"Salom, Toshkent!" kitobi taqdimot kunlari

Respublika bolalar kutubxonasida rassom Yuliya Drobovaning yangi asari — “Salom, Toshkent!” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Ushbu asarda Toshkent shahri qahramon, do‘st, sahna va sayohat yo‘nalishi sifatida namoyon bo‘ladi.
Kitobning bosh qahramoni Musichajon ariqlar, mahallalar, metro bekatlari, bozorlar va koshinli binolar uzra uchib o‘tarkan, o‘z shahrini yangicha nigoh bilan kashf etadi. Drobovaning asari bolalik xotiralari, iliq ranglar va shahar hayotining mayda, ammo mehrli tafsilotlari bilan boyitilgan.
Asar o‘zbek, rus va ingliz tillarida bo‘lib, Toshkent hayotini nafaqat bolalarga, balki kattalarga ham samimiy tarzda tasvirlab beradi.
Taqdimot doirasida rassom Yuliya Drobova va muharrir Kasya Denisevich ishtirokida suhbat o‘tkazilib, kitobning yaratilish jarayoni — dastlabki eskizlardan tortib, tayyor sahifalargacha — namoyish etiladi. Shuningdek, mehmonlar uchun noshirlik kasbi haqida ma’ruza, kutubxona atrofi bo‘ylab sayr va rasm chizish ustaxonasi ham tashkil etiladi.
Jadval:
17-oktabr
- 18:00 — 19:00 — “Salom, Toshkent!” kitobi taqdimoti;
yosh chegarasi — 6+
muloqot tili: rus tili, o‘zbek tiliga sinxron tarjima bilan
Mehmonlar kitobning yaratilish jarayoni — dastlabki eskizlardan yakuniy sahifalargacha bo‘lgan yo‘lini kuzatadilar. Akvarel tomchilari qanday qilib ko‘cha manzaralariga, qalam chiziqlari esa jonli shahar hikoyalariga aylanishini bilib oladilar. Shuningdek, bolalik xotiralari asarga qanday kirib kelgani, qo‘lda yozilgan yozuvlarning o‘ziga xosligi va rasmlarning qadrdon ko‘chalarga yangicha nigoh bilan boqishga yordam berishi haqida so‘z yuritiladi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar rassom tomonidan imzolangan kitob nusxasini hamda mo‘jaz suratni esdalik sifatida olish imkoniga ega bo‘ladilar.
18-oktabr
- 14:00 — 15:00 — Kutubxona bo‘ylab “Toshkent Yuliya Drobova nigohida” sayri;
yosh chegarasi — 12+
muloqot tili: rus tili
Tadbir davomida hovlilar, ariqlar va eski bino fasadlari o‘zida qanday tarixni saqlashi, ko‘chalar shaxsiy xotiraga qanday aylanib borishi, tanish “panel” uylar va daraxtlarga yangicha nigoh bilan qarash mumkinligi haqida so‘z yuritiladi. Bugungi kunda Yuliya Drobova Berlinda yashaydi, biroq Toshkent uning ijodiy ilhom manbai bo‘lib qolmoqda. Har safar shaharni qayta kashf etish, bolalik xotiralarini jonlantirish — rassom uchun san’at va xotiraning yangi bog‘lanishidir.
Sayohat 10 kishigacha bo‘lgan kichik guruh uchun mo‘ljallangan bo‘lib, samimiy muloqot, ijodiy ilhom va shahar bilan yangicha tanishuv muhitini yaratadi.
Majlislar zali
- 16:00 — 17:00 — “Noshirlik amaliyotlari: g‘oyadan bosmaxonagacha” ma’ruzasi;
yosh chegarasi — 16+
muloqot tili: rus tili
Kitob paydo bo‘lishi nimadan boshlanadi? Qaysi paytda g‘oya shakllanadi, qachon u aniq harakat rejasiga aylanadi? Muallif fikrini qanday qilib kitob ssenariysiga, so‘ng tahririyat yig‘majildi va bosma adadga aylantirish mumkin? Tadbir davomida ana shu savollarga javob topiladi. Kasya Denisevich nashriyot ishining asosiy bosqichlari — yo‘nalish tizimini ishlab chiqish, muallif va rassomlar bilan ishlash, maket tayyorlash, tahrirlash, sahifalash hamda bosmaxona bilan hamkorlik jarayonlari haqida batafsil so‘zlab beradi.
Uchrashuv mualliflar, muharrirlar, illyustratorlar, dizaynerlar, shuningdek, nashriyot sohasi bo‘yicha tahsil olayotgan talabalar va o‘z nashriyot loyihasini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotganlar uchun foydali bo‘ladi.
19-oktabr
Ish markazi zali
- 17:00 — 19:00 — Yuliya Drobova bilan eskiz chizish ustaxonasi.
yosh chegrasi — 16+
Ustaxona davomida ishtirokchilar tezkor qoralama uslubida lahzalarni qayd etish, cheklangan ranglar to‘plami bilan ishlash, hamda ko‘lanka va chiziq o‘yinlari orqali grafik ifodani yaratish sirlarini o‘rganadilar. Belgilangan vaqt ichida ishlash tajribasi diqqatni jamlash, tafakkurni uyg‘otish va kuzatuvchanlikni oshirishga yordam beradi.
Ishtirokchilar o‘zlari yoqtirgan ish qurollarini — markerlar, flomasterlar, nozik texnik ruchkalar, cho‘tkali ruchkalar, suv bo‘yoq yoki tushni olib kelishlari mumkin. Yupqa va qalinroq qog‘oz, bir necha yondaftarcha yoki eskizlar uchun daftar tavsiya etiladi.
Ishtirok etish bepul.
Joylar soni cheklangan. Ushbu havola orqali roʻyxatdan oʻtish talab qilinadi.