Yandex Pro O‘zbekistonda hamkor-haydovchilar uchun Yangi yil archasi bayramini tashkil etdi

Yandex Pro hamkor-haydovchilar va ularning oilalariga g‘amxo‘rlik madaniyatini rivojlantirib bormoqda. 2-yanvar kuni Tashkent City Mall majmuasida joylashgan Cinematica kinoteatrida haydovchilar va ularning farzandlari uchun bayram o‘tkazildi.
Ushbu bayram Yandex Pro ilovasida amalga oshirilgan tashabbus doirasida o‘tkazildi. Unga ko‘ra, hamkor-haydovchilar 24-dekabrgacha ishtirok etish uchun ariza topshirishi va tadbirga taklifnomalarni yutib olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Tanlov natijalariga ko‘ra, bayramda 379 nafar haydovchi va 750 nafar bola ishtirok etdi. Har bir g‘olib oilasi bilan birga bayramni nishonlash imkoniga ega bo‘lishi uchun uchtadan chipta oldi.

Mehmonlar uchun maxsus dastur tayyorlandi: Yandex Pro hamkor-haydovchilari uchun alohida zona, Qorbobo tomonidan bolalarga sovg‘a qilingan shirinliklar va kitoblar jamlanmasi, shuningdek, mashhur yangi yil filmlari — “Cheburashka”, “Buratino” va “Gubka Bob” namoyishi tashkil etildi.
Bayramning o‘ziga xos ramzi sifatida barcha bolalarga o‘zbek yozuvchisi Madina Mo‘minovaning “Mening superqahramonim” nomli kitobi taqdim etildi. Asarda qahramon qiz o‘z otasi — haydovchini haqiqiy superqahramon sifatida tasvirlaydi: u har kuni odamlarga yordam beradi, kutilmagan vaziyatlarga duch keladi va kichik, ammo muhim mo‘jizalarni amalga oshiradi. Illyustratsiyalar va boʻyash uchun sahifalar bilan boyitilgan ushbu kitob oilaviy qadriyatlar hamda haydovchilik kasbining ahamiyatini yoritib beradi.

Yandex Uzbekistan uchun mazkur tashabbus yangi an’ananing boshlanishi hisoblanadi. Kompaniya bunday tadbirlarni kelgusida ham muntazam o‘tkazish, geografiyasini kengaytirish va faqat Toshkent bilan cheklanib qolmasdan, mamlakatning boshqa hududlarini ham qamrab olishni rejalashtirmoqda. Bu esa yanada ko‘proq hamkor-haydovchilar va ularning oilalari xizmatning g‘amxo‘rligi va qo‘llab-quvvatlashini his qilishiga xizmat qiladi.
Reklama huquqlari asosida.