Tojikiston bilan hamkorlikda "Jomiy va Navoiy" filmi suratga olinadi
12-iyun kuni Tojikiston Respublikasida oʼzbekistonlik va tojikistonlik kinoijodkorlar ishtirokida “Jomiy va Navoiy” badiiy filmini suratga olish boʼyicha navbatdagi uchrashuv oʼtkazildi, deb xabar bermoqda Kinematogrfiya agentligi matbuot xizmati.
Ushbu filmda Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiyning hayoti hamda ijodi, ikki buyuk shoirning falsafiy qarashlari, xalqchilligi, doʻstona munosabati haqida hikoya qilinadi. Kinokartina syujeti “Ikkinchi Renessans” davrini qamrab oladi. Ma’lumotlarga ko’ra, suratga olish ishlari ikki shoir hayotida muhim oʻrin tutgan lokatsiyalarda olib boriladi.
Uchrashuvda Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Аbduxoliqov, ‘Tojikfilm" kinostudiyasi davlat muassasasi direktori Mahmadsaid Shohiyon, “Oʼzbekfilm” kinokonserni direktori Bahodir Odilov, Tojikiston kinoijodkorlar uyushmasi raisi Safar Haqdodov, kinorejissyorlar Dilmurod Masaidov, Fayzullo Fayzov ssenariyni yanada boyitish, tayyorgarlik ishlarini boshlash, aktyorlar kastingini oʼtkazish, suratga olish lokatsiyalarini belgilash yuzasidan fikr almashishdi.