Miyazakidan so‘nggi durdona: “Qanday yashayapsiz?” animatsion filmiga nazar

E’lon qilingan sana· 928
Miyazakidan so‘nggi durdona: “Qanday yashayapsiz?” animatsion filmiga nazar

Butun dunyo kinomanlari “Oppenhaymer” va boshqa filmlar, ularning atrofidagi marketing shov-shuvlari bilan ovora bo‘lgan bir vaqtda “Ghibli” studiyasi hamda yaponiyalik rejissor Miyazaki Hayaoning uzoq vaqt kutilgan yangi animatsion filmi – “Qanday yashayapsiz?” premyerasi bo'lib o'tdi. Namoyish ortiqcha shovqin-suronsiz, birgina oq-ko‘k qarqara tasvirli poster reklamasi bilan 14-iyul sanasida Yaponiyada bo‘lib o’tdi.

Jahon va O‘zbekiston tomoshabinlariga “Mening qo‘shnim Totoro”, “O‘ziyurar qasr”, “Ruhlarga ergashib”, “Kiki eltuv xizmati” kabi animatsion filmlari bilan tanilgan “Ghibli” studiyasi rejissori va jamoasi “Qanday yashayapsiz?” (Shimoliy Amerika bozorida “The boy and the Heron” — “Bolakay va qarqara” nomi bilan taqdim etilgan) ustida 7 yil davomida ijod qildilar.

Manba: Ghibli Studio

Oskar mukofoti sovrindori hisoblanmish Miyazaki uchun bu 12-animatsion ish hisoblanadi. Garchi u bir paytlar o‘zining so‘nggi ishi “Shamol kuchaymoqda” bo‘lishini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, 2016-yilda to‘liq metrajli “Qanday yashayapsiz?” animatsion filmiga kirishdi. Miyazaki bu asarni aynan nabirasiga bag‘ishlashini aytgan.

Asardan ilhomlanilgan anime

Rejissor animeni, dastlab ssenariynavis Yamomoto Yuzo qoralama sifatida boshlagan, u og‘ir kasallikka chalingach, yozuvchi Yoshino Genzaburo tugallab, 1937-yilda chop ettirgan “Qanday yashayapsiz?” (君たちはどう生きるか — Kimi-tachi wa Dō Ikiru ka) novellasidan ilhomlanib yaratdi.

Manba: nippon.com

Asar 1937-yilning o‘zidayoq yapon kitobxonlari tomonidan iliq qabul qilingan va mashhur bo‘lib ketgan. Ikkinchi Jahon urushidan so‘ng Yoshino unga ba’zi qo‘shimcha va tahrirlarni kiritib qayta chop ettirgan. Miyazakining o‘zi ham bolalik xotiralaridagi sevimli asarlardan biri sifatida aynan “Qanday yashayapsiz?"ni alohida ta’kidlaydi.

“Qanday yashayapsiz?” asarining bosh qahramoni — urush davrigacha bo‘lgan Yaponiyada istiqomat qiluvchi 15 yoshli Honda Junichidir. Uni astronom Nikolay Kopernikka qiyoslab, Koperu, deb ham atashadi. Koperuning otasi vafot etgan va u onasi bilan yashaydi. Ularning uyiga yaqin yashaydigan tog‘asi bilan ko‘p suhbat quradi, birga juda qalin do‘stlardek gaplashadilar.

Koperu o‘zining hayotiy kechinmalarini, jamiyat, axloq va hissiyotlar borasidagi fikrlarini tog‘asiga hikoya qilib beradi, tog‘asi esa har kun bularning barini kundalikka yozib boradi. Asar oxirida esa kundalikni jiyaniga taqdim etadi. Kitob ham o‘quvchiga qaratilgan so‘ngso‘zdagi savol — “Qanday yashayapsiz?” bilan yakunlanadi.

2021-yilda ilk bor ingliz tiliga tarjima qilingan kitobga (tarjimon: Bruno Navaski) taqrizni amerikalik taniqli yozuvchi Nil Geyman yozgan va uni “Mobi Dik” asariga qiyoslagan.

Miyazakining dastxati

Ilhom asardan olingan bo‘lsa-da, asar voqealari animatsion filmga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirilmagan, balki Miyazaki ssenariysi — o‘z qo‘shimchalari va tahriri bilan yaratilgan. Undagi bosh qahramonlar bolakay Mahito Maki va Kulrang Qarqaradir.

Filmda II Jahon Urushidan keyingi voqealar hikoya qilinadi. Mahito Maki ismli bolakay onasidan ayrilgan. Otasi esa yangi turmush qurib, bolakayni olib, qishloqqa ko‘chib ketgan. Mahito Makining sodiq do‘sti Kulrang Qarqara bo‘lib, bolakay qush bilan birga onasini izlab, sehrli dunyo tomon yo‘l oladi.

“Laputa — osmon qasri” animesidan kadr

Kinotanqidchilar va tomoshabinlarning fikrlariga ko‘ra, animatsion filmlarning mumtoz qadriyatlari va o‘z dastxatiga sodiq qolgan Miyazaki hamda u boshchiligidagi jamoa “Qanday yashayapsiz?"da ham “Ghibli"ga xos estetikadan chetga chiqmagan, uni yanada rivojlantirgan.

Filmdagi jonzotlar, qahramonlar va ijtimoiy tarmoqlarda so‘nggi vaqtlarda tarqalib, urfga aylangan oziq-ovqatlar tayyorlanishi estetikasi Miyazaki boshchiligidagi animatsiyalar ruhiyatini to‘la taqdim eta olgan.

“Shamol kuchaymoqda” kartinasidan kadr

Miyazaki ijodidagi ko‘plab animatsion filmlari asosida eng avvalo tabiat tozaligini, hayvonlarni asrash, mehr-oqibat va do‘stlik, shuningdek, tinchlik qadri, urushning dahshatlaridan xulosalar chiqarish mavzulari yotadi.

Marketing va jamoa

“Qanday yashayapsiz?” animatsion filmining treyleri ijtimoiy tarmoq sahifalarida, turli video namoyish platformalarida (Netflix, Disney, Amazon, Hulu va boshqalarda kartinani obuna asosida ham tomosha qilib bo‘lmaydi) e’lon qilinmadi.

Miyazaki va Suzuki

Turli marketing hayp, shov-shuv usullaridan yiroq, faqatgina bir posterli, treylersiz premyera haqida film prodyuseri Suzuki Toshio oddiygina qilib shunday deydi:

“Gibli studiyasi yillar davomida odamlarni biz tayyorlagan filmlarni tomosha qilishga chorlab kelgan. Biz bu usullar haqida yana o‘ylab ko‘rdik va bu safar „Eh, mayli, bizga bu kerakmas“ deb qo‘ya qoldik”.

Ma’lumotlarga ko‘ra, animatsion film 2023-yil 7-sentyabrda boshlanadigan 48-Toronto Xalqaro Film Festivalining ilk kechasida namoyish etiluvchi kartina bo‘ladi.

IMDB ma’lumotlariga ko‘ra, animatsion film qahramonlarini ovozlashtirilishida Santoki Soma, Suda Masaki, Kimura Takuya, yaponiyalik xonanda Aimyon, Shibasaki Ko va boshqalar ishtirok etishgan.

Hisaishi 2008-yilda studiyaning 25 yilligiga bag‘ishlangan katta konsertdan so‘ng

Miyazakining ko‘plab kartinalarida (“Mening qo‘shnim Totoro"dan boshlab) bo‘lgani kabi, “Qanday yashayapsiz?"da ham musiqiy ta’minoti uchun bastakor Hisaishi Joe jalb etilgan. Hisaishi ijodi bilan tanishish uchun uning dirijyorligidagi, “Ghibli” studiyasining 25 yilligiga bag‘ishlangan jonli konsertni bu yerdan tomosha qilishingiz mumkin.

O‘ta shaxsiy taassurotlar va xulosa

“Qanday yashayapsiz?” animatsion filmi O‘zbekiston kinoteatrlarida va turli obunali platformalarda namoyish etilmagani sababli uni tomosha qilishning hali imkoni bo‘lmadi. Kichik maqolani turli xalqaro manbalar, ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarni o‘qib, yozdim.

Biroq, ishonamanki, yuksak vizual did egalari, kreativ ustalarining ma’naviy ustozi hisoblanmish Miyazaki ijodidagi so‘nggi asar tomoshabinni befarq qoldirmaydi va unga yillar tajribasidan rang olib yetilgan durdona kartinani tuhfa etadi.

Miyazaki ijodi namunalari, bu shunchaki multfilm emas, balki bolalar, katta yoshlilar ongi uchun didaktikani (nasihatlarni) nozik yetkazuvchi tasviriy asarlar jamlanmasi, ichki dunyomizga sehrli dunyolar mo‘jizasi orqali nazar tashlash imkonidir.

O‘zbekistondagi so‘nggi yangiliklar, jamiyatning ba’zi vaziyatlarda sekin-asta axloqiy degradatsiya tomon cho‘kayotganini afsus bilan kuzatar ekanman, Afisha yordamida bir kichik najot uchquni sifatida “Ghibli” studiyasining ezgulikka boshlovchi bir necha kartinalari taqrizini taqdim etib borishni niyat qildim.

Endi har hafta so‘ngida Miyazaki ijodidan shoh asarlarni yana bir qayta ko‘rib chiqib, siz va farzandlaringiz uchun tomoshasi foydadan holi bo‘lmaydiganlari haqida taqrizlarimni bo‘lishaman.

Mirzo Zominiy
Muallif
Mirzo Zominiy
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2023 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ