Uni tushunishga bizning aqlimiz yetmayotgandir? Yangi Joker obrazi tahlili… 

E’lon qilingan sana· 474
Uni tushunishga bizning aqlimiz yetmayotgandir? Yangi Joker obrazi tahlili… 

Kinoshunoslarning keskin tanqidlariga sabab bo‘lgan “Joker"ning ikkinchi qismi yaqindagina ekran yuzini ko‘rdi. Ko‘p sonli tomoshabinlar filmni muvaffaqiyatsiz deb, bu galgi “Joker"ni jamiyatdagi oddiy odamdan farqi qolmagani haqida aytishmoqda. Biz ham shu haqda maqola tayyorlagan edik.

Chindan ham odamlarni o‘ralagan shafqatsizlikdan to‘ygan Artur ismli shaxs, zo‘raki yigitchalarni o‘ldirib Jokerga aylanib qolgani saviyali tomoshabinni o‘ylantirib qo‘ydi. Artur chirigan olma yonida yotgan boshqa meva kabi edi, u chirib borayotgan olmadan uzoqlashmadi, balki unga singib ketdi…

Xoʻsh, tomoshabin mehrini qozonishi kerak bo‘lgan Joker aslida qanday bo‘lishi kerak edi? Jokerning shu kungacha yaratilgan talqinlari qanday qilib kinomanlarning mehrini qozona olgan? Bugun shu haqda gaplashamiz!

Borliq mavjud ekan, unda qarama-qarshiliklar doim ro‘y bergan va bu jarayon hech qachon tugamaydi. Deylik, ma’lum shaxs kambag‘allikdan qo‘rqib, doim pulsiz qolib ketmaslikka intiladi. Biror qizni sevib qolgan yigit esa sevgilisidan ayrilib qolmaslik uchun doim uning ko‘nglini olishga intiladi.

Atrofimiz shunday ziddiyat va qarama-qarshiliklar bilan to‘la, shunchaki biz bularga jiddiy qaramaymiz xolos. Insoniyatni harakatga keltiradigan, jamiyatni uyg‘otadigan narsalar aynan ziddiyatlar ortidan yuzaga keladi.

Buni qarangki, kino olamida ham shunday, har qanday dramaning ostida ziddiyat-u qarama-qarshiliklar yotadi. Lekin bizning bugungi qahramonimiz Xoakin Feniksning Jokeri bu qarama-qarshilikka bardosh bera olmagan shaxsdir.

U boriga ko‘nikib yashashga o‘rgangan, jamiyatdagi voqealar esa uning jahlini chiqardi va uning o‘zi, o‘z xohishi bilan man shu jamiyatning “yorqin” vakiliga aylandi xolos. Ya’ni u takror va takror aytaman, shafqatsiz jamiyatdan ajralib chiqmadi, aksincha singib ketdi. Lekin shu kungacha yaratilgan Jokerlar o‘zining intellektual yoki sovuqqon xarakteri bilan ajralib turgan.

Joker shunchaki o‘ylab topilgan personaj bo‘lishiga qaramasdan kino olamidagi eng mashhur yovuz qahramonlardan biri hisoblanadi. Shu kungacha uni katta ekranlarda, asosan top darajadagi rejissyorlar va aktyorlar talqin qilgan deyish mumkin.

Qiziqarli tomoni uni ijro etishga qaysi aktyor kirishmasin Jokerning oq rangdagi grimi, qizilga bo‘yalgan labi va yashil tusdagi sochlari hech qachon o‘zgarmagan. Jokerning shu kungacha yetib kelgan qo‘rqinchli tabassumli obrazi Viktor Gyugo romani asosida tayyorlangan “Kulayotgan odam” filmi qahramonidan olingan.

Film 1928-yilda chiqib, buni qarangki, deyarli 100 yil o‘tgan boʻlsada, Jokerning tashqi ko‘rinishi borasida tubdan o‘zgarish yuz bermagan. Lekin xarakter tomonlama Jokerlar turlicha… Aslida shunday ham bo‘lishi kerak!

Rang-baranglik borasida Xit Leydjer ijrosidagi Joker ko‘p sonli tomoshabinlarning sevimli qahramoniga aylanib bo‘lgan. Saviyali tomoshabinlar e’tiborini tortgan bu obraz o‘zining yuqori intellekt sohibi ekanligi bilan doim ajralib turgan. Kristofer Nolanning “Betmen” trilogiyasida ko‘rinish bergan Joker XXI asrning eng yaxshi yovuz qahramonlaridan bo‘lgan deyish mumkin.

Bu Jokerning qolganlaridan farqi u juda ham sirli edi. U qayerdan kelib qolgan, uning miyasidagi o‘rmalab yurgan fikrlar qanday, Joker ismli shaxs qayerdan paydo bo‘lib qolgan o‘zi? Afsuski, aka-uka Nolanlar bu savollarga javob berishmagan. Lekin bir narsa aniq-ki, Xit Leydjer oʻz Jokerini ijro mahorati tomonidan joy-joyiga keltirib qo‘ygan.

Agarda bunday bo‘lmaganida u kinematografiya tarixidagi salbiy qahramon obrazi uchun birinchi Oskar olgan aktyorga aylanmagan bo‘lar edi. Xit hozirgi Jokerni koʻrganida qanday fikr bildirar edi, bilmadim…

Jek Nikolson talqinidagi Joker esa Xit Leydjernikidan tubdan farq qilgan. U shunchaki buyruqni bajaradigan kallakesar bo‘lib, odamlar o‘zlariga qo‘yadigan chegaralarni xushlamaydigan shaxs edi. Lekin uning obrazi orqali chegaradan chiqish g‘oyasi targ‘ib qilinmagan, sababi Nikolsonning Jokeri ana shu chegara yoqasida yashardi.

O‘zingiz e’tibor bering, yuqorida sanab o‘tilgan ikki Jokerlar bir xillikni xushlamas va doimiy o‘zgarishlarni sevuvchi personajlar edi. Qoidaga koʻra, qarama-qarshilik yuzaga kelishi uchun tartib va qonunlarni ma’qullovchi qahramon Jokerlarga qarshilik qilishi kerak edi. Anglaganingizdek, bu qahramon, albatta, Betmen!

Betmen salbiy qahramon bo‘lmasa-da, xohlaymizmi yo‘qmi, jamiyatni qonun doirasida yashashga targ‘ib qiladi. Albatta, bunday g‘oyaning fonida Jokerdek qoidalarga bo‘ysunishni istamaydigan qahramon ko‘klarga ko‘tariladi.

E’tibor bergan boʻlsangiz, men yuqorida Jokerlarning raqibi Betmen bo‘lganligini aytib o‘tdim. Qiziqarli tomoni shundaki, Xoakin Feniks talqin qilgan Jokerning shaxs sifatida gavdalanuvchi raqibi mavjud emas.
Jokerni bu darajaga olib kelgan va unga qarshilik ko‘rsatgan narsa bu jamiyatdagi illatlar. Ha, kinoda raqib sifatida aynan shaxs kelishi shart emas. Bu haqida boshqa maqola, albatta, yozaman.

Afsuski, Xoakin Feniskning Jokeri bu illatlar qurboni bo‘lib, oxir-oqibat ana shu odamlardan farq qilmay qoldi. Deylik, jamiyat orasida biz korrupsiyaga qarshimiz deb bir odam jar solsa-yu, oxir oqibat o‘zi ana shu odamlar orasida eng katta korrupsioner bo‘lib chiqsa, bu holat hammani ajablantirgan bo‘lar edi.

Bir so‘z bilan aytganda, Artur Flek jamiyat qurboni, uni ijro etgan Xoakin Feniks esa Todd Fillipsning sust rejissurasi qurboni bo‘lib qoldi.

Uilyam Defo bosh rolni ijro etgan “Van Gog” kartinasida ijodkorlarga aloqador bo‘lgan dialog bor. Unda Vinsent rohib bilan suhbatda

“Balki mening suratlarim hali tug‘ilmagan insonlar uchun chizilayotgandir”, — deb aytadi.

San’atshunos sifatida Xoakin Feniksning Jokeriga Van Gog nuqtasidan qarashga ham urinib ko‘rdim, balki Jokerning dunyosini tushuna olmayotgandirman, Todd Fillipsning g‘oyalari miyamga sig‘mayotgandir, deb fikrlab ko‘rdim. Lekin kinoshunoslarning qo‘ygan bahosidan kelib chiqib aytish mumkin-ki, Joker chindan ham sust.

Joker bizni sevdira olmadi!

Abdullajon Yusupov
Muallif
Abdullajon Yusupov