Raʼno Shodiyeva ShHT kinofestivalida g'olib bo'ldi

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Raʼno Shodiyeva Hindistonning Mumbay shahrida boʻlib oʻtgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT)ga aʼzo davlatlarning badiiy va televizion filmlari festivali (NFDC) ning “Eng yaxshi ayol obrazi” nominatsiyasi gʻolibligini qoʻlga kiritdi, deb xabar bermoqda Kinematografiya agentligi matbuot xizmati.
Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi, Central Asian Trade Company (CATC) hamda Dilshoh media kinostudiyalari hamkorligida suratga olingan “Ayol qismati” badiiy filmi hayotda sodir boʻlgan real voqeliklarga asoslangan.
Kinokartina 2019−2020 yillarda amalga oshirilgan insonparvarlikning eng oliy namunasi boʻlmish “Mehr” operatsiyasi doirasida Suriyadan olib chiqilgan yuzlab ayollardan biri- Sojidaning ayanchli taqdirini juda taʼsirli tarzda ekranda gavdalantirgan.
“Bu kichkina mehnat deya olmayman, katta mehnat qildik. Lekin bu mehnatning mana bunday yoqimli daqiqalari boʻladi, men bundan juda ham xursandman. Tanlovga qoʻyilgan barcha filmlar juda yuksak darajadagi kartinalar edi, unda rol ijro etgan aktyorlar ham juda isteʼdoli, mahoratli, lekin ularning orasidan meni tanlashganidan boshim osmonga yetdi. Bu nafaqat mening, balki butun guruhimizning yutugʻi. Ushbu festivaldagi 8 ta sovrindan biri bizga nasib etdi, demak bu butun oʻzbek kinosining ham yutugʻi. Bunday eʼtiroflar ijodkor uchun kerak. Yana va yana yaxshi ijod qilish uchun qandaydir bir ilhom beradi sanʼatkorga”, — deya ta’kidladi Ra’no Shodiyeva.