“Toshkent quvonchlari” xalqaro bolalar rasmlari biennalesiga arizalar qabuli boshlandi

2026-yil dekabr oyida Toshkentda “Toshkent quvonchlari” XI xalqaro bolalar rasmlari biennalesi bo‘lib o‘tadi.
Badiiy akademiya tomonidan tashkil etilayotgan tanlovda dunyoning turli mamlakatlaridan 5 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar ishtirok etishi mumkin.
Ishtirokchilar “Bolalik olami”, “Mening Vatanim”, “Men yashaydigan olam”, “Mening orzum” va “Men biladigan O‘zbekiston” mavzularida ijodiy ishlarini taqdim etadi.
Tanlovga 2026-yilda yaratilgan, muallif tomonidan mustaqil bajarilgan va avval namoyish etilmagan ishlar qabul qilinadi. Rasm o‘lchami 30×40 sm dan oshmasligi kerak. Ishtirokchilar istalgan badiiy materiallardan foydalanishi mumkin, biroq kompyuterda chop etilgan rasmlar, linogravyura va batik ishlari qabul qilinmaydi.
Har bir ishtirokchi faqat bitta ijodiy ish bilan qatnashishi mumkin. Ishlar ramka va paspartusiz, belgilangan tartibda qadoqlangan holda pochta orqali yuboriladi.

Arizalar 1-noyabrgacha qabul qilinadi. Ishtirokchilarning ishlari ushbu muddatgacha tashkiliy qo‘mitaga yetib borishi kerak.
G‘oliblar 2026-yil dekabr oyida e’lon qilinadi. Tanlov yakunida:
- 7 ta oltin medal;
- 7 ta kumush medal;
- 7 ta bronza medal;
- 50 ta esdalik medali topshiriladi.
Ishlar “Toshkent quvonchlari” xalqaro bolalar rasmlari biennalesi direksiyasiga yuboriladi.
- Manzil: Toshkent shahri, S. Azimov ko‘chasi, 35-uy.
- Qo‘shimcha ma’lumot uchun: +998 (71) 233−04−27, +998 (71) 232−17−35.
- Elektron pochta: biennale.uzbekistan@gmail.com
Taqdim etilgan ishlar qaytarilmaydi. G‘oliblar natijalar haqida shaxsan xabardor qilinadi.