O‘zbekistonda “Tirik tarix” turkum filmlari yaratiladi
Prezident tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Tirik tarix” turkum filmlarini yaratish loyihasi amalga oshirilmoqda, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
Shavkat Mirziyoyev 16-may kuni 1972-yilda tashkil etilgan O‘zbekiston kino san’ati muzeyi ko‘chirilgan Kinochilar saroyiga (sobiq “Panorama” kinoteatri) tashrif buyurdi. U yerda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda “Tirik tarix” loyihasi 2024−2030-yillarga mo‘ljallangani, u eng qadimgi o‘tmishdan tortib, yaqin tarixgacha bo‘lgan katta davrni qamrab olgan strategik dastur ekani ta’kidlandi.
Yaratiladigan filmlarning mavzulari rang-barang va keng bo‘ladi. Jumladan, miloddan avvalgi VI asrda yashagan milliy qahramon Shiroq haqida, milliy davlatchilik arbori Alp Er To‘nga, sarkarda Amir Temur va temuriylar haqida, shu paytgacha yetarli o‘rganilmagan shayboniylar haqida, qoraqalpoq shoiri Ajiniyoz va boshqa mashhur adiblar haqida, buyuk allomalar va milliy istiqlol kurashchilari haqida filmlar ishlab chiqariladi.
Loyihaga mahalliy kinoijodkorlar bilan bir qatorda Ispaniya, Germaniya, Vengriya, Rossiya, Belarus, Turkiya, Yaponiya, Xitoy, Koreya, Hindiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkmaniston va Tojikiston kabi davlatlardan hamkorlar jalb etiladi.
“Albatta, bu dastur va g‘oyalarni amalga oshirish uchun ko‘p moddiy imkoniyat talab etilishini, yuzlab iste’dodli mutaxassislar zarurligini ham barchamiz yaxshi bilamiz. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, biz tom ma’nodagi ulkan, tarixiy bu loyihaning moliyaviy masalalarini hal qilamiz. Nega deganda, ushbu dastur shonli o‘tmishimizni chuqur anglab, shu asosda kelajakka ishonch bilan dadil qadam qo‘yishga, yoshlarni chinakam vatanparvar insonlar qilib tarbiyalab, Uchinchi Renessansni barpo etishga katta turtki bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
“Agar tariximizni dunyoga tarannum etmoqchi bo‘lsak, xalqimizning milliy g‘ururini ko‘tarmoqchi bo‘lsak, buni birinchi navbatda kino yordamida amalga oshirishimiz kerak”, — dedi prezident.