Osmondagi bolalar yerdagi otalarga aylandi – film sharhi

E’lon qilingan sana· 5 358
Osmondagi bolalar yerdagi otalarga aylandi – film sharhi

O‘zbekiston san’at arbobi, mashhur kinorejissyor Zulfiqor Musoqovning 2002-yilda katta ekranlarga chiqqan “Osmondagi bolalar” filmi o‘z vaqtida shov-shuvlarga sabab bo‘lgan. Komediyali drama janridagi mazkur kartinada to‘rt o‘smir do‘stlar: Hamdam, Xurshid, Javohir va Baxtiyorning taqdiri, orzu-umidlari va qiyinchiliklari haqida hikoya qilinadi.

Mana qariyb 20 yil o‘tib O‘zbekiston ekranlarida “Osmondagi bolalar 3” filmining katta taqdimoti bo‘lib o’tdi. Filmning ishchi nomi “Yerdagi otalar” deb ham nomlanadi va bu bejizga emas. Chunki bu qism o’sha to’rt o’smirning ota rolida o’zini qanday tutishi, ichki kechinmalari, dardlari va quvonchini aks ettirgan.

E’tiborli jihati ham aynan shunda, film avvalgi qismlaridek o’smirlarning sho’xligi yoki qandaydir bolalarcha quvonchining o’rniga, ma’yus va horg’inlikni mujassam etgan.

Qahramonlarga kelsak, Xurshidni (Davron G’ulomov) avvalgi qismlarida aynan tibbiyot sohasida o’z faoliyatini boshlamoqchi ekanligini ko’ramiz. Filmning uchinchi qismida u o’z rafiqasi Oypopuk (Dilnoza Kubayeva) bilan kasalxonada birga ishlab, ko’pchilik tanigan va bilgan jarroh sifatida gavdalanadi. Biroq ularning eng katta muammosi bo’ladi… Keling, buni filmni tomosha qilganingizda bilib olasiz.

Javohir (Aziz Sultonov) mohir sport murabbiyi bo’lib, rafiqasi Nargiza (Malika Alimova) bilan 3 egizak farzandlarini ham sport sohasida tarbiyalaydi.

Baxtiyor (Timur Musoqov) otasining izidan borib, biznes sohasida o’zini sinab ko’radi va o’z restoranini boshqaradi. U Lola (Kristina Toirova) bilan turmush qurib, 2 farzandning otasi bo’ladi. Qiz farzandi — Lolaning birinchi turmushidan ekanligi yodingizda bo’lsa kerak. Baxtiyor qizchani o’z zurriyodidek voyaga yetkazadi. Shu o’rinda, aynan Baxtiyorning erka va quvnoq o’smirdan — jiddiy, o’z mustaqil fikriga ega oilaparvar erkak sifatidagi obraziga alohida e’tibor qaratish mumkin.

Hamdam esa mohir ssenarist bo’ladi. U kino sohasiga bo’lgan qiziqishi va muhabbatidan ilhomlanib, ushbu sohaga o’zini baxshida etadi. Uning ssenariylari asosida filmlar suratga olinadi. Ha, aytganday, “Osmondagi bolalar 3” filmida Hamdam rolini boshqa aktyor (Avaz Iskandarov) gavdalantirgan. Avvalgi qismlarida Muzzafar Sa’dullayev ushbu rolni ijro etgan. Yangi talqinda Hamdam mutlaqo boshqa Hamdam. Ha, u avvalgi qismlardagidek chuqur o’y-xayollar bilan yuradigan, o’zining qandaydir noodatiy dunyosiga ega bo’lgan ijodkor emas. Buni bir so’z bilan tushuntirish qiyin, ko’rish kerak.

Qahramonlardan tashqari filmning boshqa jihatlariga e’tibor qaratsak, unda epizodik rollar va kadrlar ko’p ekanligiga guvoh bo’lamiz. Ba’zida ular orasidagi bog’liqlikni topish ham mushkul bo’ldi.

Shuningdek, bir necha marotaba O’zbekkino agentligi faoliyati hazilomuz tarzda tanqid qilinganini ko’ramiz. Bizning avvalgi reportajimizda kartina “Film ichidagi film” deb nima uchun nomlanganini anglab olish mumkin. Aktrisa Fotima Rejametovaning roli buning isboti.

Umuman olganda, film aynan “Osmondagi bolalar"ning yerdagi tashvishlari va oilaviy muammolari ularni “ulg'aytirganini”, yosh o’smirlar — hayot qiyinchiliklarini ko’rgan otalarga aylanganini tasvirlaydi.

Biroq, ba’zi paytlarda bu hatto oldingi qismlarning davomi emas, aksincha yangi alohida filmdek tuyuldi. 20 yillik tanaffus sabab balki shunday bo’lgan bo’lishi ham mumkin. Kadrlar, dublyaj, yangi qahramonlar… Bularning barchasi “bolalar endi osmonda emas"ligiga urg’u qilgandek bo’ldi.

Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ