"Uch qahramon" filmining suratga olish jarayonidan reportaj

E’lon qilingan sana· 3 079
"Uch qahramon" filmining suratga olish jarayonidan reportaj

Ijtimoiy tarmoqlarda avtobusning halokatga uchrab, undagi yo‘lovchilar evakuatsiya qilingani hamda katta yuk mashinasi bir qancha yengil mashinalarni urib yuborgani aks etgan videolar tarqalib, qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Rasmiylar ushbu kadrlar “Uch qahramon” filmiga tegishli ekanligi, ayni paytda suratga olish jarayonlari davom etayotganini ma’lum qildi. Afisha.uz muxbirlari "Uch qahramon" filmining syomka maydonchasida bo‘lib, u yerdan reportaj tayyorladi. 

Hali katta ekranlarga chiqmasidanoq, ayrim sahnalari bilan shov-shuv ko‘targan “Uch qahramon” filmi O‘zbekiston Kinematografiya agentligi hamda Ichki ishlari vazirligi jamoat xavfsizligi departamenti buyurtmasiga binoan suratga olinmoqda. To‘liq metrajli mazkur badiiy filmda ichki ishlar xodimlarining faoliyati va hayoti haqida hikoya qilinadi.

Film rejissyori Shohrux Rasulovning aytishicha, suratga olish ishlari to‘rt oydan buyon davom etmoqda. Film o‘tkir syujetli drama janrida bo‘lib, jangovar sahnalarga boy.

“Kartina nomi haqida gapiradigan bo‘lsam, ko‘plab muxlislar film Yunusoboddagi Uch qahramon tarixi haqida, degan fikrga boryapti. Ammo film u voqealar asosida suratga olinmayapti, mavzu boshqa. Kartina orqali ichki ishlar xodimlari faoliyati va hayotini ochib berishni maqsad qilganmiz”, — deydi u.

Rejissyorning ta’kidlashicha, jamoadagi ijodkorlarning deyarli barchasi yoshlardan iborat. Filmda Silvester Stallone, Jet Li, Arnold Shvarsenegger, Xoakin Feniks singari o‘nlab dunyo yulduzlari bilan hamkorlikda ishlagan xalqaro mutaxassislar ham suratga tushmoqda.

“Aniqrog‘i, Qozog‘istondagi mashhur „Nomad stunts“ kaskadyorlar jamoasi bilan hamkorlik qilyapmiz. Kaskadyor Kanat Kudyarov boshchiligidagi yigitlar murakkab tryuklar ishonarli chiqishi uchun qattiq ter to‘kishyapti”, — deydi Shohrux Rasulov.

“Uch qahramon"da bosh rollarni o‘zbekistonlik taniqli aktyorlar — Ulug‘bek Qodirov, Shohrux Hamdamov va Sirojiddin Sattorov, shuningdek, qozog‘istonlik aktyor Tauekel Musilim ijro etmoqda.

Film ijodkorlarining ma’lum qilishicha, suratga olish jarayonlari uzog‘i bilan bir oy davom etadi. Kartina esa joriy yil yakuniga qadar katta ekranlarga chiqadi.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ