Ikkinchi jahon urushi haqida film: "Nojentlmencha ishlar vazirligi"ga taqriz

E’lon qilingan sana· 150
Ikkinchi jahon urushi haqida film: "Nojentlmencha ishlar vazirligi"ga taqriz

Aprel oyida mashhur britaniyalik rejissyor Gay Richining yangi “Nojentlmencha ishlar vazirligi” filmi premyera qilindi. Ushbu film haqida ham — Gay Richi soʻnggi vaqtlarda ishlayotgan boshqa kinolar kabi — har xil fikrlar bildirildi.

Bundan tashqari, kinokartina rasman oʻzbek tiliga tarjima qilindi va mamlakat kinoteatrlarida, shuningdek, “Kinopoisk” onlayn kinoteatrida namoyish etilmoqda. Afisha.uz ushbu film boʻyicha taqrizni taqdim etadi.

Real voqealarga asoslangan film

1942-yil, Buyuk Britaniya. Eng yaxshilarning eng yaxshisi boʻlgan professionallar, yakka oʻzi harakat qilishga odatlangan sarguzashtchilar butun dunyo taqdiri xavf ostida boʻlgan Ikkinchi jahon urushi vaqtida oʻta maxfiy operatsiya uchun birlashishga va fashistlarga qarshi missiyani boshlashga majbur boʻladi. Endi ularning ishi faqat urush. Ular buni mutlaqo jentlmenlarga oʻxshamagan holda olib borishadi.

Film ssenariysi yozuvchi Demien Lyuisning “Nojentlmencha urush vazirligi: Cherchillning maxfiy jangchilari Yevropani qanday yondirdi va zamonaviy maxviy operatsiyalar oʻtkazdi” kitobiga asoslangan. Asarda 1941−1942 yillarda Shimoliy Atlantikada Britaniya tomonidan uyushtirilgan maxfiy maxsus operatsiyalar tafsilotlari ochib berilgan.

Ikkinchi jahon urushi boshida London muntazam ravishda bombardimon qilingan. Buyuk Britaniyaning oʻsha paytdagi bosh vaziri Uinston Cherchill bunga javob berishga qaror qiladi. Urushning barcha jentlmencha qoidalari chetlab oʻtiladi, eng ehtiyotsiz (va boshqarib boʻlmaydigan) odamlardan iborat yashirin guruh toʻplanadi.

Vazirlikning noqonuniy missiyasi “Pochtmeyster” deb nomlangan va juda sirli boʻlgan. Shuningdek, Cherchillning oʻzini ham juda nozik vaziyatga tushurib qoʻygan. Agar operatsiya boʻlib oʻtayotgani aniqlansa, parlament osonlik bilan bosh vazirni lavozimidan chetlatishi mumkin edi. Bu filmda ham bir necha bor eslab oʻtiladi.

Tarantino bilan solishtirish

“Nojentlmencha ishlar vazirligi” filmi premyera qilingach, OAV va kinotahlilchilar uni Kventin Tarantinoning “Manfur kimsalar” (Бесславные ублюдки) filmi bilan solishtira boshladi. Ikkala filmda ham Ikkinchi jahon urushi vaqtida tuzilgan maxsus guruhlar namoyish etiladi.

Ammo filmni e’tibor bilan koʻrgan odamlar bu ikki rejissyorni solishtirish fikri unchalik ham toʻgʻri emas degan fikrga keladi. Bunga oddiy misol Kventin Tarantino “Manfur kimsalar” filmida Ikkinchi jahon urushi voqealarining alternativ versiyasini yaratadi. Gay Richi esa “Nojentlmencha ishlar vazirligi"da asl voqealarni deyarli oʻzgartirmay taqdim etadi.

Ikkala filmda ham bosh qahramonlar, antogonistlar, jamoada goʻzal ayol qahramonning boʻlishi kabi oʻxshashliklarni uchratish mumkin. Lekin film orqali berish koʻzlangan ma’no umuman oʻxshamaydi.

Filmning ijobiy tomonlari

Aktyorlar tarkibini alohida ta’kidlash kerak. Bosh rolni ijro etgan Genri Kavil rejissyor Gay Richi bilan birga ishlagan “A.N.K.L agentlari” filmidan keyin biroz tanqidlar ostida qolgandi. Ammo u “Nojentlmencha ishlar vazirligi"da oʻz xarizmasi va mahoratini yetarlicha koʻrsata olgan.

Bundan tashqari, asosiy antogonist Til Shvayger (uni Kristof Valts bilan solishtirmagan holda), Eysa Gonsales va Alan Richsonning mahorati filmning yaxshi chiqishida katta rol oʻynagan.

Kinokartina urush haqidagi boshqa filmlarga qaraganda ekshn sahnalarga boy. Albatta, ekshn Gay Richining ustun tomonlaridan biri ekanini va “Nojentlmencha ishlar vazirligi"da ham bu namoyon boʻlganini ta’kidlaymiz. Richining yana bir ustun tomoni bu yumor. Xuddi rejissyorning boshqa ishlari kabi bu filmda ham ancha shavqatsiz sahnalarda yumor ishlatiladi. Quvonarli tomona bu krinj hissini uygʻotmaydi.

Filmdagi Styuart va Shvayger oʻrtasidagi munosabatlar kinoning asosiy afzalliklaridan biridir. Unda josuslar haqidagi filmlarga xos vayb mavjud boʻlib, tomoshabin diqqatini ushlab turadi. Styuart va uning hamrohi Fernando Poning poezddagi sarguzashtida saspens elementlari kuzatiladi.

Filmning eng katta salbiy jihati

Film avvalida bizga operatsiyani olib boradigan qahramonlar tanishtirilar ekan, ularning juda professional ekani ta’kidlanadi. Aynan shu kinokartinadagi intrigani yoʻqqa chiqaradi. Tomoshabinda bu yigitlar hammasini uddalaydi, degan fikr uygʻonadi va bu film soʻngigacha tark etmaydi. Tomoshabin sifatida siz shunchaki jarayondan zavqlanasiz.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, bu Gay Richining soʻnggi ikki yilda ishlagan toʻrtinchi filmidir. Ha, kinokartina yetarlicha kamchiliklarga ega. Ammo britaniyalik rejissyorning sobiq muxlislari va shu kunlarda bayram munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi haqida film koʻrish istagida boʻlganlar uchun “Nojentlmencha ishlar vazirligi” ayni muddao boʻla oladi.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ