Robin Uilyams, Metyu Perri, Uill Smit: ustoz va murabbiylar haqidagi 7 film

Bugun, 1-oktyabr kuni Oʻzbekistonda “Ustoz va murabbiylar kuni” nishonlanmoqda. Koʻplab odamlarning yaxshi hayotga erishishiga asosiy sababchi boʻlgan insoni, albatta, ustozi boʻladi.
Afisha.uz bayram munosabati bilan ustoz va murabbiylar haqidagi filmlarni bir yerga jamladi.
“Dead Poets Society” (1989)
Afsonaviy Robin Uilyams ijrosidagi ajoyib rollardan birini ushbu filmda koʻrishingiz mumkin. 1989-yilda premyera qilingan film har xil reytinglarda yuqori oʻrinlarda turadi. Film “eng yaxshi ssenariy” nominatsiyasida Oskar mukofotini qoʻlga kiritgan.
Nufuzli xususiy maktab Amerika elitasi uchun yangi a’zolarini tayyorlaydi. Bir kuni maktabga yangi adabiyot oʻqituvchisi — xarizmatik va ekssentrik Jon Kiting keladi. Uning oʻqitish usullari boshqa oʻqituvchilarning konservativ yondashuvidan keskin farq qiladi. U oʻz shogirdlariga tanqidiy fikrlash koʻnikmalarini singdiradi va ularni “Carpe diem” (lahzadan zavqlaning) tamoyiliga amal qilishga undaydi. Kitingning shogirdlari uning otashin nutqlaridan ilhomlanib, bir paytlar uning oʻzi a’zo boʻlgan yashirin Oʻlik Shoirlar Jamiyatini qayta tiklashga qaror qiladi.
“Good Will Hunting” (1997)
Barcha davrlarda daho oʻquvchi va uni yoʻlga soladigan mehribon oʻqituvchi haqidagi filmlar tomoshabop boʻlib kelgan. “Good Will Hunting” filmi ham klassik kinokartinalar qatoriga kiradi. Ajoyib aktyor Met Deymon va afsonaviy Robin Uilyams kino darajasini yanada oshiradi.
Uill Xanting — Bostondan kelgan 20 yoshli vunderkind, vaqti-vaqti bilan ko‘ngilsiz voqealarga aralashib qoladi. Politsiya uni navbatdagi mushtlashuvi uchun hibsga olganida, matematika professori uni o‘z vasiyligiga oladi, ammo bir shart bilan: Uill psixoterapiya kursidan o‘tishi kerak. Ishonchsizlik bilan boshlangan “qayta tarbiyalash” seanslari asta-sekin Uill va uning ustozi o‘rtasidagi do‘stlikka aylanadi.
“Muhabbat qissalari” (2000)
Afsonaviy hind aktyori Shohruhxon ham faoliyati davomida oʻqituvchi rolini ijro etgan. Bu 2000-yilda premyera qilingan “Muhabbat qissalari” filmiga toʻgʻri keladi.
Uch nafar yosh talaba elita uchun moʻljallangan va qattiqqoʻl Narayan Shankar rahbarlik qilayotgan erkaklar kollejida o‘qiydi va uning yotoqxonasida yashaydi. Shankar talabalar uchun o‘zining qat’iy qoidalarini o‘rnatadi: ular kollej hududini tark etishlari, tashqi dunyo bilan muloqot qilishlari, qizlar bilan uchrashishlari mumkin emas. Ammo musiqa oʻqituvchisining kelishi bilan hammasi oʻzgaradi.
“Coach Carter” (2005)
Film 1999-yilda Kaliforniyaning Richmond shahrida bo‘lib o‘tgan real voqealarga asoslangan. Maktab basketbol jamoasi murabbiyi Ken Karter mavsum o‘rtasigacha mag‘lubiyatga uchramagan basketbolchilarga maktabdagi past baholar tufayli maydonga chiqishni taqiqlab, misli ko‘rilmagan qaror qabul qiladi.
Oqibatda jamoa chempionatdagi ikkita o‘yinni o‘tkazib yubordi va yosh basketbolchilar yaxshi o‘qiy boshlamaguncha sport zaliga kirish imkoniyati cheklanadi.
“The Ron Clark Story” (2006)
Film real voqealarga asoslangan bo‘lib, bosh qahramonning prototipi Shimoliy Karolinadagi kichik shaharda yashovchi Ron Klark hisoblanadi. Uning rolini “Doʻstlar” seriali bilan mashhur boʻlgan Metyu Perri oʻynaydi.
Oldin provinsiyadagi boshlang‘ich sinflarda dars bergan tashabbuskor o‘qituvchi Nyu-Yorkka ko‘chib o‘tadi va Garlemdagi shahar maktablaridan birida ish boshlaydi, ma’lum bo‘lishicha, u yerda faqat muammoli o‘quvchilarga dars berishga toʻgʻri keladi.
“Druk” (2020)
Film oʻrta yosh tanqisligini boshdan kechirayotgan toʻrt nafar oʻqituvchi haqida. Kinokartina 2021-yilda chet-tilidagi (ingliz tilida boʻlmagan) eng yaxshi film nominatsiyasida Oskar mukofotini qoʻlga kiritgan.
Tarix professori, psixolog, iqtisodchi va fizik ilmiy nazariyani sinab ko‘rishga qaror qiladi. Ammo bu eksperiment yaxshilik bilan yoki yomonlik bilan tugashi noma’lum.
“King Richard” (2021)
Mahoratli aktyor Uill Smit ga Oskar mukofotini olib kelgan filmda ham murabbiylar mavzusi haqida soʻz boradi.
Richard Uilyams tennischi qizlar Serena va Vinus Uilyamsning otasidir. Uning o‘zi deyarli hech qachon tennis o‘ynamagan va professional tennischilarning mashg‘ulotlarini yaxshi tushunmagan. U barcha qizlarini shugʻullantirishni niyat qilgandi, ammo haqiqiy iste’dodni faqat Serena va Vinus ko‘rsatdi.
