Toshkentda “Chimildiq” komediyasining premyerasi boʻlib oʻtdi

19-aprel kuni Toshkent shahridagi Tashkent City Mall savdo markazining Cinematica kinoteatrida media va jamoatchilik vakillari uchun yangi badiiy film — “Chimildiq” komediyasining premyerasi o‘tkazildi.
Insoniy munosabatlar va qadriyatlar, turli sinovlarni boshdan kechirgan personajlar hayoti haqida hikoya qiluvchi “Chimildiq” badiiy filmi o‘zbek kinematografiyasining yangi yutuqlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Film qahramonlari Tohir va Zuhra bir-birlarini sevib turmush qurgan, lekin arzimas turmush mojarolari sabab ajrashishga qaror qilishdi. Ajrim qarori chiqishi bilan ular xursand holda ikki tomonga yo‘l oldilar. Endi ular ozod qush misol yangi hayot sari oshiqmoqdalar, biroq taqdirning kutilmagan tuhfasini qarangki, ular tunda qayerda uyquga ketishmasin, ertalab san’at muzeyida yasatilgan chimildiq ichida uyg‘onishadi.
“Chimildiq” o‘zbek, rus, qozoq va ozar tillariga dulbyaj qilindi. 4-aprel kuni Toshkent shahridagi “O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyi"da, 10-aprel kuni Ozarbayjon Respublikasining Boku shahridagi Park Bulvar savdo markazida, 16-aprel kuni qo‘shni Qozog‘istonning Olmaota (Yesentay savdo markazi) va 17-aprel kuni Chimkent (Hyper House savdo markazi) shaharlarida premyerasi bo‘lib o‘tdi.
Shunday qilib, “Chimildiq” — Ozarbayjon (Park Cinema) va Qozog‘iston (KinoPark)dagi eng yirik kinoteatrlar tarmog‘ida namoyish etilayotgan ilk o‘zbek filmi sifatida tarixga kirdi.
Filmda asosiy rollarini aktyorlar Dadaxon Obidov, Sitora Alimjanova, Muhammadiso Abdulxairov, Xosiyat Xusanova, Tolib Mo‘minov, Muyassar Berdiqulova, Dilshodbek Kattabekov, Zuhra Soliyeva, Said Muxtorov, Bobur Aytbaganbetov, Mohlaroy Sobirova, Bobur Pirmatov, Aziza Abdullayeva, Karomat Isamova, Nurjahon Haydarova, Zarina Yo‘ldosheva ijro etishgan.
Rejissyor Shuxrat Salomov, operator — Ziyovuddin Sultanov, rassom Jamshidbek Maxsumov, kompozitor Habibullo Mamanazarov, ssenariy mullifi Saidkarim Mayramov, prodyuser Dadaxon Obidov, bosh prodyuser: Qobuljon Ahmedov.