ishonch bilan aytamanki, bizning rayderimiz Stingnikidan hech qayeri kam emas. Ovoz, yoritish, sahna va boshqa texnik jihatlar bo‘yicha barcha imkoniyatlar bor. Humo Arena’da ham, “Xalqlar do‘stligi” saroyida ham jahon standartlariga mos texnik sharoitlarni yaratish mumkin. Menimcha, bu ko‘proq san’atkorning o‘ziga, xarajatlarga va homiylikka bog‘liq. Texnik jihatdan esa bizda imkoniyatlar yetarli.

Botir Sultonov, konsert tashkilotchisi:

— Buning xarajatli tomoni ham bor, buni inkor qilib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, katta konsertni tayyorlash uchun vaqt kerak. Masalan, “Xalqlar do‘stligi” saroyida konsertlar ketma-ket o‘tkaziladi. Bunday sharoitda sahnada katta o‘zgarishlar qilish yoki yangi loyihani amalga oshirish uchun bir kechaning o‘zi yetarli bo‘lmasligi mumkin. Agar besh-o‘n kun vaqt berilsa, ko‘p narsani amalga oshirsa bo‘ladi. Umuman, xohish va imkoniyat bo‘lsa, qilib bo‘lmaydigan ishning o‘zi yo‘q.

Ayrim muxlislar Anvar Jo‘rayevning Qozog‘istondagi ishlari yurishmagani uchun O‘zbekistonga qaytib, Humo Arena’da konsert berayotgani haqida gap tarqatmoqda. Bunday mish-mishlarga munosabatingiz qanday?

— Bu kabi gaplarni tarqatishdan oldin biroz o‘ylash kerak. Ishi yurishmagan odam kelib Humo Arena’da konsert beradimi? Ishi yurishmagan odam Buxoroga borib, qishloqda mol boqadi. Muvaffaqiyatga erishgan odam kelib, Humo Arena’da xotirjam konsert o‘tkazadi, to‘g‘rimi?

Ishlarimiz juda yaxshi. Humo Arena’dagi konsertimiz ham ajoyib o‘tadi. O‘sha mish-mishlarga ishongan tanishlaringizni ham konsertga taklif qilamiz. Kelishsin, Qozog‘istondagi ishlarimizni ham ko‘rsatamiz. Olmaotaga borib ham ko‘rsatishimiz mumkin (kuladi).

Konsta bilan hamkorligingiz qanday boshlangan? Ikkita duetdan keyin ham birgalikda ishlashda davom etdingiz. Ijodiy jarayonda bir-biringizni qanday tushundingiz va qiyinchiliklar bo‘ldimi?

— Bizda bu hamkorlik oldindan rejalashtirilmagan. Ko‘p san’atkorlar bilan biror narsa qilish haqida yillab gaplashiladi, lekin natija bo‘lmaydi. Konsta bilan esa energiyamiz o‘zaro mos keldi, bir-birimizni tushundik.

Men uchun duet shunchaki birgalikda qo‘shiq kuylash emas, buning uchun o‘zaro ijodiy uyg‘unlik ham bo‘lishi kerak. Konsta bilan ikkala safar ham mazza qilib ishladik, klip suratga olish va studiyadagi jarayonlarda bir-birimizga hech qanday noqulaylik tug‘dirmadik.

Konsta:

— Menga Anvar akaning ijodiy uslubi juda yoqadi. Ayniqsa, rok va repning birlashishi, bu ikki yo‘nalishning o‘ziga xos talqini men uchun qiziq. Birinchi duetimizdan keyin yana birgalikda ishlash istagi paydo bo‘ldi.

Avvalgi hamkorligimizda ijtimoiy va muammoli mavzularga murojaat qilganmiz. Bunday mavzular muhim va zarur, lekin ulardan tashqari dramatik asar yaratish ham o‘ziga xos san’at. Yangi qo‘shiqning matnini yozayotganimda uni kino ssenariysi kabi tasavvur qilganman. U shunchaki qo‘shiq emas, asar bo‘lishi kerak edi.

Anvar aka bilan ishlashda injiqlik yoki qiyinchilik degan narsalar xayolimga ham kelmaydi. U kishi ijodga juda to‘g‘ri yondashadigan, ishlash uchun qulay san’atkor.

Masalan, bir kuni Anvar akaning konsertida sahnaga paltoda chiqqanman. Keyingi kuni esa boshqa bir tadbirda kostyumerlar bergan kiyimda bo‘lganman. Ijtimoiy tarmoqlarda kimdir buni taqqoslab, Anvar akaning konsertida ustki kiyimda chiqqanim, boshqa joyda esa boshqacha kiyinganim haqida yozgan. Men ham Anvar aka xafa bo‘lmasmikan, deb biroz xijolat bo‘ldim. Keyin qarasam, u kishi ham maykada yuribdilar. Shunda hammasi joyida ekanini tushundim (kuladi). Biz tashqi ko‘rinish yoki boshqa omillarga emas, ijodning o‘ziga va undan oladigan zavqimizga e’tibor qaratamiz.

“Sahar” guruhi haqida gap ketganda, ko‘pchilikning yodiga birinchi navbatda “Yomg‘ir” qo‘shig‘i keladi. Bu tarona siz uchun shunchaki xitmi yoki ijodingizda alohida o‘ringa egami?

— “Yomg‘ir” hayotimni tubdan o‘zgartirgan qo‘shiq. Ijtimoiy tarmoqlarda ba’zilar “Bu akaning “Yomg‘ir"dan boshqa qo‘shig‘i yo‘qmi, konsertda faqat shu taronani kuylaydimi?” deb yozishadi. Men esa hazillashib, “Bir yarim soat “Yomg‘ir"ni kuylaymiz, kelinglar, mazza qilib eshitasizlar”, deb javob beraman.

Bu qo‘shiq men uchun oddiy xit emas. U hayotimning bir qismiga aylangan. Ba’zilar meni “Sahar aka” deydi, ayrimlar “Yomg‘ir aka” deb chaqiradi. “Yomg‘ir” chiqqaniga allaqachon 27 yil bo‘ldi. Shu vaqt davomida u men bilan birga yashab kelyapti. Shuning uchun bu tarona butun hayotim bilan bog‘liq.

Bugun ko‘plab san’atkorlar yangi taronalarni sun’iy intellekt yordamida ham yaratmoqda. Sizning bunga munosabatingiz qanday?

— Sun'iy intellektga mutlaqo qarshiman. Uni inson miyasi uchun narkotikga o‘xshataman, chunki u miyaning ishlashini sekinlashtiradi. Albatta, sun’iy intellekt ayrim narsalarni osonlashtirishi, savollarga bir zumda yuzlab javob berishi mumkin. Ammo odamlar mustaqil fikrlashdan erinmoqda. Bu holat davom etsa, 10−30 yildan keyin odamlar umuman o‘ylamay qo‘yishi mumkin.

Ayniqsa, musiqada sun’iy intellektdan foydalanishga qarshiman. Chunki musiqada yurak, dard va jonli insoniy hissiyot bo‘lishi kerak. Afsuski, sun’iy intellektda bu narsalar yo‘q.

Chiptalar Afisha.uz'da

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Muzaffar Bobomurodov
Fotosuratchi
Muzaffar Bobomurodov

“Sahar” guruhi

Humo Arena’da “Sahar” guruhining “Ayol” deb nomlangan yakkaxon konserti bo‘lib o‘tadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling