Matyoqub Matchonov bosh rol ijro etgan "Epidemiya" filmi suratga olinmoqda

Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “Yagona Cinema” studiyasi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi hamkorligida drama janridagi “Epidemiya” filmini tasvirga olish ishlari boshlandi. Film Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida suratga olinmoqda.
Mazkur film syujetlarida insonning qadr-qimmati, uning oʻz burchiga sadoqati va masʼuliyati xususida hikoya qilinadi. Ma’lumotlarga ko’ra, film real voqeylikka asoslangan boʻlib, keng tarqalgan koronavirus kasalligining insonlar hayotiga salbiy taʼsiri, insoniyat boshidan kechirgan pandemiya davrida fidoiylik koʻrsatgan shifokorlarning qiyin va tahlikali paytda koʻrsatgan qahramonliklari bilan bogʻliq dolzarb gʻoyalar orqali talqin qilinadi.
“Epidemiya” filmi davomida syujetlar shifokorlarning katta yoʻqotishlari, oʻz kasbi va burchini hamma narsadan ustun qoʻyishi singari tasviriy ifodalar orqali ochib beriladi.
Maʼlumot uchun, film gʻoya muallifi Abror Nabiyev (BDKI talabasi), postanovkachi rejissyori Abu Tolib Adamqulov, postanovkachi operator Dilmurod Turdiboyev, postanovkachi rassom Xusayinboy Eshniyozov, badiiy rahbar Akrom Shaxnazarov hamda gʻoya muallifi Abror Nabiyev.
Kinofilmda rollarni aktyorlar Matyoqub Matchonov, Saidkomil Umarov, Sardor Toʻrayev, Feruza Yusupova, Adiz Rajabov, Tamara Mirmaqsudova hamda Abror Yoʻldoshevlar ijro etishgan.