"Jumboqlar xonasi", "Barchamiz oʻlikmiz", "3%": "Kalmar oʻyini"ga oʻxshash film va seriallar

E’lon qilingan sana· 833
"Jumboqlar xonasi", "Barchamiz oʻlikmiz", "3%": "Kalmar oʻyini"ga oʻxshash film va seriallar

Netflix platformasida 2024-yilning 26-dekabr sanasida “Kalmar oʻyini” serialining ikkinchi mavsumi premyera qilindi. Bu ham avvalgi mavsum kabi bir qator rekordlarni yangilamoqda. Ikkinchi mavsum ba’zi tanqidlarga uchragan boʻlsa ham qiziqishni yoʻqotmadi.

Afisha.uz koreys seriali muxlislari uchun “Kalmar oʻyini"ga oʻxshash boshqa filmlar haqida ma’lumot beradi.


Filmlar

“Oʻnta negr bolasi” (“And Then There Were None”)

Agata Kristining eng mashhur asarlaridan biri boʻlgan “Oʻnta negr bolasi” asosida bir qator filmlar va seriallar ishlangan. Ammo bu jamlanmada ularning eng mashhurini keltirishga qaror qildik. Kinokartina 1987-yil Sobiq Ittifoqda ishlangan.

Oʻn kishi turli baholar bilan bir orolga taklif etiladi va ular birin-ketin halok boʻla boshlaydi. Stolda oʻnta negr bolasining haykallari turadi va har bir qotillikdan keyin ular kamayadi. Oroldagi odamlar qotilni qidirish payiga tushadi.

Filmni tomosha qilish.


“Arra” (“Saw”)

“Arra” franshizasiga kiruvchi juda koʻplab kinokartinalar suratga olingan. Ammo ularning hammasi ham maqtovga loyiq emas. 2004-yilda premyera qilingan ilk film esa qoʻrqinchli filmlarni yoqtiradiganlarning yuqori baholariga loyiq koʻrilgandi.

Ikki notanish kishi g‘alati yerto‘lada uyg‘onadi. Xonaning o‘rtasida boshiga oʻq otilgan erkakning jasadi, uning qo‘lida esa qurol. Ular to‘piqlaridan zanjir bilan devorga bog‘lab qo‘yilgan. Ikkovi ham bu yerga qanday kelib qolganini bilmaydi.

Filmni tomosha qilish.


“Jumboqlar xonasi” (“Escape room”)

2019-yilda rejissyor Adam Robitel tomonidan “Kalmar oʻyini” syujetiga oʻxshash film ishlanadi. Ammo bunda ishtirokchilar bolalar oʻyinlarini oʻynashi kerak boʻlmaydi. Balki tayyorlab qoʻyilgan kvestdan jamoaviy tarzda oʻtishi kerak boʻladi.

Sirli tashkilotdan g‘olib katta summaga ega bo‘lishi aytilgan kvest o‘ynashga taklifnoma olgach, bir-biriga notanish bo‘lgan olti kishi omadini sinab ko‘rishga qaror qiladi. Ammo tez orada ular o‘yin uchun tasodifan tanlanmaganliklarini, topshiriqlar unchalik oddiy emasligini va ularga haqiqiy xavf tahdid qilayotganini, o‘yindagi garov esa ularning o‘z hayoti ekanini tushunadi.

Filmni tomosha qilish.


Seriallar

“Alisa chegara oldida” (“Alice in Borderland”)

“Kalmar oʻyini” seriali koʻpchilikda Sharqiy Osiyo davlatlari kinematografiyasiga qiziqish ortdi. Shu jumladan, yaponiyalik Xaro Aso tomonidan “Alisa chegara oldida” nomli mangaga asoslangan ilmiy fantastika va triller janridagi serial suratga olingan. Hozirgacha serialning uchta mavsumi premyera qilingan.

Yosh ishsiz qimorboz Ryohei Arisu otasi va akasi bilan yana bir bor janjallashib, uydan chiqib ketadi. U ikki qadrdon do‘sti bilan uchrashadi. Ularning biri ishdan ketgan, ikkinchisi esa bo‘shatilgan. Sibuya tumanidagi osmonda g‘alati salyut otiladi va dunyoni yangi reallik qoplaydi.

Serialni tomosha qilish.


“Barchamiz oʻlikmiz” (“All of Us Are dead”)

“Barchamiz oʻlikmiz” seriali koreyalik ijodkorlar tomonidan suratga olingan boʻlib, “Now at Our School” veb-komiksiga asoslangan. 2022-yilda premyera qilingan serial 12 qismdan iborat.

Bir guruh yuqori sinf o‘quvchilari ekstremal sharoitlarga duch keladi, ular maktabda qamalib qolishga majbur boʻladi, chunki tashqarida odamlarni zombilarga aylantiradigan virus shiddat bilan tarqalayotgandi.

Serialni tomosha qilish.


Qogʻoz bino (“Money heist”)

Oʻzbekistonlik serial muxlislari orasida “Qogʻoz bino” nomi bilan mashhur boʻlgan serial ispaniyalik ijodkorlar tomonidan suratga olingan. Besh mavsumlik serial professor boshchiligida uzoq vaqt oldin tayyorlangan ikki o‘g‘rilik haqida hikoya qiladi.

Sakkiz nafar o‘g‘ri Ispaniya Qirollik zarbxonasida odamlarni garovga oladi. Professor laqabli qahramon esa o‘z rejasini amalga oshirish uchun politsiyani manipulyatsiya qilishni boshlaydi.

Serialni tomosha qilish.


“3%”

Braziliyalik kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan serial triller-antiutopik janrda boʻlib syujeti uzoq kelajakdagi voqealar haqida hikoya qiladi. Serial toʻrtinchi mavsumdan keyin yakunlangan.

Serialda keskin ijtimoiy tengsizlik koʻrsatiladi, odamlar ikki qismga boʻlingan — qashshoqlar va boylar. Barcha odamlarga bir marta yaxshiroq hayot kechirish imkoniyati beriladi, ammo bunga faqat uch foizgina odam erishadi.

Serialni tomosha qilish.


“Vahima” (“Panic”)

AQShda 2021-yilda suratga olingan serial boʻlib 10 qismdan iborat. Serial 2014-yilda yozilgan shu nomli asar asosida ishlangan.

Bir guruh bitiruvchilar kichik va zerikarli shaharchadan chiqib ketishni orzu qiladi. Bu yaxshi kelajak uchun yagona imkoniyat hisoblanadi. Bu har yilgi sirli o‘yinda g‘alaba qozonish va katta pul mukofotini olish orqali amalga oshiriladi.

Serialni tomosha qilish.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov