"Kalmar oʻyini 2": e'tibordan chetda qolgan ba'zi jihatlar

“Kalmar oʻyini” serialining ikkinchi fasli uzoq kutildi va shunga yarasha tomoshabinlar orasida shovqin koʻtara oldi. Birinchi faslidan keyin davomini intiq kutganlar serialni diqqat bilan kuzatdi, bir zumda koʻrib tugatdi (shu jumladan, Afisha.uz muharrirlari ham). Avvalroq kolumnistimiz Nodirabegim Ibrohimova “Kalmar oʻyini” haqida “Kutilgan serialning kutilmagan omadsizligi” nomli maqola yozgandi.
Hozir Instagram’da ham, TikTok’da ham shu mavzu — Gi Hunning harakatlari-yu, Tanosning raqslari, teoriyalar-u, ayrim kamchiliklar. Uchinchi mavsum ham shu yil e’lon qilinadi. Keling, ungacha 2-faslni esga olamiz va ba’zi e’tibordan chetda qolgan, ammo yakunda muhim boʻlib chiqishi mumkin boʻlgan ayrim jihatlarni koʻrib chiqamiz.
Eslatma: agar serialni hali beri koʻrmagan boʻlsangiz, ushbu maqolani oʻqishni shu yerda toʻxtating, bundan keyin spoylerlar bor.
In Ho sut ichmaydi
1-faslda boʻlganidek, bu safar ham 001 raqamli ishtirokchi katta sahnaga chiqdi (bu boʻyicha tajribasi bor Gi Hun negadir bunga ahamiyat bermadi). Esingizda boʻlsa, 1-mavzumda 456-raqamli oʻyinchi oshqozonida muammosi borligini aytib, oddiy sut icholmasligini aytadi. Oʻsha paytdagi 001, ya’ni oxirida muhim shaxs boʻlib chiqqan qariya Il Nam bundan xursand boʻlib, oʻgʻli ham sut iste’mol qilolmasligini bildiradi.
2-mavsumda esa yangi 001 bir, ya’ni In Ho ham sut icholmasligi sababli uni homilador ayolga uzatadi. Bu esa bir teoriyani keltirib chiqaradi: birinchi va ikkinchi fasldagi 001 raqamli ishtirokchilar — ota-bola.
Gi Hun jamoasi oxirgi boʻlib oʻynadi
5 kishilik jamoaviy oʻyinni eslaysizmi? Shu oʻyinda Gi Hun, uning yaqin doʻsti, In Ho, homilador ayol va dengiz qoʻshinlari xizmatchisi bir jamoa boʻlib oʻynaydi va ular oxirida qoladi.
In Ho yutqazishi mumkinligini tushunib, eng oxirida qoladi. Va buni barcha o‘yinchilar ko‘z o‘ngida qilish xato bo‘lardi, chunki u boshqa xodimlar kabi o‘z shaxsini ishtirokchilardan sir tutadi. Shuning uchun ham In Ho eng oxirida oʻynadi: agar u yutqazsa, jamoasidagilarning hammasini chiqarib tashlashardi, u esa o‘zining tashkiliy ishlariga qaytardi.
Devordagi ishoralar
Birinchi mavsumda o‘yinchilarning ko‘z o‘ngida keyingi o‘yinlar haqida ko‘rsatmalar bor edi. Ikkinchi mavsumda ham shunday. Keyingi o‘yinlardan biri qandaydir tirmashib chiqishlar bilan bog‘liq bo‘ladi.
Ehtimol, qahramonlar to‘siqlardan ushlab turishlari va ularga nimadir xalaqit bermaguncha oldinga siljishlari kerak bo‘ladi. Bu o‘yin qahramonlar shisha ko‘prikdan o‘tishga majbur bo‘lgan birinchi mavsumdagi oʻyinga oʻxshashi mumkin.
Shaxmat
Devorlardagi o‘yinlarga oid yana bir ma’lumot qora va oq rangli geometrik figuralar bilan bog‘liq. Ba’zi muxlislar buni chang — Janubiy Koreya shaxmatlari bilan bog‘lashmoqda.
Ushbu kichik nazariyaga ko‘ra, o‘yinchilar o‘yin uchun qancha figura kerak bo‘lsa, shuncha qoladi va keyingi sinov qanday bo‘lishini bilishdan oldin o‘yinchilar ikki jamoaga bo‘linadi va ulardan biri Gi Hun bo‘lishi aniq bo‘lgan ikkita sardorni tanlash topshiriladi.
Xuddi “Garri Potter"dagi kabi u hammani qutqarish uchun odamlarni qurbon qilishi kerak. Bu esa Gi Hunni keyingi o‘yinning shafqatsiz boshlovchisiga aylantirish yo‘lida yana bir qadam bo‘lishi mumkin.
Titrlardan keyingi sahna — yangi oʻyin
“Kalmar oʻyini"ning ikki faslida ham titrlardan keyingi sahnalar deyarli yoʻq, shunga oʻrgangan muxlislar, ehtimol, 2-mavsumning 7-seriyasidagi yagona shunday joyini ham oʻtkazib yuborgan. Unda o‘yinchilar keksa qo‘g‘irchoqqa yaqinlashadilar, u esa o‘z navbatida qo‘g‘irchoqqa o‘g‘il bola sifatida qaraydi, keyin esa kadr temir yo‘l kesishmalariga xos svetoforga o‘tadi.
Muxlislarning fikriga ko‘ra, bu Janubiy Koreyada juda mashhur bo‘lgan “Dong dong” o‘yini bo‘lishi mumkin. Qoidaga ko‘ra, bir nechta juftlik ma’lum bir tarzda turadi va har bir juftlik boshqa o‘yinchilar o‘tadigan arkka o‘xshaydi. Bu vaqtda bolalar qo‘shiq aytishadi va qo‘shiq tugagach, ark yopiladi va unga tushgan bolalar yangi qo‘riqchilarga aylanadi. Serialda esa oʻyin biroz oʻzgartirilishi mumkin.
Siz yana qaysi jihatlarni e’tiborga molik deb hisoblaysiz? Uchinchi mavsumdan nimalar kutyapsiz? Izohlarda yozib qoldiring.
Material internetdagi ma’lumotlar asosida tayyorlandi va mutlaq haqiqatga davo qilmaydi.
