Jumboqlardan iborat qismatlar yoki fantastika janridagi 5 ta serial

E’lon qilingan sana· 558
Jumboqlardan iborat qismatlar yoki fantastika janridagi 5 ta serial

Hozirda juda ko'p yaxshi seriallar suratga olinmoqda. Va har biri o'z muxlislariga, tomoshabinlariga ega. Shu jumladan, fantastika janri ham o'z ishqibozlariga ega. Afisha.uz`ning bugungi maqolasida biz aynan shunday seriallarning TOP-5`ta ligini ko'rib chiqamiz.

Ba’zan biz u yoki bu serialni bir kechada ko’rib qo’yamiz. Har bir seriyasini ko’rganimiz sayin o’zimizni to’xtatishimiz qiyin bo’lib qoladi, ba’zan hatto uyqudan ham voz kechamiz. Chunki biz yashayotgan davrda bir-biridan qiziqarli ko’plab seriallar suratga olinmoqda, ba’zilari esa e’tiborimizdan chetda ham qolib ketmoqda. Sizga tanlovda yordam beri uchun Afisha.uz seriallarni turkumlarga va mavzularga ajratgan holda tavsiyalar berib boradi. Demak, tanishishni fantastikadan boshlaymiz. Diqqat, quyida keltirilgan seriallar hattoki fantastika janriga ishqiboz bo’lmagan insonlarni ham qiziqtirib qo’yadi. Shunchaki bitta seriyasini tomosha qilib ko’ring.

Juda g’alati ishlar

Stranger Things

Qismlar davomiyligi: 50 daqiqa atrofida.

Mavsumlar soni: 4 (5-mavsum suratga olinmoqda)

“Stranger Things” serialida asosiy qahramonlar — bolalar, o’smirlardir. Lekin bu ushbu serialni faqat bolalar uchun degani emas. Serial kattalarga manzur bo’ladi.

Serial voqealari 80-yillarda sokin bir shaharchada bo’lib o’tadi. Uill ismli o’spirinning sirli ravishda g’oyib bo’lishi mahalliy hayot sokinligi va osoyishtaligini buzadi. Shaharchada juda g’alati ishlar sodir bo’la boshlaydi. Voqealar Uilning eng yaqin do’sti Maykga ta’sir qiladi va bu voqealarning sababini, muammolar yechimini topishga intiladi. Bolalarni boshqa dunyo kuchlari bilan shiddatli jang kutmoqda.


100

The 100

Qismlar davomiyligi: 45 daqiqa atrofida.

Mavsumlar soni: 7

Serialdagi voqealar dahshatli atom urushi tufayli butun sivilizatsiya vayron bo’lganidan 97 yil o’tgach boshlanadi. Kosmosda baland, katta kosmik kema Yer orbitasida uchadi va unda dahshatli falokatdan omon qolganlar joylashtirilgan. Insoniyat uyushtirgan bu dahshatdan faqat ular omon qolgan. Aynan shu boshpanasidan Yerga kosmik kema jo’natiladi, unda yuz nafar voyaga yetmagan yoshlar bor… Serialdagi sarguzashtlar aynan shu joyidan boshlanadi.


Yigitlar

The Boys

Qismlar davomiyligi: 1 soat atrofida.

Mavsumlar soni: 3 (4-mavsum suratga olinmoqda)

Super qahramonlar haqida biz ko’rgan barcha filmlar va seriallarda ularga haddan ortiq yuqori baho berib, bo’rttirib yuboriladi. “The Boys” seriali ijodkorlari bu masalaga boshqa tomondan qarashga undashadi. Ushbu serialda super qahramonlar salbiy tomondan ko’rsatilsa, super qobiliyatlarga ega bo’lmagan oddiy insonlar guruhi ularga qarshi chiqib, teng kurash olib borishadi. Super qahramonlar ba’zan xalqqa foyda keltirayotganiga qaramay, ularning takabbur, hudbin va ba’zida rahmsiz fe’li oddiy insonlarning nafratiga sabab bo’ladi. Va bu insonlarning har birini super qahramonlar bilan o’z hisob-kitobi bor. Juda qiziqarli to’qnashuv.


Zulmat

Dark

Qismlar davomiyligi: 1 soat atrofida.

Mavsumlar soni: 3

Ilmiy-fantastik nazariyalarga tobingiz qalay? Vaqt va makon haqida oldin o’ylamagan savollaringizga javob izlashgachi? Nemis ijodkorlari tomonidan ishlangan “Dark” seriali kichik shaharchada tinch va sokin hayot kechirayotgan to’rtta oila haqida hikoya qiladi. Shaharchada ikki nafar bola izsiz g’oyib bo’lgach, shu paytgacha davom etgan sokinlik buziladi va “zulmatli” sirlar paydo bo’la boshlaydi.


Orphan Black (Тёмное дитя)

Orphan Black

Qismlar davomiyligi: 45 daqiqa atrofida

Mavsumlar soni: 5

Kanadalik ijodkorlar tomonidan ishlangan ushbu ilmiy-fantastik serial endigina o’zlarining aslida klon ekanligini bilib qolgan, bir-biriga juda o’xshash ayollar haqida hikoya qiladi. Ushbu serialning barcha qismlari chiqqani, endi bu serialni tomosha qilishga kirishgan tomoshabinlarning baxtidir. Serial bir tomondan cho’zib yuborilgandek ko’rinadi, ammo tomosha qilish baribir qiziq. Ushbu serialni faqat yuqoridagi tavsiyalar yoqqan bo’lsagina tomosha qilishni maslahat beraman.


Eng yaxshi fantastik seriallar qatorida, albatta, zamburug’lar epidemiyasi haqidagi “Last of Us”, insoniyat kelajagi haqida so’zlovchi “Black Mirror” seriallari, turli rejissyorlar tomonidan ishlangan “Love, Death & Robots” multseriali, klassikaga aylanib ulgurgan “Doctor Who” va hatto Ayzek Azimov asari asosida olingan “Foundation” ham bo’lishi mumkin edi. Ammo bir sabab borki, men ularni ushbu topga qo’shib o’tirmadim — ular haqida keyingi toplarda gaplashamiz.

Sizningcha, yana qaysi seriallar ushbu topga kirishga loyiq edi?

Nazarbek Nazarov
Muallif
Nazarbek Nazarov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ