Ekologik muammolar haqida hikoya qiluvchi 10 ta film

E’lon qilingan sana· 4 854
Ekologik muammolar haqida hikoya qiluvchi 10 ta film

Yana bir kun va yana bir yomon havo. Bu aholi tomonidan ishlatiladigan deyarli har kunlik iboraga aylanib qolmoqda. Toshkent hali hamon reytinglarda havo darajasining yomonligi boʻyicha yetakchilar qatoridan joy olmoqda. Ekologik muammo har kungidan ham aktual boʻlib qolmoqda.

Afisha.uz ushbu jamlanmada yer sharidagi ekologik muammolar haqida hikoya qiluvchi 10 ta badiiy va hujjatli filmni bir yerga toʻpladi.

Badiiy filmlar

Deepwater Horizon

Ushbu film real voqealarga asoslangan halokatli filmlar ishqibozlariga yoqishi mumkin. Deepwater Horizon 2010-yilda sodir bo‘lgan va dunyoni larzaga solgan neft platformasining portlashi va neftning yoyilishi haqida hikoya qiladi. Kinokartina ba’zan dunyo “qora oltin” qazib olish uchun to‘laydigan dahshatli narxni yaqqol ko‘rsatib beradi.

Navbatchilikka ketayotgan ishchilar oila a’zolari bilan xayrlashar ekan, boshqa hech qachon qaytib kelmasligi mumkinligini xayoliga ham keltirmaydi.

Filmni tomosha qilish.


The East

Rejissyor Zal Batmangelidj tomonidan suratga olingan siyosiy triller 2013-premyera qilingan. Unda bosh rollarni Brit Marling va Aleksandr Skarsgard ijro etgan.

Film syujeti katta va yomon korporatsiyalardan qasos olishga urinayotgan “Vostok” ekologik terrorchilar guruhi ichiga yashirin tarzda kiritilgan detektiv agentlik vakilining ishi haqida hikoya qiladi.

Filmni tomosha qilish.


Erin Brockovic

Stiven Soderberg tomonidan 2000-yilda suratga olingan film biografik janrda boʻlib, real voqealarga asoslangan.

Eko-aktivist Erin Brokovich Kaliforniya shtatidagi Xinkli hududining yer osti suvlarini ifloslantirgan va shu bilan shaharliklarda saraton kasalligini keltirib chiqargan Pacific Gas and Electric Company’ga qarshi kurashadi.

Filmni tomosha qilish.


Wall-E

Pixar va Walt Disney kompaniyalari tomonidan suratga olingan animatsion film juda katta muammolarni koʻtargan va shunga yarasha nufuzli sovrinlar bilan mukofotlangan. Jumladan, 2009-yilda “Eng yaxshi animatsion film” nominatsiyasida Oskar mukofotini ham qoʻlga kiritgan.

Wall-E nomli robot yildan yilga bo‘shab qolayotgan Yerda astoydil mehnat qilib, sayyorani koinotga uchib ketgan odamlar qoldirgan axlat uyumlaridan tozalamoqda. U tez orada aql bovar qilmaydigan voqealar sodir bo‘lishini, buning natijasida do‘stlar bilan uchrashishini, yulduzlarga ko‘tarilishini va hatto ona Yerni butunlay unutib qo‘ygan sobiq xo‘jayinlarini yaxshi tomonga o‘zgartira olishi mumkin.

Multfilmni tomosha qilish.


Hujjatli filmlar

An inconvenient truth

“Noqulay haqiqat” — 2006-yilda rejissyor Devis Guggenxaym tomonidan amerikalik siyosatchi va ekologik faol Albert Gor ishtirokida suratga olingan global isish haqidagi hujjatli film. Ushbu kinokartina ikki nominatsiyada Oskar mukofotiga sazovor boʻlgan.

Filmni tomosha qilish.


Garbage Dreams

Film Qohira chekkasidagi eng katta chiqindilar qishlog‘i Zabalinada tug‘ilgan va yashayotgan uch yigitning taqdiri haqida hikoya qiladi. Qishloqning barcha aholisi — 60 mingdan ortiq kishi chiqindi bilan ishlaydi va yig‘ilganlarining 80 foizini qayta ishlash orqali kun kechiradi. Afrikaning eng yirik shahri chekkasidagi “chiqindi odamlari"ning ajoyib samimiy tarixi, taqdiri va orzulari haqida.

Filmni tomosha qilish.


Home

Film bizga Yer sayyorasining go‘zalligini va inson sababli yuzaga kelgan vayronagarchiliklarning oqibatlarini namoyish etadi. Sanoat va ishlab chiqarish tomonidan Yerga yetkazilgan bitmas-tuganmas jarohatlar, urushlar, ekologik halokatlar oqibatlari tomoshabinga sayyoradagi haqiqiy vaziyatni ochib beradi.


The True Cost

Bu biz kiyadigan kiyimlar, ularni yaratadigan odamlar va moda sanoatining dunyoga ta’siri haqidagi hikoya qiladigan hujjatli filmdir. Garderob narxi yildan yilga pasayib bormoqda, yashash narxi, tabiatni muhofaza qilish va ijtimoiy himoya harajatlari esa tez sur’atlar bilan oshib bormoqda.

Filmni tomosha qilish.


Trashed

Aktyor Jeremi Ayronsning odamlarni o‘z odatlariga boshqacha qarashga va axlat chelagiga tashlagan narsalarimiz bilan aslida nima sodir bo‘layotganini ko‘rishga chaqiruvchi manifesti. Butun dunyo chiqindilar bilan to‘lib-toshgan va buni ko‘rsatish uchun film ijodkorlari butun dunyoni aylanib chiqishadi va hamma joyda yalpi ifloslanishga duch kelishadi.

Suv, havo, yer chiqindilar bilan zaharlangan, bundan butun boshli aholi punktlari va ekotizimlar aziyat chekmoqda. Filmga qo‘rqinchli kartinalardan tashqari, dunyoning yetakchi olimlari va ekologlari bilan intervyular ham kiritilgan.

Filmni tomosha qilish.


The 11th Hour

Ushbu filmda global isish masalalari ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, u olib keladigan xavflar va uning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish yo‘llari oʻrganiladi. Leonardo DiKaprio chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilish, bioxilma-xillikni qo‘llab-quvvatlash kabi chora-tadbirlarni ishlab chiqish va takomillashtirishning hozirgi holati haqida gapiradi.

Filmni tomosha qilish.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling