Toshkent xalqaro kinofestivali yakunlandi. Asosiy lavhalar

E’lon qilingan sana· 2 066
Toshkent xalqaro kinofestivali yakunlandi. Asosiy lavhalar

29-sentyabr — 2-oktyabr kunlari o‘tkazilgan “Ipak yo‘li durdonasi” XV Toshkent xalqaro kinofestivalining yopilish marosimi Samarqand shahridagi “Boqiy shahar” majmuasida bo’lib o’tdi.

Marosimga taklif etilgan jahon va O‘zbekiston kinoyulduzlari maxsus tashkil etilgan qizil yo‘lakdan o‘tdi. Tadbirda 400 ga yaqin kinoijodkorlar, aktyor va aktrisalar, rejissyor va kinooperatorlar, prodyuser va kinotanqidchilar, kinoshunos olimlar ishtirok etdi.

Tantanali kechada fransiyalik mashhur aktyor, o‘zbek tomoshabinlariga “Taksi” filmidagi roli bilan tanish bo‘lgan Sami Naseri, “Yetti”, “Amerikancha go‘zallik” filmlari bilan mashhur bo‘lgan amerikalik aktyor, “Oscar” sovrindori Kevin Speysi ham qatnashdi. Tadbirni Kevin Speys o’z nutqi bilan boshlab berdi.

Marosimda “Matonat” hujjatli filmi rejissyori Shuhrat Mahmudov va “Samarqandda qovun tarovati” kinosi rejissyori Ali Hamroyev taqdirlandi.

Shuningdek, jahon kinosi rivojiga qo’shgan hissasi uchun rejissyorlar — rossiyalik Aleksandr Sokurov, gruziyalik Irakliy Kvirikadze va italiyalik Pietro Marchellolar ham taqdirlandi.

Tadbir yakunida “Markaziy Osiyo filmlari” tanlovi g’oliblari e’lon qilindi. Unga ko’ra, tojik kinoijodkorlarning “Fortuna” filmi festival direksiyasining maxsus sovriniga, qozog’istonlik rejissyor Maksim Akbarovning “Sahro"kinosi “Eng yaxshi debyut” nominatsiyasiga loyiq ko’rildi.

“Eng yaxshi aktyor” Dastan Aybekga “Shuvoq hidi” filmidagi roli uchun, “Eng yaxshi aktrisa” Talaaykan Abazovaga “Esimda"da filmidagi roli uchun munosib deb topildi.

“Eng yaxshi rejissyor” nominatsiyasida Darxon Tulegenov g’alaba qozondi. “Eng yaxshi film” nominatsiyasida o’zbekistonlik rejissyor Shokir Xoliqovning “Yakshanba” filmi g’olib bo’ldi. Hakamlar hay’atining maxsus mukofoti Adilxan Erjanovning “Ademokaning sabog’i” filmiga nasib etdi.

“Milliy filmlar tanlovi"da “Ayol qismati” filmidagi roli uchun “Eng yaxshi aktrisa” nominatsiyasi sovrindori bo’lgan O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Ra’no Shodiyeva festival bilan bog’liq xotiralarini shunday esladi:

“Oxirgi marta o’tkazilgan kino festivalda, ya’ni 1997-yili „Eng yaxshi debyut roli uchun“ nominatsiyasida sovrindor bo’lganman. Afsuski, shundan keyin festival to’xtatildi, bundan juda siqilganman. Mazkur festival oradan 23 yil o’tgach qayta tiklanib, uch yildan beri o’tkazilayotganidan xursandman. Bir yil oldin huddi shu paytda men hayotim bilan kurashgan edim va men yengib chiqdim. O’tgan yili bir tanlovda sovrin olgandim, ammo sahnada turib, qatnasholmadim. O’shanda hamma meni duo qilgandi. Bugun festival mehmoniman. Oilamga, do’stlarimga, muxlislarimga, barcha-barchaga rahmat aytaman”, — dedi aktrisa.

O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Gulchehra Sa’dullayevaning aytishicha, bunday festivallar aktyorlarga motivatsiya beradi.

“Bir voqea hech qachon esimdan chiqmaydi. Toshkent kinofestivalining SSSR davrida o’tkazilgan qaysidir yilida Amitabh Bachchan ham tashrif buyurgan. O’shanda o’smir qiz edim. Amitabh Bachchan kitobimga ingliz tilida dastxat yozib bergan. Haligacha uyda saqlab kelaman. Shu voqeadan keyin kinofestival deyishsa, juda quvonib ketaman”, — deydi Gulchehra Sa’dullayeva.

Taniqli kino aktyor Umid Iskandarovning fikricha, festival turizm sohasi rivojida ham muhim rol o’ynaydi.

“2021-yili Isroildan kelgan delegatsiya: aktyor, rejissyor va operatorlar bilan yaqin muloqotda bo’lib, hozirgacha xabarlashib turamiz. O’tgan yili Eron delegatsiyasi bilan birga yurib, yaqin aka-uka bo’lib qolganmiz. Bu yil esa Ozarbayjon kinoijodkorlari bilan yaqin munosabat o’rnatdim. Festival ijodkor sifatida menga ko’p narsa beryapti, kelgusi faoliyatimda asqotadigan bilim va ijodkor do’stlar orttiryapman”, — dedi aktyor.

O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Farhod Abdullayevning so’zlariga ko’ra, festivallar aktyorlar o’rtasida do’stlik rishtalarini payo qiladi.

“Bu kabi festivallarda kinochilar bir-biri bilan do’stlashadi, tajriba almashadi, oziqlanadi. Bu esa motivatsiya beradi. Siz film olaversangiz, u chang bosib sandiqda yotaversa, festival ko’rmasa, nima foyda bor bundan? Film xalqaro festivallar doirasida ham o’z muxlislarini topishi kerak. Toshkent kinofestivali ana shunday imkoniyatni beradi”, — deydi Farhod Abdullayev.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ