"Mening ismim Xon"dan "Jasur"gacha: bosqinchilik va teraktlar haqida 8 ta film (+ bonus)

E’lon qilingan sana· 587
"Mening ismim Xon"dan "Jasur"gacha: bosqinchilik va teraktlar haqida 8 ta film (+ bonus)

Tarixda koʻplab bosqinchilik harakatlari, terrorchilik va teraktlar yuz bergan. Hammamiz 2001-yilda sodir boʻlgan AQShdagi terakt yoki Toshkentda 1999-yildagi 16-fevral voqealaridan xabarimiz bor.

Teraktlar yoki bosqinchilik harakatlari insoniyat uchun koʻplab qurbonlari bilan ham yodda qoladi. Hukumat tomonidan motam kuni e’lon qilinadi, odamlar bu yovuzliklarni va uning qurbonlarini unutmaydi. Kinematografiya esa voqealarni biroz boshqacha rakursdan koʻrish mumkinligini koʻrsatadi.

Afisha.uz ushbu jamlanmada bosqinchilik va teraktlar haqida ishlangan filmlar boʻyicha ma’lumot beradi.

“Myunxen” (2005)

Film rejissyor Stiven Spilberg tomonidan suratga olingan. Unda 1972-yilda oʻtkazilgan Myunxen Olimpiadasidagi terakt va Isroil razvedka xizmatining keyingi javob operatsiyasi haqida hikoya qilinadi.

Jangarilar Myunxen Olimpiadasi vaqtida bir guruh isroillik sportchilarni garovga oladi va ularning hayoti evaziga samalyotda uchib ketish huquqini talab qiladi. Nemis politsiyasi jangarilarni tuzoqqa tushirishga va garovga olinganlarni qutqarishga harakat qiladi.

“Mening ismim Xon” (2010)

Afsonaviy Shohruxxon bosh rolni ijro etgan film AQShdagi pokistonlik oila va ularning 2001-yil 11-sentyabrda sodir etilgan teraktdan keyingi muammolari haqida hikoya qiladi.

Kinokartinada Shohruxxon va Kajolning betakror ijrosidan tashqari migrantlar duch keladigan koʻplab muammolarga ham toʻxtalib oʻtilgan.

“22-iyul"(2018)

Netflix tomonidan ishlangan film 2011-yilda Norvegiyadagi teraktlar va ularning oqibatlari haqida hikoya qiluvchi kriminal dramadir.

Anders Bering Breyvik politsiya formasini kiyib, mikroavtobusga qo‘lda yasalgan portlovchi moddalarni yuklaydi va Norvegiyaning Oslo shahridagi hukumat kvartaliga jo‘nab ketadi. U furgonni bosh vazir Yens Stoltenbergning idorasi oldida qoldiradi. Bir necha daqiqadan soʻng furgon portlaydi va bu teraktning ilk qurbonlariga sabab boʻldi.

“Osada"(1998)

Film, drama rejissyor Edvard Zvik tomonidan suratga olingan. Uning syujetiga koʻra, AQShda koʻplab odamlarning hayotiga zomin boʻlishi mumkin boʻlgan ommaviy teraktlarning tashkil etilishi vaqtidagi voqealar tasvirlanadi. Kinokartina voqealari AQSh prezidenti Bill Klinton davrida yuz beradi.

“Havo marshali”

Liam Nison ijrosidagi detektiv-triller voqealari qit’alararo parvoz qilayotgan samalyot ichida yuz beradi. Yoʻlovchilar xavfsizligini ta’minlovchi havo marshali Bill Marks terrorchidan tahdidli xabar oladi. Jinoyatchi barcha harakatlarni hisoblab chiqqan va hammasiga maxsus agentning oʻzini aybdor qiladigan reja tuzgandi.

Marks AQSh razvedka xizmatining nishoniga aylanadi. Uning oldida faqat bitta yoʻl bor: jinoyatchini aniqlash va zararsizlantirish, yoʻlovchilarni va oʻlim yoqasida topgan sevgilisini saqlab qolish.

“Jasur"(2011)

Filmda terrorchi guruh Toshkentga ketayotgan yoʻlovchi avtobusini qoʻlga olgani hikoya qilinadi. Unda Jasur ismli harbiy xodimning jasoratlari va terrorchi guruhning qanday qilib zararsizlantirilishi namoyish etiladi.

Bosh rollarni Mirolim Qilichev, Jamila Gʻofurova, Laziz Musayev va Baxtiyor Qosimov kabi aktyor va aktrisalar ijro etgan.

“101-reys”

Filmda 2001-yil 11-sentyabr kuni sodir etilgan mash’um terakt arafasida Toshkent-Nyu-York yo‘nalishida parvoz qilgan “O‘zbekiston havo yo‘llari” samolyoti ekipaj a’zolarining favqulodda jasorati to‘g‘risida hikoya qilinadi. Unda nafaqaga chiqishidan avval soʻnggi parvozini oʻtkazayotgan Zarif Saydazimov rolini marhum aktyor Hoshim Arslonov ijro etgan.

“Baron 2. Sogʻinch”

Suratga olish ishlari O‘zbekiston, Rossiya va Turkiyada olib borilgan “Baron 2. Sogʻinch” kinokartinasi birinchi filmning muvaffaqiyatini takrorlay oldi deyish mumkin.

Ma’lumot uchun, ikkinchi qismda mavzular masshtabi ancha kengaygani bilan ham ajralib turadi. Unda global yovuzlik — terrorizmga qarshi kurashning o‘ta muhim mavzusiga e’tibor qaratilgan.

Bonus: “Беслан. Помни” hujjatli filmi, (2019)

Rossiyalik jurnalist Yuriy Dud tomonidan ishlangan hujjatli filmda 2004-yil 1-sentyabr kuni Beslan shahridagi maktablarning biriga terrorchilar tomonidan qilingan hujum va tinch aholining garovga olinishi, ularning uch kun davomida qoʻyib yuborilmagani hikoya qilinadi.

Ma’lumotlarga koʻra, bosqin vaqtida mingdan ortiq odam garovga olingan. Ular portlovchi moddalar oʻrnatilgan, issiq, tor sport zalida ovqat va suvsiz ushlab turilgan.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ