Toshkentda joylashgan ochiq osmon ostidagi kinoteatrlar: kechqurun dam olish uchun qaysi birini tanlagan yaxshiroq?
Afisha muharrirlari ochiq osmon ostida filmlar namoyish etadigan yettita kinoteatrga tashrif buyurishdi va o'z taassurotlari hamda fotosuratlar bilan o'rtoqlashishdi, ular bilan tanishib o'zingiz uchun eng mosini tanlashingiz mumkin.
Yozning uchdan ikki qismi ham o’tdi. Toshkentda “ochiq osmon ostidagi kinoteatrlar” hodisasi tobora ommalashib bormoqda, ayniqsa, buni o‘tgan yil bilan solishtirsangiz sezasiz. Biz shaxsiy tajriba va taassurotlarimiz bilan o‘rtoqlashish uchun to‘qqizta kinoteatrdan yettitasini aylanib chiqdik.
Va men bu maqolada qaysi kinoteatr yaxshiroq yoki yomonroq ekanligini aytmoqchi emasman. Har birining o’ziga xos ijobiy va salbiy tomonlari bor, men ularni sanab o’tishga harakat qilaman … va hatto ba’zi muammolarga yechim taklif qilaman.
Maqolada bir gapni necha bor takrorlamaslik maqsadida, biz borgan barcha kinoteatrlarning umumiy xususiyatlarini keltirib o’taman: bir borganlarining barchasiga o’zingiz olib kelgan yeguliklar bilan kirish mumkin va kino ko’rish uchun telefon yoki Instagram orqali oldindan joy band qilish kerak.
Ochiq osmon ostidagi kinoteatrlarning asosiy va umumiy afzalligi bu — romantika. Bunday kinoteatrlar o’z ishini kechasi, shahardagi iliq havoli oqshom paytida va yulduzlar osmonni qoplagan vaqtda boshlashadi. Va bunday romantik muhit, albatta, klassik kinoteatrlarda topilmaydi.
Hamma kinoteatrlarning asosiy muammosi esa film tomosha qilayotgan boshqa tomoshabinlarni hurmat qilmaydigan, bir-biri bilan yoki telefonda filmdan balandroq ovozda gaplashadigan, bolalarini tinchlantirishni istamaydigan tomoshabinlarning o‘zlaridir. Oddiygina iltimosnoma: boshqalarning bo’sh vaqtlarini hurmat qiling. Va agar siz o’zingiz bunday insonlarga duch kelgan bo’lsangiz, bu haqda ularga aytishdan tortinmang. Ko’p hollarda sizning iltimosingizni inobatga olishadi.
Hasharotlar yo’q joy bormi? Bu joylar ham bundan mustasno emas, ular deyarli hamma yerda bo’ladi, shuning uchun ular bilan yaqin aloqa qilish siz uchun yoqimsiz bo’lsa, men ochiq kinoteatrlarga borishdan oldin tanangizga biror narsa surib olishni maslahat beraman. Va biz boshlaymiz.
Air Cinema
Kinoteatr Ekoparkdagi “Sevgi oroli"da joylashgan. Ro’yxatga olinganlarni tekshirish punkti sizni ko’prikda kutib turadi. Shuningdek, sizni jozibali qilib bezatilgan hudud dizayni qarshilaydi, u yerda seans oldidan do’stlaringiz yoki juftingiz bilan suratga tushishingiz mumkin. Barcha alkogolsiz ichimliklar va yeguliklarni o’zingiz bilan olib boring, chunki kinoteatrda ichki bar mavjud emas.
Karnaylarning ovozi yaxshi, ekran o’lchami kinoteatr joylashgan unchalik katta bo’lmagan maydoni uchun qulay. Biroq, yetti kunning oltitasida birinchi seans 19:30 da boshlanadi va kamida yarim soat davomida quyosh ta’sirida siz xira tasvirlarni ko’rasiz. Ha, kinoteatrda katta soyabon bor, lekin u sizni quyosh botishidan qutqarmaydi. Shuni hisobga oling.
Har ikki yostiq uchun bonus tariqasida yeguliklar uchun kichik stollar ham taqdim etiladi. Suv issiqdan qutqaruvchi katta najotdir, shuning uchun siz bu yerda issiqdan qiynalmaysiz, chunki kinoteatr orolda joylashgan. Biroq, tashqi shovqinlar tomoshaga xalaqit berishi mumkin — kinoteatrdan unchalik uzoq bo’lmagan joyda qandaydir “bazm” bo’layotgan edi va musiqa juda baland ovozda yangrardi.
Boshqa kinoteatrlarda topa olmaydigan bir narsani ta’kidlamoqchiman… kinoteatr raqobatchilarida buni sezmaganman. Gap hasharotlarga qarshi elektr tuzoqlar haqida ketmoqda. Albatta, hasharotlarning yuzingizga qo’nishida qandaydir romantika bor, lekin ular kino tomosha qilishdan zavqlanishingizga xalaqit bersa, elektr tuzoqlarning o’rnini hech narsa bosa olmaydi.
Manzil: Toshkent, Maxtumquli ko’chasi, 80/1A (Ekopark).
Chipta narxi: 60 000 so’m.
Telefon: (+998) 95−881−1855.
Sky Cinema
Kinoteatr “Navro‘z” bog‘ida avtoturargoh va asosiy kirish eshigi yaqinida joylashgan. Men darhol shuni aytamanki, bu eng salqin, ammo eng noqulay kinoteatr. Va endi taassurotlarga o’taman. Gap shundaki, siz u yerda mini-ko'rpachlarda o’tirasiz yoki yotasiz, ular esa o’z navbatida yer ustiga yoyilgan. Tomoshabinlarda katta yostiqlar (bean-bag) bo’lmaydi.
Kinoteatr hududi shunchalik salqin ediki, men o’zim bilan olib kelgan iliq haroratli suv salqinlashib qoldi. Bu yerning haqiqiy kuchi. Va bu juda ajoyib, ayniqsa hozirgi jaziramada. Va agar siz to’satdan sovqotib qolsangiz, ular sizga yopinchiq berishadi, tashvishlanmang.
Sizga bonus tariqasida kichik yostiqchalar beriladi, lekin ular meni seansdan keyingi bel og’rig’idan qutqarmadi. Men qulay o’rnashib olish uchun qanday yotishni ham, o’tirishni ham bilmadim.
“Yerda o’tirish” g’oyasida o’ziga xos jozibasi bor, ayniqsa salqin bo’lganda, lekin ekran oldida qulayroq narsada o’tirish ancha yaxshiroq. Ovoz va tasvir yaxshi darajada. Va kinoteatrda bar yo’q, shuning uchun biz oldindan ovqat va ichimliklar sotib oldik. Va sezilarli ijobiy tomonlardan men jimjitlik va bog’dagi “Charxpalak"ning ajoyib ko’rinishini ham ta’kidlagan bo’lar edim.
Manzil: Toshkent, Labzak ko’chasi, 12/1 (“Navro'z” bog’i).
Tomosha qilish narxi: kattalar uchun — 40 000 so’m, 10 yoshgacha — 30 000 so’m.
Telefon: (+998) 99−301−4647.
Sakura Cinema
Kinoteatr Yapon bog’ining ichida, bag’rida joylashgan. Va uning eng asosiy afzalligi ham bog’ning o’zidir. Bu joy juda chiroyli va eng tinch joylardan biri. Lekin, rostini aytsam, boshqa kinoteatrlarga qaraganda u yerda hasharotlar ancha ko’p edi. Yoki men shunchaki omadliman.
Ovoz yetarlicha kuchli, ayniqsa kinoteatrning hududi kichikligini hisobga olsak. Lekin ekranda nimadir noto’g’ri edi. Agar mening ko’zim meni aldamayotgan bo’lsa, ekranning o’zi raqobatchilarnikidan ko’ra kengroqdir, lekin proyektor tasvirni butun ekran kattaligida ko’rsatish uchun sozlanmagan.
Yostiqlar (bean-bag) qattiq va kichik edi. Agar siz baland bo’yli bo’lsangiz, bo’yningizni yostiq-o'rindiqlarga qo’yaman deb umid qilmang. Ya’ni, siz yostiqni o’tirish uchun juda kam joy qoldirgan holda, juda past stul sifatida qabul qilishingiz kerak bo’ladi.
Kinoteatrning hududi juda kichik bo’lgani uchun men oyoqlarimni qattiq qisib o’tirishga majbur bo’ldim. Men ularni cho’zib o’tira olmadim, chunki barcha tashrif buyuruvchilar bir-biriga yaqin o’tirishlari kerak edi. Uzoq muddat davomida bu o’tirish holati unchalik ham yaxshi ko’rinmaydi. Men Sky Cinema`dagi kabi kichkina ko’rpachalarni ham payqadim, nazariy jihatdan siz ham ularga o’tirishingiz mumkin, ammo bu imkoniyatdan foydalanish uchun siz birinchi qatorda bo’lishingiz lozim.
Sakura Cinema`ning eng e’tiborli va o’ziga xos xususiyatlaridan biri bu “qulayliklardan” tezda foydalanish imkoniyatidir, chunki sizga kerak bo’lgan xonacha kinoteatrga juda yaqin joylashgan. Arzimas narsa, ammo zaruriyat tug’ilganda bu juda katta afzallik. Kinoteatrda ichimliklar va yeguliklar sotiladigan bar ham yo’q, ammo popkorn sotib olish mumkin.
Manzil: Toshkent, Amir Temur shoh ko’chasi, 107 (Yapon bog‘i).
Tomosha qilish narxi: 60 000 so’m (narx ichiga bog’da sayr ham kiradi).
Telefon: (+998) 88−322−3740.
Ikat Cinema
Kinoteatr Tashkent City hududida, deyarli Hilton mehmonxonasi ro‘parasida joylashgan bo‘lib, bu bizning tanlovimizning eng “murakkab” vakilidir. Bir tomondan, ushbu kinoteatrda o’tirib, Instagram storislaringiz uchun Hiltonning go’zal manzaralarini suratga olishingiz mumkin. Va siz barcha raqobatchilar orasida eng yaxshi yostiqlarga (bean-bag) ega bo’lasiz — yetarlicha katta, siz shunchaki ichiga kirib ketgan holda, o’rningizdan turishni xohlamaysiz. Va bu juda muhim afzallikdir. Endi esa “lekin"larga o’tamiz.
Ozgina ma’lumot berib o’taman. Kinoteatrning o’rtasida ustunli go’zal inshoot mavjud. Men arxitektura borasida unchalik ham bilimga ega emasman, shuning uchun men uni “ulkan kolonnada” deb nomladim. Ushbu ustunning markazida turli yo’nalishlarga buriladigan va ovoz chiqaradigan proyektor hamda dinamiklar mavjud. Shunga ko’ra, ekranning o’zi ustunning oldiga o’rnatilgan.
Birinchidan, kolonnada tomoshabinlar o’z foydalari uchun asqotishi mumkin bo’lgan juda ko’p joyni egallaydi. Ushbu kolonnaning yon tomonlarida o’tirishga majbur bo’lasiz. Ammo, agar siz kar bo’lishni xohlamasangiz, ustunning yon tomonlaridagi ba’zi joylarda o’tira olmaysiz, chunki aks holda, karnay qulog’ingizga “baqiradi”. Shuning uchun siz ustundan va shunga mos ravishda ekrandan uzoqroq o’tirishingizga to’g’ri keladi.
Yana bitta muammo: ekran va yer o’rtasida umuman masofa yo’q. Ekran yerdan boshlanib ketgan, shuning uchun agar siz oldingi qatorda o’tirmasangiz, ekranning yarmini ustunlar yonida o’tirgan ikki qatordagilarning boshlari va tanalari egallaydi.
Maslahat: agar siz birinchi bo’lib kelsangiz, darhol oldingi qatorlarga o’tirib oling, lekin bu agar siz atmosferadan emas, balki filmdan zavqlanish uchun kelgan bo’lsangiz. Manzara siz qayerda o’tirishingizdan qat’iy nazar sizni xursand qiladi. Yoki proyektor oldida to’g’ridan-to'g'ri ustunlar hududida o’tirishingiz mumkin va mening fikrimga ko’ra, siz ustunlar bilan qoplanmagan ekranning katta qismini ko’rasiz.
Yana bir holat: Tashkent City`da ziyofat yoki shunga o’xshash biror narsa rejalashtirilgan bo’lsa, siz buni albatta eshitasiz. Yaxshiyamki, birorta ham hasharot ko’rinmadi. Ovoz va tasvir sifati yaxshi. Va oldindan ichimliklar bilan shirinliklar sotib oling — kinoteatr hududida bar yo’q.
Kinoteatrga iltimosnoma: agar siz ekranni balandroq ko’tarib, uning yon tomonlariga dinamiklarni qo’ysangiz, bu bir vaqtning o’zida bir nechta muammolarni hal qiladi. Agar Ikat Cinema’da bunday hashamatli yostiqlar, ya’ni “bean-bag"lar (ular haqiqatan ham eng yaxshisi) va atrofdagi go’zallik bo’lmaganida, men bunday maslahat bermagan bo’lardim.
Manzil: Toshkent, Bunyodkor shoh ko’chasi (Toshkent City).
Tomosha qilish narxi: kattalar — 70 000 so’m, 10 yoshgacha — 35 000 so’m.
Ro’yxatdan o’tish talab etiladi.
Ugl Cinema
Ugl Cinema`ning ikkita filiali bor — biri Yunusobodda, teleminora yaqinida, ikkinchisi “Do‘stlik” bog‘i hududida joylashgan. Biz ikkinchisini tanladik.
Siz ko’radigan birinchi narsa — bu yerda joylar juda ko’p. Ikkinchisi — “bean-bag"lardan voz kechishdir. Buning o’rniga siz bu yerda butun bir divanlarni topasiz. Afsuski, hamkasbim va men divanlarning qulayligini sinovdan o’tkaza olmadik, shuning uchun biz ichiga havo to’ldirilgan kreslolarga joylashdik, bu hayratlanarli darajada qulay bo’lib chiqdi.
To’g’ri, ularning ba’zilari sezilarli darajada iflos va kelib chiqishi noma’lum bo’lgan juda sezilarli dog’larga ega edi. Shuning uchun o’tirgan joyingizga ehtiyot bo’ling. Va men o’tirgan kreslo teshik bo’lib chiqdi va seans oxirigacha yergacha yetib borgandek bo’ldim.
Bu yerda ichimliklar va popkornlarning yaxshi assortimentiga ega bar mavjud. Rostini aytsam, bunday imkoniyatni taqdim etgan barcha kinoteatrlarda popkorn yedik, Ugl Cinema`dagisi esa eng mazalisi bo’lib chiqdi. Men hatto yana yegim keldi. Atrof tinch, ovoz va tasvir yaxshi, lekin bunday katta maydon uchun kattaroq ekran bu yer uchun faqat afzallikka aylangan bo’lar edi.
Manzil: Toshkent, Bobur ko’chasi, 33 (“Doʻstlik” bogʻi).
Tomosha qilish narxi: 50 000 so’m.
Telefon: (+998) 90−134−4646.
Movie Park
Movie Park “Navro‘z” bog‘ida, Anhor qirg‘og‘i ustida cho‘zilgan va Olimpiya shon-shuhrati muzeyiga olib boruvchi ko‘prik yonida joylashgan. Kinoteatr yetarlicha katta hududga ega, shuning uchun u o’z menyusiga ega bar va butun oshxonani o’z ichiga sig’dira oladi. Kinoteatr o‘tgan yilgiga nisbatanancha yaxshilangan.
O’rindiqlar orasida bir nechta variantlar mavjud: “bean-bag"lar, gamaklar va stolli oddiy stullar. Ikkinchisini sinovdan o’tkaza olmadik. Biroq, tanlov bor ekan, bu ajoyib. Har ikki yostiq uchun bonus tariqasida yeguliklar uchun kichik stollar beriladi.
Umuman olganda, yaxshi va eng muhimi, oqilona ovoz va tasvir sifati bilan uyg’unlashgan sokin kinoteatr. Menyu kichik, ammo juda xilma-xil.
Manzil: Toshkent, Labzak ko’chasi, 12/1 (“Navro'z” bog’i).
Tomosha qilish narxi: 50 000 so’m.
Telefon: (+998) 90−908−4576, (+998) 95−767−1007.
Movieland Cinema
Sakura Cinema yonida, biroz nariroqdagi Toshkentlend hududida joylashgan. Juda sokin joy, ammo hamkasbimiz bilan juda omadli bo’lganmiz uchun Yapon bog’i hududida qandaydir bazm bo’layotgan edi, undagi tovush juda baland eshitilayotgan edi.
“Bean-bag"lar xuddi Sakura Cinema`dagi kabi — baland bo’yli odamlar ehtiyot bo’lishlari kerak. Biroq, kinoteatr o’zining minibariga ega, shuning uchun standart ichimliklar va gazaklar to’plami borasida tashvishlanmang.
Ovoz yaxshi, lekin proyektorda nimadir noto‘g‘ri… yoki bu biz ko‘rgan filmning sifati bilan bog’liq. Uning hajmi bir gigabaytdan kamroqga o’xshaydi. Men nimani nazarda tutayotganimni tushundingiz deb o’ylayman.
Va kinoteatrda ajoyib afzallik bor, u joylashgan hududda ko’l mavjud. Avvaliga u ko’ldan hid kelayotgan edi, ammo bizning burnimiz mukammal tarzda moslashadi va vaqt o’tishi bilan siz bu hidni his qilmaysiz.
Manzil: Toshkent, Temur ko’chasi, 107 (Toshkentland).
Tomosha qilish narxi: 50 000 so’m.
Telefon: (+998) 90−666−1117.