"Ishq va anduh" filmining premyerasi boʻlib oʻtdi
“Kinochilar uyi"da 20-mart kuni Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan Ibrohim Rasulov rejissyorligida suratga olingan “Ishq va anduh” badiiy filmining katta premyerasi o‘tkazildi.
Premyera avvalida film ijodkorlari sahnaga taklif qilindi. Kinokartina rejissyori Ibrohim Rasulov film yaralishi haqida qisqacha gapirib oʻtdi.
Shuningdek, rejissyor kinokartina bosqichma-bosqich 7 yil davomida suratga olingani, film O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Aida Yunusovaning eng so‘nggi ijrosi bo‘lganini ham esladi.
Filmda O‘zbekiston xalq artistlari Erkin Komilov va Tesha Mo‘minov hamda Umid Iskandarov, Gulbahor Dadamirzayeva, Mashhura Zulfiqorova kabi aktyor va aktrisalar rol ijro etgan.
Mazkur filmda Gulchehra Eshonqulova oʻzining eng so‘nggi rollaridan birini oʻynagan.
Hozirda mazkur film Toshkentdagi bir nechta kinoteatrlarda namoyish etilmoqda. Ularning seanslari Afisha.uz saytida taqdim etilgan.