«Bitta qismi 400 ming dollar»: «Mendirman Jaloliddin» serialining yangi mavsumi premyerasidan reportaj (foto, video)

E’lon qilingan sana· 54 306
«Bitta qismi 400 ming dollar»: «Mendirman Jaloliddin» serialining yangi mavsumi premyerasidan reportaj (foto, video)

14-yanvar kuni turli shov-shuv va qizgin muhokamalarga sabab bo‘lgan «Mendirman Jaloliddin» tarixiy serialining ikkinchi mavsumi premyerasi o‘tkazildi. Afisha.uz muxbirlari o‘zbek va turk kinoijodkorlari hamkorligida suratga olingan serial taqdimot marosimidan reportaj tayyorladi.

«Biz katta tajriba orttirdik»

Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov serialning yaratilish tarixi haqida to’xtalib o’tdi.

«Bugun butun dunyoda o‘q otar va boshqa qurollar kerak bo‘lsa, ikkinchi darajaga o‘tdi. Sizlar ham yaxshi bilasizlar, bugun axborot urushi davrida yashayapmiz. Hozirgi globallashuv zamonida oddiy raqamlashtirishni o‘zi qadriyatlarimizni unutishga majbur qilib qo‘yadi. Mana shunday paytda xalqimizda, yoshlarimizda milliy g‘urur immunitetini shakllantirish lozim. Buning uchun faqat va faqat tariximizga murojaat qilish orqaligina millat o‘zini saqlab qolishi mumkin. Ya’ni o‘zligimizni yo‘qotmaslik uchun faqat tariximizni chuqur o‘rganishimiz kerak, shundagina o‘zimizda tura olamiz», — dedi u.

«Ochiq aytish kerak, „Mendirman Jaloliddin“ qo‘shig‘ini ijro qilmagunimcha, shaxsan o‘zim ham Jaloliddin haqida bilmasdim. Film loyihasiga kirishganimizdan keyin afsonaviy qahramon ajdodlarimiz borligidan juda ham faxrlandim. Oddiy bir qo‘shiqdan ko‘p qismli filmgacha yetib borishimizga (har qanaqa kamchiliklarni chetga surib) katta yutuq, deb qarash kerak», — deya ta’kidladi madaniyat va turizm vaziri.

Uning qo‘shimcha qilishicha, o‘zbek kinoijodkorlari «Mendirman Jaloliddin» filmidan katta tajriba orttirgan.

«25 nafardan ortiq aktyorlarimiz, rassomlarimizning hamkorlik qilishi bizga boshqa kengliklarni ochib berdi. Tarixiy film olamiz desak, 25 nafar aktyorimiz qilich urishtirishga ham, otda yurishga ham tayyor. Buni kichkinagina bir yutug‘imiz, deb o‘ylayman», — dedi u.

Ozodbek Nazarbekov film xarajatlari haqidagi savolga javob qaytararkan, bitta qism uchun 400 ming dollar atrofida mablag‘ ketganini ta’kidladi.

«Tarixiy filmlar juda qimmat hisoblanadi. Sababi tarixiy bo‘lishi uchun har bir detal: tugmadan tortib imoratgacha yasalishi kerak. Zamonaviy film bo‘lsa, hozirgi real holatlarda olish mumkin. Lekin tarixiy kinoda hammasi tarixiy bo‘lishi lozim. Mazkur filmda bitta bo‘lim (qism) uchun 300 ming — 400 ming dollar atrofida xarajat bo‘ldi», — dedi madaniyat va turizm vaziri.

«Ikkinchi mavsumda ham jarohatlar bo‘ldi»

Serialda Qutlibeka rolini ijro etgan aktrisa Yulduz Rajabovaning so‘zlariga ko‘ra, u suratga olish jarayonlarida bir necha marta jarohat olgan.

«Biz serialda jang sahnalari bo‘lishini bilar edik, bunga ham tayyorgarlik ko‘rdik. Albatta, bu ham jarohatlarsiz bo‘lmadi. Hammasining uddasidan chiqdik, deb o‘ylayman. Ikkinchi mavsumda ham juda ko‘p jang sahnalari bor. „Mendirman Jaloliddin“ seriali shaxsan menga katta tajriba berdi. Serial uchun turk tilini, jangga tushishni, ot ustida yurishni o‘rgandik. Bu serialda nima qilingan bo‘lsa, biz hammasidan tajriba oldik. Emre ham bugungi taqdimot marosimiga kelishni juda istadi, biroq yangi loyihada suratga tushayotgani sababli kelolmadi. U buning uchun muxlislaridan uzr so‘rashimni aytdi», — dedi Yulduz Rajabova.

Serialda Chingizxon obrazini yaratgan aktyor Javohir Zokirovning ta’kidlashicha, ikkinchi mavsum juda ham qiziqarli, turli voqealarga boy kechgan, dramaturgiya jihatdan ham o‘sish bor.

«Kinoda hamma narsa mujassam va bu bizning shou-biznes, kinemotografiyadagi bardam qadam, deb o‘ylayman. Men juda ham maza qilib, obrazimni mashaqqatli ekanini bilib ijro etdim, qahramonim Jaloliddindek odamdan hayiqadi va oxirida unga raqib bo‘lganidan hayratda qoladi. Ikkinchi mavsum ham tomoshabinlarga manzur keladi, degan umiddamiz», — dedi Javohir Zokirov.

Videoreportajni YouTube sahifasi orqali tomosha qiling:

Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ