IKEA manul ko‘rinishidagi yumshoq o‘yinchoq chiqaradi

IKEA manul (pallas mushugi) ko‘rinishidagi yumshoq o‘yinchoqni taqdim etdi. U Himolay tabiatiga bag‘ishlangan Alptall bolalar kolleksiyasidan o‘rin oladi.
O‘yinchoqning uzunligi 31 sm bo‘ladi. Mato va ichki to‘ldirgichi to‘liq qayta ishlangan poliesterdan tayyorlanadi. Norvegiyada sotuvlar 1-oktabrdan boshlanadi va o‘yinchoq 129 krona, ya’ni taxminan 13 dollar turadi. Boshqa mamlakatlardagi narx va sotuv sanalari farq qilishi mumkin.
IKEA ma’lumotiga ko‘ra, o‘yinchoqqa o‘zgacha joziba beradigan jihat — manulning o‘tkir va biroz jahldor nigohi. Dizaynerlar uning yo‘g‘on gavdasi va ayniqsa qalin junini to‘g‘ri aks ettiradigan modelni yaratishdan oldin bir necha variantni sinab ko‘rgan.
Alptall kolleksiyasiga qizil panda, qor barsi, bengal yo‘lbarsi, osiyo qora ayig‘i, yovvoyi yak, ikki o‘rkachli tuya va uzunquloq qo‘shoyoq ko‘rinishidagi yumshoq o‘yinchoqlar ham kiradi.

