"Abdulla Oripov" badiiy filmi premyerasidan reportaj

E’lon qilingan sana· 6 597
"Abdulla Oripov" badiiy filmi premyerasidan reportaj

Kuni kecha Kinochilar uyida “Abdulla Oripov” badiiy filmining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning hayot yo‘li haqida hikoya qiluvchi film O‘zbekiston hamda AQShning bir qancha nuqtalarida suratga olingan. Afisha.uz muxbirlari ushbu taqdimotdan reportaj tayyorladi.

30-avgust kuni poytaxtdagi Kinochilar uyida “Abdulla Oripov” badiiy filmining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning hayot yo‘li haqida hikoya qiluvchi film O‘zbekiston hamda AQShning bir qancha nuqtalarida suratga olingan. Shoirning yaqinlari, taniqli san’at va adabiyot vakillari qatnashgan taqdimotdan Afisha.uz muxbirlari reportaj tayyorladi.

Film rejissyori Muzaffar Erkinovning aytishicha, tasvirga olish jarayonlari asosan, shoir tug‘ilib, voyaga yetgan qishloq — Qashqadaryo viloyatining Koson tumanidagi Neko‘z qishlog‘ida bo‘lib o‘tgan. Shuningdek, Toshkent viloyatining Yangiobod shaharchasi, Toshkent shahri, Zomin tumani hamda AQShda ham suratga olingan.

“Abdulla Oripov umrining oxirgi yillarini Amerikada o‘tkazgani ko‘pchilikka ma’lum. Filmda ular hayotining mazkur pallasini ham aks ettirishga qaror qilgandik va buni amalga oshirdik. AQShdagi sahnalar shoir yashagan uyda, ya’ni qizlarining Xyuston shahridagi xonadonida, Nyu-York va Los-Anjeles shaharlari hamda Manxettenda suratga olindi. Ijodiy jamoamizning xorijiy safariga yordam bergan hukumatimizga minnatdorchilik bildiramiz. Filmga bahoni xalqning o‘zi beradi, albatta”, — deydi u.

Rejissyorning ta’kidlashicha, film telekanallar orqali serial tarzida namoyish etiladi.

Shoirning rafiqasi Hanifa Mustafoyevaning so‘zlariga ko‘ra, filmning suratga olinishi u uchun faxrli, iztirobli va hayajonli kechgan.

“Abdulla aka bu filmni ko‘rganlarida bilmadim, nima der edilar… Ular umr bo‘yi elim, Vatanim, deb yashadi, ijod qildi. Abdulla akaning eng qadrli kunlari Mustaqillik e’lon qilingan kun edi. Qarang, kartinaning tayyor bo‘lishi ham Vatanimiz mustaqilligining 32 yilligiga to‘g‘ri keldi. Film shoirning hasratli sukunatini, ruhiyatini ochib bera olgan. Kinoijodkorlarning og‘ir mehnati uchun rahmatlar aytaman”, — deydi u.

Abdulla Oripovning bolaligini Jasurbek Abdumannopov, yigitlik va o‘rta yosh siymosini shoir Shodmonqul Salom, keksalik davrini O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Qudratilla Burxonov gavdalantirgan. Shoirning rafiqasini yoshligini aktrisa Rayhon Asadova, keksalik paytini esa O‘zbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilova ijro etgan.

Bundan tashqari, filmda ko‘plab taniqli san’atkorlar, xususan, O‘zbekiston xalq artistlari Muhammadali Abduqunduzov va Tesha Mo‘minov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Farhod Abdullayev, Lola Eltoyeva singari aktyor va aktrisalar suratga tushgan.

“Abdulla Oripov” badiiy filmi Kinematografiya agentligi tomonidan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Qashqadaryo viloyati hokimligi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda suratga olingan.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov