"Tom va Jerry" 85 yoshda: afsonaviy multserial haqida qiziqarli faktlar

E’lon qilingan sana· 798
"Tom va Jerry" 85 yoshda: afsonaviy multserial haqida qiziqarli faktlar

Bugun, 17-fevral kuni bir nechta avlodlarni birlashtirib turuvchi “Tom va Jerri” animatsion filmlarining yaratilganiga 85 yil toʻldi.

Afisha.uz ushbu sana munosabati bilan gʻazabga toʻla mushuk va qitmir sichqon haqidagi multfilmga tegishli boʻlgan bir qator faktlarni bir yerga jamladi.

“Tom va Jerri” Mikki Maus tufayli paydo bo‘lgan. Metro-Goldwyn-Mayer studiyasidagi multiplikatsiya bo‘limi 1937-yilda ish boshlagan va Uolt Disney studiyasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatchi boʻlishni rejalashtirilgan. Uning eng mashhur va taniqli qahramoni Mikki-Maus bilan raqobatlashish uchun xuddi shunday kulgili va jozibali qahramonlar kerak edi.

Animatorlar Uilyam Xanna va Jozef Barbera kompaniya rahbariyatiga antagonist va bosh qahramon qarama-qarshiligiga asoslangan multfilm yaratishni taklif qilishdi. G‘oyaga shubha bilan qarashdi, lekin unga imkoniyat berishdi. Shu orqali barchaga mashhur boʻlgan “Tom va Jerri” multfilmi yaratilgan.

Multfilmni suratga olish ishlari “Oskar” tufayli davom ettirilgan. Tomoshabinlarning e’tirofiga qaramay, MGM uni davom ettirishni rejalashtirmagan. Ammo 1940-yil oxirida “Mushuk tepki yedi” eng yaxshi qisqa metrajli animatsion film sifatida “Oskar” mukofotiga nomzod bo‘ldi.

O‘shanda u mukofotni yuta olmagan, Oskar MGM’ning boshqa multfilmi boʻlgan “Somon yo‘li"ga berilgandi. Biroq mukofotga nomzod bo‘lishning o‘zi rahbariyatni mushuk va sichqonning sarguzashtlarini davom ettirishga majbur qildi.

Keyinchalik “Tom va Jerri” bir emas, bir nechta “Oskar” oldi. Ilk bor Amerika kinoakademiyasi 1944-yilda “Urushqoq sichqoncha” uchun yaratuvchilarni taqdirladi, keyin esa “Tom va Jerri” yana oltita haykalchaga ega bo‘ldi va tarixdagi eng ko‘p “Oskar” olgan multfilmga aylandi.

Jerrining Frank Sinatra filmida kameosi bor. 1945-yilda MGM Gollivudda ta’tilda bo‘lgan ikki AQSH dengiz floti dengizchisi haqida “Langarni ko‘tarish” romantik komediyasini ishlab chiqdi. Filmda bosh rollarni Frenk Sinatra va Jin Kelli ijro etgan.

Jerri filmdagi sahnalardan birida paydo bo‘ladi, unda qahramon Kelli maktabga kelib, bolalarga o‘z sarguzashtlari haqida, jumladan, sayohat paytida Jerri hukmronlik qilgan sehrli qirollikka qanday kirib qolgani haqida hikoya qiladi.

U o‘z fuqarolariga qo‘shiq aytishni va raqsga tushishni taqiqlagan, chunki o‘zi buni bilmas edi. Dengizchi unga raqs darsini oʻtdi va qirollik aholisini zerikishdan qutqardi, buning uchun Jerri uni medal bilan taqdirlagan.

1957-yilda MGM studiyasi o‘zining animatsiya bo‘limini yopdi. Multfilm yaratuvchilari esa o‘zlarining studiyasini ochdi, ammo Tom va Jerri huquqlari MGMda qoldi va 1961-yilda ular multfilmni qayta tiklashga qaror qildi.

Ularning shtatida o‘z rassomlari qolmadi, rahbariyat ham ishlab chiqarishdan tejashni xohladi, shuning uchun Chexoslovakiyaning Rembrandt Films studiyasi bilan shartnoma tuzdi. U bitta multfilmni 40 ming dollar o‘rniga 10 ming dollarga ishlab chiqarishga rozi bo‘ldi — AQShda suratga olingan bitta seriyaning narxi shuncha edi.

MGM uchun yagona muammo Chexoslovakiyaning Sharqiy blok tarkibiga kirishi va SSSR ta’sirida bo‘lishi edi. Makkartizm davri atigi bir necha yil oldin tugagan, Gollivudda kommunistlar va ularning agentlarini qidirish ishlari bor edi, shuning uchun “Tom va Jerri” ijodkorlarining ismlari ularning kelib chiqishini oshkor qilmaslik uchun o‘zgartirilgandi.

Aktyor Jek Nikolson kinodagi faoliyatini “Tom va Jerri” multfilmini suratga olishdan boshlagan. Gollivudga Nikolson 1954-yilda 17 yoshida kelgan.

U, albatta, kinoda rol o‘ynashni orzu qilardi, lekin faqat MGM animatsiya bo‘limiga yugurdak bo‘lib ishga joylashishga muvaffaq bo‘lgan. Uning vazifasiga pochtalarni tarqatish, xarajatlar zaxirasini to‘ldirish, xodimlardan stavkalarni qabul qilish va ularni bukmekerlarga topshirish hamda studiyaga tushliklarni olib kelish kirardi.

Ma’lum darajada ijodiy ish ham mavjud edi — Jek Nikolson “Tom va Jerri” muxlislarining studiyaga yuborgan yuzlab maktublariga javob berardi.

“Tom va Jerri” kosmik poygada ham qatnashgan. Chexoslovakiyalik multfilm yaratuvchilari, xuddi “Tom va Jerri"da yangiliklar kontekstidan holi boʻlgan universal hikoyalarni yaratishga intildi, ammo bir marta ular baribir dolzarb mavzuga qoʻl urdi.

“Fazodagi sichqoncha” multfilmi 1963-yil 13-aprelda, SSSR va G‘arb o‘rtasidagi kosmik poyga avjiga chiqqan paytda, Yuriy Gagarin parvozidan ikki yil o‘tib namoyish etilgan. Bu sonda Jerri kosmosga mushuklar yuborilmasligini bilib oladi va jonga teggan Tomdan qutulish umidida astronavt bo‘ldi.

Mushuksimonlar oilasiga mansub hayvonlar multfilm namoyish etilgan paytda haqiqatan ham biror marta ham orbitaga chiqarilmagandi.

Tom va Jerri zamonaviy san’at obyektiga aylandi. Yapon rassomi Taku Inoue multfilm asosida loydan bir qator haykallar yaratgan. Ularda ijodkor turli sonlardagi qahramonlarning tanalari bilan sodir bo‘lgan metamorfozalarni o‘rgandi.

Uning asarlarining aksariyati Tomga bag‘ishlangan, ammo Inoue sichqonning bir nechta haykallarini ham yasagan. “Farzandim bilan multfilmni qayta ko‘rib chiqdim va sotuvda Tom va Jerrining biz va kichkintoyni samimiy kulishga majbur qiladigan ko‘rinish va shakldagi haykalchalarini topib bo‘lmasligini tushundim va o‘z kolleksiyamni yaratishga qaror qildim”, — deydi Inoue.

Yaponiyada “Tom va Jerri” degan mehribonlikni targʻib qiluvchi multfilm ishlangan. Bu mamlakatda multfilmlarning shafqatsizligi ham savollar tug‘diradi, ammo Yaponiyada balandparvoz bayonotlarsiz, shunchaki mushuk va sichqon sarguzashtlarining o‘z versiyasini suratga olingan.

Yaponiyaning “Tom va Jerri” multfilmi 2022-yilda chiqarilgan, qahramonlar original bilan bir xil ismlarga ega va asl qahramonlarga oʻxshab ketadi, lekin ular yoqimliroq ko‘rinadi va bir-biriga zo‘ravonlik qilmaydi, garchi ular o‘zaro raqobatlashsa ham.

Bundan tashqari, 2021-yilda Warner Bros. kompaniyasi tomonidan “Tom va Jerri” badiiy filmi ham suratga olindi. Toʻgʻri kinokartina reytinglarda yuqori ballarni toʻplamagan boʻlsa ham tomoshabinlarni uzoq yoshlik yillariga qaytargani aniq.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling