456-oʻyinchi: Li Jon Jening boshqa e'tiborga molik rollari

Janubiy koreyalik aktyor Li Jon Je o‘z Vatanida ajoyib karyera qilib, podiumlar va kino yulduziga aylangan. Biroq “Kalmar oʻyini"gacha uning faoliyatida turg‘unlik kuzatilgandi, ammo u 50 yoshga to‘lish arafasida butun dunyoga mashhur boʻlgan serialda bosh rolni ijro etdi va butun yana shon-shuhratga erishdi. Hozir esa uning filmografiyasidagi har bir yangi loyiha muxlislarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Afisha.uz “Kalmar oʻyini” seriali yulduzining boshqa e’tiborga molik rollari haqida ma’lumot beradi.
“Yosh yigitcha” (Jeolmeun namja) 1994
Li Jon Jening birinchi katta ishi “Yosh yigitcha” kriminal dramasi bo‘lib, aktyor uchun eng yaxshi debyut ishi sifatida Janubiy Koreyaning nufuzli “Moviy ajdarho” va “Katta qo‘ng‘iroq” mukofotlarini keltirgan.
Seulda yashaydigan Li Xan In shuhratparast, yosh va yolg‘iz boʻlib, go‘zal qizga, yaxshi avtomobilga va erkin hayotga ega bo‘lishni xohlaydi. Modellik qilayotganda, qahramon o‘ziga ideal tuyulgan qizni uchratadi. Taqdir taqozosi bilan uning yoʻllari jinoiy shaxslar bilan kesishadi. Bu shaxslar tufayli Li hamma narsasidan ayrilishi mumkin.
“Quyosh chiqayotgan shahar” (Taeyangeun eopda) 1999
Aktyor karyerasidagi navbatdagi katta muvaffaqiyat 1998-yilda suratga olingan va 1999-yilda katta ekranlarga chiqarilgan “Quyosh chiqayotgan shahar” dramasidan keyin boʻgan. Jon Je bu roli uchun navbatdagi “Moviy ajdarho” mukofoti va Koreya kinotanqidchilar uyushmasining mukofotiga sazovor bo‘ladi.
Muvaffaqiyatsizlikka uchragan do‘stlar katta megapolisda o‘z hayotini tiklashga harakat qiladi. Ulardan biri firibgar, ikkinchisi esa bokschi. Lekin yashash bu yigitlar uchun oson boʻlmaydi, taqdir vaqti-vaqti bilan oʻz zarbalarini yogʻdiradi.
“Dengiz boʻyidagi uy” (Siworae) 2000
Oradan ikki yil o‘tgach, Li “Dengiz bo‘yidagi uy” melodramasida bosh rolni o‘ynadi, keyinchalik esa Warner Bros kompaniyasi ushbu filmning remeykini ishlash huquqini oldi. 2006-yilda Kianu Rivz ishtirokida amerikancha “Dengiz boʻyidagi uy” kinokartinasi suratga olindi.
Son Hyun ismli qahramon 1997-yilda 1998-yilda bo‘ladigan qor bo‘ronidan ehtiyot bo‘lish kerakligi haqida xat oladi. Ajablanarli tomoni xat 1999-yilda yozilgandi.
“O, birodarlar!” (O! Beuradeoseu) 2003
2003-yilda aktyor faoliyatidagi eng muvaffaqiyatli film bo‘lgan “O, birodarlar!” komediyasida rol o‘ynaydi. Statistik ma’lumotlarga koʻra, bu kinoni 3 milliondan ortiq janubiy koreyaliklar tomosha qiladi, ammo Li bundan keyin 2 yil davomida kino ekranlaridan g‘oyib bo‘ladi.
Bosh qahramon O San su qaltis vaziyatga tushib qoladi. U sotqin politsiyachilardan qarzdor, shu vaqtda esa otasi vafot etadi va qarzlari tufayli hisoblari muzlatiladi. Shu paytda paydo boʻlgan akasidan qarzlarini toʻlash uchun foydalanishga qaror qiladi.
“Xizmatkor ayol” (Hanyeo) 2010
“O, birodarlar!” filmidan soʻng aktyorning faoliyatida turgʻunlik kuzatiladi. U bir qator filmlarda rollar ijro etdi, ammo ular mashhurlikka erishmadi. 2010-yilda aktyor Kann kinofestivali va Torontodagi xalqaro kinofestivalida namoyish etilgan “Xizmatkor ayol” qoʻrqinchli kinokartinasida bosh rolni ijro etdi.
Boy oilaning uyiga xizmatchi sifatida kelgan ayol yangi xodim sifatida o‘z vazifasini yaxshi uddalaydi va muammolarni keltirib chiqarmaydi. Ammo tez orada uy egasi uning aloqalari kulfat keltirishni boshlaydi.
“Oʻgʻrilar” (Dodukdeul) 2012
Oradan ikki yil oʻtib, Li Jon Je yana bir mashhur filmda rol ijro etadi. “Oʻgʻrilar” kinokartinasi jangari, jinoiy, komediya va triller janrlarini birlashtirgan.
Xalqaro o‘g‘rilar jamoasi Makaoda katta talonchilikni rejalashtirmoqda. To‘da a’zolarining barchasi tajribali professionallar bo‘lib, xavfli va stressli sharoitlarda samarali ishlashga qodir. Ammo bu rejada barcha rollar aniq belgilanganiga qaramay, ishtirokchilarning ko‘pchiligi faqat o‘z ulushi bilan kifoyalanishni xohlamaydi. Buning ustiga ulardan biri yashirin politsiyachi hisoblanadi.
“Yangi dunyo” (Sinsegye) 2013
“Yangi dunyo” Martin Skorseze tomonidan ishlangan va bosh rollarni Leonardo di Kaprio hamda Met Deymon ijro etgan “Murtadlar” (“The Departed”) filmidan ilhomlanib suratga olingan. Shundan soʻng boshqa davlat kinematografiyalarida ham bu syujet mashhurlikka erishgan.
U 8 yil oldin jinoiy tashkilotga niqob ostida yuborilgan politsiyachi edi. Endi esa ikki oʻt orasida qolmoqda: bir tomonda — o‘z hayotini ishonib topshirgan gangster, ikkinchi tomonda — uni faqat xo‘rak deb biladigan politsiya boshlig‘i. U or-nomus va sadoqat haqidagi tasavvurlariga asoslanib, tanlov qilishi kerak.
“Qotillik” (Amsal) 2015
Koreya kinematografiyasi deganda koʻpchilikning xayoliga darhol tarixiy filmlar keladi. Li Jon Je ham 2015-yilga kelib, shu janrdagi filmda rol oʻynaydi. Biroq kinokartina uzoq tarixni emas yigirmanchi asr boshlarida Yaponiya Koreyani bosib olishini va ko‘plab ozodlik kurashchilari o‘z rejalarini yaponlardan yashirish uchun Xitoyga qochishga majbur bo‘lishganini koʻrsatadi.
Shanxay, 1933-yil. O‘z Vatanida otib o‘ldirishga hukm qilingan snayper qiz An Ok Yun qotillik rejasini tuzish va buning uchun o‘ziga o‘xshagan quvg‘indagi ozodlik kurashchilari jamoasini to‘plash to‘g‘risida buyruq oladi. Katta tayyorgarlik ko‘rilganiga qaramay, An o‘zining yaqiniga ayg‘oqchi kirib olganini xayoliga ham keltirmaydi.
“Ov” 2022
Li Jon Je oʻzini kinematografiyadagi aktyorlikdan boshqa sohalarda ham sinab koʻradi. Xususan, u 2022-yil may oyida Kann kinofestivalida premyera qilingan “Ov” filmiga rejissyorlik qilgan. Shuningdek, kinokartinada bosh rolni aktyorning o‘zi o‘ynagan.
“Ov” filmning asosiy qahramonlari — kommunistik partiya josusining iziga tushgan ikki janubiy koreyalik kontrrazvedkachilar boʻlib, kinokartinada ular boshidan kechirgan voqealar hikoya qilinadi.
Bonus: “Akolit” seriali (The Acolyte) 2024
“Kalmar oʻyini” serialidagi mashhurlikdan soʻng Li Jon Je amerikalik ijodkorlar tomonidan Disney+ striming servisi uchun suratga olingan “Akolit” serialida asosiy rollardan birini ijro etadi. Serial sakkiz qismdan iborat.
Bosh qahramon qiz va uning o‘qituvchisi bir qator jinoyatlarni tergov qilishni boshlaydi va yovuz kuchlarga qarshi chiqadi.
