"Bahodir Yalangtoʻsh" filmi Samarqandda premyera qilindi

E’lon qilingan sana· 1 293
"Bahodir Yalangtoʻsh" filmi Samarqandda premyera qilindi

Samarqand shahridagi “Moʻjiza” amfiteatrida “Bahodir Yalangtoʻsh” tarixiy-badiiy filmining ilk katta premyerasi oʻtkazildi. Bu haqda Kinematografiya agentligi saytida xabar berildi. Ma’lumot uchun film Oʻzbekiston tarixidagi e’tiborga molik shaxslar toʻgʻrisidagi “Tirik tarix” loyihasining ilk filmi hisoblanadi.

“Bugun oʻzbek kinosidagi tarixiy kunlarning biri. “Tirik tarix” dasturidagi filmlarning ilk namunasi “Bahodir Yalangtoʻsh” filmi eʼtiboringizga havola qilindi. Ushbu film muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan suratga olindi.

Ishonch bilan aytish mumkinki, mazkur tarixiy filmlarning aksariyati bevosita Samaqand bilan bogʻliq. Bugungi kunda Sharq madaniyatining oltin beshigi boʻlgan Samarqand chin maʼnoda yirik kino markazlaridan biriga aylanmoqda", — dedi Kinematografiya agentligi direktori.

“Bahodir Yalangtoʻsh” filmi rejissyori Jahongir Ahmedov 3 yil davom etgan suratga olish jarayonlari va uning mashaqqatlari haqida fikr bildirdi.

Kinokartinada Registon majmuasi bunyodkori, Samarqandga hokimlik qilgan sarkarda Bahodir Yalangtoʻshning hayot yoʻli va faoliyati hikoya qilinadi. Amir Yalangtoʻsh avvalo mohir harbiy sarkarda edi. U Buxoro xonligining ikki sulola davrida ham barcha harbiy yurishlarida ishtirok etgan, yirik gʻalabalarni qoʻlga kiritgan.

“Filmlarda, xususan, tarixiy filmlarda ham asosan salbiy obrazlarni ijro etganman. Chunki har qanday filmda salbiy qahramon dinamikani belgilab beradi, shu bilan birga, salbiy obraz aktyordan alohida masʼuliyat, mashaqqat talab qiladi.

Tomoshabinning diqqat-markazida turadi. Abdurahmon devonbegi obrazi ham shular qatoriga kiradi. Shu oʻrinda, bu kabi filmlarni qoʻllab-quvvatlayotgan Kinematografiya agentligiga chin koʻngildan minnatdorlik bildirmoqchiman", — deya fikr bildirdi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Tohir Saidov.

Ta’kidlanishicha, 30-may, payshanba kuni poytaxtdagi Oʻzbekiston Milliy kino sanʼati saroyida “Bahodir Yalangtoʻsh” filmining katta premyerasi oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Kinematografiya agentligi filmning xalqaro kinofestivallarda keng ishtirokini ta’minlash uchun xorijiy (ingliz,rus, turk) tillarga dublyaj qilish va subtitrlashtirish bo‘yicha dublyaj studiyalari o‘rtasida tanlov e’lon qildi.

Tanlovda ishtirok etishni xohlovchilar tomonidan quyidagilar talab qilinadi:

  • taxminiy xarajatlar smetasi;
  • studiyaning dublyaj uchun mo‘ljallangan texnik imkoniyatlari haqida ma’lumot.

Qayd etilishicha, tanlov 2024-yilning 27-mayidan 5-iyun sanasiga qadar davom etadi. Arizalar “Tanlov komissiyasiga” deb, yozma ravishda Kinematografiya agentligiga taqdim etilishi lozim.

Qo‘shimcha ma’lumot uchun telefon: (+998) 71−277−8149.

Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ