Taqiqlardan Oskar gʻolibligigacha: Eng yaxshi Eron filmlari

E’lon qilingan sana· 465
Taqiqlardan Oskar gʻolibligigacha: Eng yaxshi Eron filmlari

Eron kino sanoati XX asr boshidan beri mavjud, biroq u jahon darajasiga faqat 1960-yillarda, Madaniyat vazirligida toʻlaqonli kino boʻlimi tashkil etilgandan soʻng, birinchi televizion maktablar va kasaba uyushmalari tashkil etilganda chiqdi.

Hozirda Eron loyihalari muntazam ravishda yirik festivallarda namoyish etilmoqda, rejissyorlar Abbos Kiarustami va Asgar Farhodiyning asarlari BBC Culture tomonidan chet tilidagi eng yaxshi 100 ta film qatoriga kiritilgan. Afisha.uz Eronning eng yaxshi filmlarini bir yerga jamladi.


“Hayot va bir kun” (Abad va yek rooz)

“Hayot va bir kun” 2016-yilda premyera qilingan dramatik film hisoblanadi. Film rejissyori va ssenariy muallifi Said Rustaidir. Kinokartina ilk bor 34-Fajr kinofestivalida namoyish etilgan va 10 ta nominatsiyada gʻoliblik uchun kurashib, ularning 7 tasida mukofotga sazovor bo‘lgan.

Sinopsis: Bir necha kundan keyin Tehrondagi kambagʻal oilaning kenja qizi badavlat afgʻonga turmushga chiqadi. Bu sodir boʻlgunga qadar, qizning qarindoshlari oʻz muammolarini hal qilishga harakat qiladi.


“Katta reja” (Nema-ye Nazdik)

Film o‘zini taniqli rejissyor Muhsin Maxmalbof deya tanishtirib, badavlat uyga (go‘yoki suratga olish uchun) kirib olgan va firibgarlik, talonchilikda gumonlanib hibsga olingan sarguzashtchi haqida. Filmning syujetini sud jarayoni tashkil qiladi, lekin kinokartinaning haqiqiy mavzusi Erondagi kinoning maqomidir.

Sinopsis: Oʻzini Muhsin Maxmalbof deya koʻrsatgan yolgʻonchi Husayn Sabzian badavlat oila ishonchini qozonib, ular ishtirokida film suratga olishga va’da berdi. Tez orada u hibsga olinadi va sud qilinadi.


“Samo farzandlari” (Children of Heaven)

Mashhur rejissyor Majid Majidiy tomonidan suratga olingan kino 1999-yilda xorijiy tildagi eng yaxshi film nominatsiyasida Oskar mukofoti uchun nomzodi qoʻyilgan.

Sinopsis: Kambagʻal oiladan boʻlgan Ali maktabdan qaytayotib, singlisining ta’mirlangan yagona tuflisini yoʻqotib qoʻyadi. Bu jiddiy e’tiborsizlik edi. Bolalar ota-onalariga hech narsa aytmaslikka qaror qiladi va ular hech narsani sezmasligi uchun kichik hiyla-nayrang qilishga kelishadi. Ammo, ba’zi-ba'zida sodir boʻlganidek, bunday gʻoya kutilmagan holatlarga olib keladi.


“Va hayot davom etadi” (Zendegi va digar hich)

Rejissyor Abbos Kiarustami tomonidan 1992-yilda suratga olingan Eron filmi oʻsha yilda Kann kinofestivalida dasturida namoyish etilgan. Bu Kiarustamining “Koker” trilogiyasidagi ikkinchi filmdir.

Sinopsis: Bosh qahramon, kinorejissyor va Abbos Kiarustamiyning alter-egosi boʻlib, oʻzining kichik oʻgʻli bilan Eronning Koker qishlogʻiga yoʻl oladi. Bungacha qishloqda kuchli zilzila sodir boʻlgan va koʻplab odamlarning hayotiga zomin boʻlgandi. Ular omon qolganlar bilan uchrashib, “Do‘stimning uyi qayerda?” filmida rol o‘ynagan bolalarni topishga harakat qiladi.


“Doira” (Dayereh)

Jafar Panohiy tomonidan 2000-yilda suratga olingan film zamonaviy Eron ayollarining og‘ir taqdiri haqida hikoya qiladi. Kinokartina Venetsiya kinofestivalida bosh sovrinni qo‘lga kiritgan, biroq Eronning o‘zida de-fakto taqiqlangan.

Sinopsis: Gender kamsitishlariga qarshi toʻgʻridan-toʻgʻri kurashayotgan toʻrt ayolning hikoyalari.


“Nodir va Siminning ajrashishi” (Jodaeiye Nader az Simin)

2011-yilda suratga olingan Asgar Farhodiyning xorijiy tildagi eng yaxshi film nominatsiyasida Oskar mukofotini qoʻlga kiritgan. Farhodiy ushbu filmni o‘zining avvalgi kinosi “Elli haqida"ning mantiqiy davomi deya atagan.

Sinopsis: Simin yaxshiroq hayot izlab Eronni tark etishga qaror qiladi. Ammo uning eri Nodir altsgeymer kasalligidan aziyat chekayotgan otasining yonida qolishga qaror qiladi. Simin 11 yoshli qizi bilan ketish umidida ajrashish uchun ariza beradi, ammo sud qarori uning foydasiga boʻlmaydi.


“Qip-qizil oltin” (Talaye sorkh)

“Qip-qizil oltin” 2003-yilda rejissyor Jafar Panahiy tomonidan suratga olingan Eron filmi boʻlib, 56-Kann kinofestivalining “Boshqacha nigoh” dasturida hakamlar hay’ati mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Sinopsis: Film zargarlik do‘konidagi o‘g‘irlik bilan boshlanadi. Husayn itoat qilishdan bosh tortgan do‘kon egasini otib tashlaydi. Shundan soʻng signalizatsiya tufayli tuzoqqa tushib qoladi va oʻz joniga qasd qiladi. Keyinchalik, film syujeti oʻgʻirlikdan 2 kun oldinga Husayn pitsa yetkazib beruvchi boʻlib ishlayotgan va ijtimoiy mavqei pastligidan yuragi azob chekayotgan vaqtga qaytadi.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ