Linkoln, Bush, Obama: AQSh prezidentlari haqidagi filmlar

AQShda boʻlib oʻtadigan prezidentlik saylovlarini butun dunyo odamlari qiziqish bilan kuzatadi. Hozir AQSh navbatadagi saylovlarni oʻtkazish arafasida turibdi. Kinematografiyada Qoʻshma shtatlar prezidentlari hayotini namoyish etishga koʻp marta urinib koʻrilgan.
Butun dunyo uchun katta hodisaga aylanadigan voqea oldidan Afisha.uz Amerika prezidentlari haqidagi eng yaxshi filmlar haqida ma’lumot beradi. Hozir bu filmlardan birini tomosha qilishning ayni vaqti.
“Jefferson in Paris” (1995)
1995-yilda rejissyor Jeyms Ayvori tomonidan Amerikaning uchinchi prezidenti Tomas Jefferson haqida film suratga olingan. Unda Jeffersonning prezidentlikkacha boʻlgan davri haqida hikoya qilinadi.
AQShning Fransiyadagi elchisi Tomas Jefferson Buyuk fransuz inqilobi arafasida Parijga keladi. Elita go‘zal va hashamatli hayot kechirayotgan edi. Shu vaqtda Jefferson mamlakat odamlari va ular oʻzini qanday tutishi bilan tanishadi, uchrashuvlarda qatnashadi.
“Nikson” (1995)
Amerika prezidentlari haqida film ishlash boʻyicha tajribaga ega boʻlgan Oliver Stoun muddatidan oldin iste’foga chiqqan AQShning yagona prezidenti haqida kino ishlaydi. Kinokartina bosh rolni buyuk aktyor Entoni Xopkins ijro etgani bilan ham ajralib turadi.
Film AQShning 37-prezidenti Richard Milxaus Nikson hayotining muhim lahzalarini, shuningdek, uning 1960-yildan keyingi siyosiy faoliyati boʻlgan prezidentlik uchun birinchi kampaniyasi davrini tasvirlaydi. Shuningdek, kinokartinada mashhur Uotergeyt mojarosi atrofidagi voqealarga e’tibor qaratiladi.
“Thirteen Days” (2000)
“Thirteen Days” filmi asosan tarixga “Karib krizisi” nomi bilan kirgan tarixiy voqea haqida hikoya qiladi. Bu vaqtda Amerikaning 35-prezidenti boʻlgan Jon Kennedi atrofidagi voqealar namoyish etiladi.
1962-yil oktyabr oyida dunyo dahshatli halokat yoqasida qoladi. Yer yuzidagi odamlar bir-biriga yadro quroli xavfini tugʻdirayotgan ikki buyuk davlat — AQSH va SSSR o‘rtasidagi siyosiy, diplomatik va harbiy qarama-qarshilik nimalarga olib kelishini hayajon bilan kutayotgan edi.
“W.” (2008)
Rejissyor Oliver Stoun “Nikson” filmidan 13 yil oʻtib yana bir Amerika prezidenti Jorj Bush haqida biografik kinokartina suratga oladi. Asosiy rollarni Josh Brolin, Elizabet Benks, Jeyms Kromvellar ijro etgan.
Film syujetida markazida Iroqqa bostirib kirish boshlanishidan oldin prezident Jorj Bushning kabinetidagi yig‘ilishlar aks etgan. Fleshbeklar bo‘lajak prezident hayotidagi muhim voqealarni aks ettiradi.
“Hyde Park on Hudson” (2012)
Mashhur aktyor Bill Myurrey 2012-yilda premyera qilingan filmda Amerikaning 32-prezidenti Franklin Ruzvelt rolida koʻrinish beradi. Hammasi aktyorning Oskar mukofotini qoʻlga kiritishiga qarab ketayotgandek edi goʻyo, lekin film kutilganidek chiqmadi.
Film ingliz qirollik oilasining 1939-yildagi Amerikaga tarixiy tashrifi chog‘ida AQSH prezidenti Franklin Ruzvelt va uning xolavachchasi Deyzi o‘rtasida boshlangan shiddatli sevgi-muhabbat tarixi haqida hikoya qiladi. Prezident o‘z his-tuyg‘ularini xotini, ko‘p sonli mulozimlari va xizmatkorlaridan yashirishi kerak.
“Linсoln” (2012)
Bill Myurrey Oskar mukofotini yuta olmagan boʻlsa, boshqa bir buyuk aktyor Deniel Dey Lyuis Avraam Linkoln roli bilan bu mukofotni qoʻlga kiritgan. Filmga Stiven Spilberg rejissyorlik qilgan.
1865-yil. Amerika Qo‘shma Shtatlarining o‘n oltinchi prezidenti Avraam Linkoln mashhurlik cho‘qqisida. Ammo uning oldida jiddiy vazifalar turibdi. U vakillar palatasi orqali qullikni taqiqlovchi Konstitutsiyaga tuzatish kiritishi va fuqarolar urushini tugatishi kerak.
“The Butler” (2013)
“Washington Post” nashrida e’lon qilingan maqoladan asosida suratga olingan filmda Oq uyda sakkiz xil Amerika prezidentiga xizmat qilgan saroy xodimi Yujin Allen haqida hikoya qilinadi.
Film qora tanli xizmatchining hayoti va faoliyati haqida hikoya qiladi. U avval boy oilada, keyin mehmonxonada, keyin esa Oq uyda ishlaydi. Kinokartinada bosh qahramon xizmatchining o‘zi bo‘lsa-da, u hamda o‘g‘lining mamlakatdagi qora tanli aholining ahvoli haqidagi turli qarashlari ham namoyish etiladi.
“Barry” (2016)
Asli kelib chiqishi hindistonlik boʻlgan rejissyor Vikram Gandi 2016-yilda AQShning 44-prezidenti Barak Obama hayoti haqida badiiy film suratga oladi. Unda prezidentning 1981-yilda Kolumbiya universitetida oʻtgan yillari haqida hikoya qilinadi. Bosh rollarda Devon Terrell va Anya Teylor-Joy ijro etgan.
Kolumbiya universitetining birinchi kurs talabasi Barri uchrashuvlarga boradi, basketbol o‘ynaydi, ziyofatlarda qatnashadi, o‘z hayot yo‘lini izlaydi va 30 yildan keyin AQSH prezidenti lavozimini egallashi haqida umuman oʻylab ham koʻrmaydi.
