Jeki Chan 70 yoshda: aktyor ijrosidagi eng mashhur filmlar

E’lon qilingan sana· 3 256
Jeki Chan 70 yoshda: aktyor ijrosidagi eng mashhur filmlar

Oʻz ismini janrga aylantira olgan ijodkorlar bor. Masalan bir rejissyor qonli sahnalar va dialoglarga boy film ishlasa “Tarantinocha kino”, deya aytiladi. Kecha, 7-aprel kuni oʻzining 70 yoshini nishonlagan hongkonglik aktyor Jeki Chan ham oʻz nomini mana shunday janrga aylantira olgan.

Siz katta ehtimol bilan yoshligingizda doʻstingiz bilan “Jeki Channing kinolari"ni koʻrgansiz va uning harakatlarini takrorlashga uringansiz. Bunday ijodkorlarga “kinodan ham kattaroq boʻlib ketgan” iborasi ishlatiladi.

Afisha.uz 70 yoshga toʻlgan aktyor ijrosidagi eng mashhur filmlarni bir yerga jamladi.


“Politsiya hangomalari”

“Полицейская история” filmlar seriyasi boʻlib shu vaqtgacha ushbu nomda 7 ta kinokartina suratga olingan. Ularning ba’zilarida Jeki Chan ham ishtirok etgan va shu orqali ilk mashhurlikni qoʻlga kiritgan.

Jeki Chan avtobiografiyasida “Полицейская история” filmi aktyorlik va kaskadyorlik tomonidan oʻzining eng yaxshi kinokartinalaridan biri ekani haqida yozadi.


“Tigʻiz vaqt”

Honkong politsiyasi inspektori Li va uning los-anjeleslik sherigi Jeyms Karter Xitoy konsulining qizini qoʻlga olgan va pul talab qilayotgan jinoyatchilarni qoʻlga olishga harakat qiladi. Bundan tashqari, “Час-пик 2” va “Час-пик 3” filmlari ham suratga olingan.

Ushbu filmninig oʻzbekistonliklar orasida mashhur boʻlishiga katta sabablardan biri bu “Gobliddin tarjima” hisoblanadi. “Час-пик” oʻzbek tiliga yumor asosida ham, professional ham dublyaj qilingan.


“Mening qoʻshnim josus”

Agent Bob terrorchilarni zararsizlantirgan, diktatorlarni hukumatdan agʻdargan va katta-katta yovuz imperiyalarni yoʻq qilgan. Ammo u butun faoliyati davomidagi eng qiyin vazifani oldi. U bir oqshom davomida enagalik qilishi kerak.

Aktyor bu filmda ham oʻz uslubidagi jang harakatlaridan foydalanadi va oldidan chiqqan katta muammoni bolalar bilan birgalikda yengib oʻtadi.


“Kichkina ajdarho / Karate-bolakay”

Jeki Chan va Uill Smitning oʻgʻli Jeyden Smit ijrosidagi “Каратэ-пацан” filmi 1984-yilda suratga olingan shu nomdagi kinokartinaning remeyki hisoblanadi. Ma’lumot uchun, film 2010-yilda premyera qilingan.

Syujetga koʻra, oʻn ikki yoshli Dre oilasi bilan AQShdan Xitoyga koʻchib oʻtadi va yangi maktabga borishni boshlaydi. Yangi joyda uni haqorat va masxara qilishni boshlashadi. Bezorilariga qarshi kurashish uchun bola jang san’atlarini oʻzlashtirishga qaror qiladi.


“Dunyo boʻylab 80 kun”

Jyul Vernning romani asosida rejissyor Frank Korasi tomonidan suratga olingan “Вокруг света за 80 дней” filmida Jeki Chan Paspartu rolini ijro etgan. Juda koʻplab versiyalarga ega asarning Jeki Chan ijrosidagi varianti ham bor.

Filmda londonlik ixtirochi Fillias Fogg parvoz, elektr va boshqa koʻplab yangiliklarni ochishga harakat qiladi, ammo jamiyat uni aqldan ozgan deb hisoblaydi. Fogg haqiqatan ham jiddiy qabul qilinishni xohlaydi va Qirollik Fanlar Akademiyasi rahbari lord Kelvin bilan gʻayrioddiy baxs bogʻlaydi. Unga koʻra, Fogg 80 kundan ortiq boʻlmagan vaqt ichida dunyo boʻylab sayohat qilishi kerak.


“Shanxaylik shovvoz”

Amerika va Hongkong hamkorligida vestern va komediya janrlarida suratga olingan “Шанхайский полдень” filmi rejissyor Tom Deyning debyut ishi hisoblanadi. Unda bosh rolni Jeki Chan bilan birga Ouen Uilson ijro etgan.

Film jinoyatchilarni toʻxtatish uchun birlashadigan turli xarakterlarga ega va turli irqqa mansub ikki qahramonning oʻzaro munosabati haqida hikoya qiladi. Kinokartinada Jeki Channi oʻziga notanish boʻlgan imijda koʻrish mumkin.


“Smoking”

2002-yilda ishlangan “Смокинг” filmida xuddi superqahramonlarning kostyumlarida boʻlgan imkoniyatlarga ega smokingni koʻrish mumkin. Jangari komediya janridagi film reytinglarda katta natijaga ega boʻlmasa ham bir marta koʻrishga arziydigan kinokartina hisoblanadi.

Agent Klark Devlin komada boʻlgan vaqtda, oddiy nyu-yorklik taksi haydovchisi Jimmi Tong AQSh hukumati uchun maxfiy topshiriqni bajarishga majbur boʻladi. Tong Devlinning kompyuterlashtirilgan smokini oladi, bu oʻz egasiga jang qilish, kamuflyaj nuqtai nazaridan ajoyib qobiliyatlarni beradi.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ