IMDB reytinglariga ishonish mumkinmi? Haqiqatmi yoki katta aldov?

E’lon qilingan sana· 4 963
IMDB reytinglariga ishonish mumkinmi? Haqiqatmi yoki katta aldov?

“Shuncha yuqori baholangan film yomon bo‘lishi mumkin emas!”, deb aytganmisiz hech? Ko‘pchiligimiz IMDB yoki boshqa reyting saytlarida yuqori ball olgan filmlarni tanlashga moyil bo‘lamiz. Biroq koʻrgandan so‘ng: “Bu film qanday qilib shunchalik yuqori baho olgan?”, deb hayratga tushgan paytlarimiz ham bo‘ladi.

Nega ayrim filmlar aslidan ortiqroq baholanadi? Bu shunchaki tomoshabinlar didimi yoki boshqa omillar ham mavjudmi? Keling, IMDB reytinglari ortidagi haqiqatni birgalikda o‘rganib chiqamiz.

IMDB qanday ishlaydi? Oddiy raqamlar ortidagi murakkab tizim

IMDB (Internet Movie Database) — dunyoning eng mashhur kino ma’lumotlar bazasi. Bu saytda millionlab odamlar filmlarga 1 dan 10 gacha baho berishadi. Keyin bu baholar jamlanib, oʻrtacha reyting shakllanadi. Juda oddiy tizim, toʻgʻrimi?

Ammo haqiqat shundaki, bu oddiy tizim ortida juda koʻp murakkabliklar yashiringan:

  • Kim ovoz beryapti? Oddiy tomoshabinlarmi yoki kinoni yaxshi tushunadigan mutaxassislarmi?
  • Qachon ovoz berilgan? Film chiqqan birinchi haftadami yoki bir necha yil oʻtgach?
  • Nima maqsadda ovoz berilgan? Filmni qadrlabmi yoki shunchaki biror kampaniyaga qoʻshilibmi?

Bu savollar bizni keyingi masalaga olib keladi: IMDB reytinglari qanchalik haqiqiy va ular qanchalik manipulyatsiya qilinadi?

Raqamlar ortidagi oʻyin: Manipulyatsiya va marketing

Tasavvur qiling: sizga qiziq filmni koʻrib qoldingiz va u sizga juda manzur keldi. Keyin IMDB’ga kirib koʻrsangiz, u yerda film, deylik, 4.8 ballga, ya’ni juda past baholangan. Yoki aksincha — sizga umuman yoqmagan film eng yuqori reytingda turibdi. Nima deb oʻylaysiz, bu holatlar tasodifmi?

“Qora Ritsar” “Choʻqintirgan ota"ga qarshi

2008-yilda “Qora Ritsar: Betmen” (The Dark Knight) filmi chiqarilganida, u tez orada 9.0+ reyting bilan IMDb tarixidagi eng yuqori baholangan filmlardan biriga aylandi. Bu esa uzoq yillar davomida “Choʻqintirgan ota” (The Godfather) yetakchilik qilib kelgan IMDb Top 250 ro‘yxatida muhim o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi.

Koʻp oʻtmay, “Choʻqintirgan ota” muxlislari orasida norozilik boshlandi. Ular “Qora ritsar” sevimli filmlari oʻrnini egallayotganidan xavotirlanib, ommaviy tarzda yangi filmga past baho qoʻya boshladilar. Natijada “Qora Ritsar” tarafdorlari ham javoban “Choʻqintirgan ota” filmiga past baholar qo‘yishga kirishdilar. Ushbu baholash urushi natijasida “Shoushenkdan qochish” (The Shawshank Redemption) kutilmaganda ikkinchi oʻringa chiqdi. Bu voqea IMDb reyting tizimining ommaviy baholashlarga qanday ta’sir qilishini yaqqol namoyon etdi — ba’zan raqobat filmlar o‘rtasida emas, balki muxlislar orasida kechadi.

Kinoteatrga bormagan tomoshabinlarning baholari

“Kapitan Marvel” (Captain Marvel) filmi 2019-yilda ekranlarga chiqishidan oldin IMDB’da past baholar toʻplana boshladi. Eng qizigʻi, film hali kinoteatrlarda namoyish etilmaganda bu holat roʻy berdi. Bu holat filmlarga baho berish uchun uni koʻrish ham shart emasligini koʻrsatdi.

Ba’zan reytinglar film sifatidan koʻra ijtimoiy munosabat yoki shaxsiy qarashlar bilan bogʻliqligini shundan ham bilib olsak boʻladi.

Reytinglar manipulyatsiyasining zamonaviy usullari

Reytinglarni sun’iy ravishda oʻzgartirish bugun oddiy hodisaga aylangan. Keling, eng keng tarqalgan usullarni koʻrib chiqaylik:

Botlar armiyasi

Zamonaviy marketing kompaniyalari reytinglarni koʻtarish uchun maxsus dasturlar — botlardan foydalanadi. Bir kunda yuzlab, hatto minglab soxta hisoblar orqali bitta filmga baholar qoʻyilishi mumkin.

Misol: “The Kashmir Files” filmi atrofidagi voqealar bunga yorqin dalil. Filmning reytingi shunchalik tez va gʻayritabiiy tarzda oʻzgardiki, IMDB ma’muriyati 50,000 dan ortiq baholarni oʻchirib tashlashga majbur boʻldi. Bu manipulyatsiyaning eng yuqori darajasi edi.

Ijtimoiy harakatlar va hissiyotlarga ta’sir

''Ba'zan filmlarning reytingi ularning sifatidan ko‘ra, jamiyatdagi muhim hodisalar va tomoshabinlarning hissiyotlari bilan bog‘liq bo‘ladi.

Misol uchun, “Dil Bechara” filmi hind aktyori Sushant Singh Rajputning fojeali vafotidan so‘ng chiqarildi. Uning xotirasi uchun ko‘plab muxlislar filmni IMDB’da 9.0+ reyting bilan baholashdi. Film o‘zi yaxshi bo‘lsa-da, reyting ko‘proq aktyor hurmatiga berilgan edi.

Shuningdek, “Qora Pantera” (Black Panther) filmi qora tanlilar vakilligi va Afrika madaniyatini yuksak darajada aks ettirgani uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Natijada, nafaqat uning sifati, balki ijtimoiy hodisa sifatida tutgan o‘rni ham IMDB’dagi yuqori reytingga ta’sir ko‘rsatdi.

“Review bombing” — ommaviy salbiy baholar

Ba’zan filmlar siyosiy, ijtimoiy yoki madaniy sabablar tufayli qasddan past baholanadi. Bu hodisa “review bombing” deb ataladi, ya’ni filmning sifatiga bog‘liq bo‘lmagan sabablar tufayli unga ko‘plab salbiy baholar berish.

Misol uchun, “Gunjan Saxena: The Kargil Girl” (2020) filmi Hindiston armiyasini noto‘g‘ri tasvirlagani uchun tanqid qilindi. Natijada ko‘plab tomoshabinlar filmni hatto ko‘rmasdan turib unga past baho qo‘yishdi.

Shuningdek, tepada yozilgan “Kapitan Marvel” (2019) filmi ham kuchli “review bombing” qurboniga aylangan edi. Ayrim tomoshabinlar film oldindan ayollarga yo‘naltirilgan marketing strategiyasi va aktrisa Bria Larsonning gender tengligi haqidagi fikrlari tufayli uni ko‘rmasdan turib salbiy baholashdi.

Oʻzbek kinosi va xalqaro reytinglar: Kutilmagan yutuqlar va paradokslar

Oʻzbek filmlari IMDB reytinglarida kutilmagan natijalarga erishgan. Ba’zi filmlarimiz hatto dunyoga mashhur kinolar bilan bir xil yoki undan yuqori baholarga ega ekanini bilarmidingiz?

Masalan, “Osmondagi bolalar” va uning davomi IMDB’da 8.7 reyting olgan. Bu degani, ular “Interstellar” va “The Matrix” kabi afsonaviy filmlar bilan teng baholanmoqda! Eng qiziq tomoni — “Sehrli qalpoqcha 2” filmi 9.7 reyting bilan IMDB tarixida Oskar olgan biror film ham yetisha olmagan natijaga ega!

Bu e/sa savol tug‘diradi: agar filmlarimiz chindan ham shunchalik yuqori baholangan bo‘lsa, nega xalqaro miqyosda unchalik mashhur emas?

Gap shundaki, IMDB reytingi film sifatini emas, balki unga qanchalik ko‘p va qanday baho berganini oʻrtacha hisobda aks ettiradi. Masalan, “Sehrli qalpoqcha 2” (9.7) filmiga atigi 7 kishi baho qo‘ygan, holbuki “Cho‘qintirgan ota” (9.2) millionlab ovozlarga ega. O‘zbek filmlarini asosan mahalliy tomoshabinlar baholaydi, xalqaro filmlarga esa butun dunyo ovoz beradi. Kam sonli, lekin yuqori baholar esa o‘rtacha reytingni oshirib yuboradi.

Xoʻsh, reytinglarga ishonish kerakmi?

Keling, haqiqatni tan olaylik: IMDB reytinglari filmlar haqida qimmatli ma’lumot bera oladi, ammo ular har doim ham mukammal emas. Ularning ishonchliligiga ta’sir qiluvchi bir necha muhim omillar mavjud:

  • Subyektivlik — har bir tomoshabin o‘z didi, qadriyatlari va kutuvlariga ega, shuning uchun baholar har xil bo‘lishi tabiiy;
  • Manipulyatsiya — studiyalar, sodiq muxlislar yoki hatto raqiblar reytinglarni sun’iy ravishda oshirish yoki tushirishga harakat qilishi mumkin;
  • Baho sonining farqi — ba’zi filmlar millionlab baho olsa, boshqalari atigi bir necha yuzta ovoz bilan cheklanadi. Bu esa natijalarga ta’sir qiladi;
  • Vaqt omili — dastlab yuqori yoki past baholangan filmlar yillar o‘t'ishi bilan qayta baholanib, natijasi o‘zgarishi mumkin.

Amaliy maslahatlar: Filmlarga qanday yondashish kerak?

Reytinglar sizni chalgʻitmasligi uchun quyidagi usullardan foydalaning:

  1. Turli manbalarni solishtiring: IMDB bilan cheklanmang. “Rotten Tomatoes”, “Metacritic” va mahalliy kino tanqidchilar fikrlarini oʻrganing;
  2. Shaxsiy didingizga e’tibor bering: Sizga yoqqan filmlarni eslab koʻring va oʻxshash janr yoki rejissyorlarni tanlang;
  3. Filmning kontekstini tushunishga harakat qiling: Qachon, qayerda va kim tomonidan yaratilgan? Bu ma’lumot filmni chuqurroq tushunishga yordam beradi.

Xulosa

Raqamlar va reytinglar bilan toʻla dunyoda shuni unutmang: hech qanday reyting sizning shaxsiy tajribangizdan muhimroq emas. Film ko‘rish san’at asarini his etish, uning mohiyatiga kirib borish va u bilan birga kulib yoki yig‘lab, so‘ngra o‘z xulosangizni chiqarishdir.

IMDB reytinglari foydali manba bo‘lishi mumkin, lekin eng yaxshi film — bu aynan sizga yoqqan film.

Samandar Erkinjonov
Muallif
Samandar Erkinjonov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling