Oldin va hozir: “Charxpalak” seriali aktyorlari 28 yil ichida qanchalik o‘zgardi?

“Charxpalak” dramaturg Sharof Boshbekov ssenariysi asosida, rejissyor Shavkat Junaydullayev tomonidan 1997−2000 yillarda suratga olingan mashhur serial hisoblanadi.
Unda taniqli ijodkorlar Karim Mirhodiyev, Ilmira Rahimjonova, Mohira Nurmatova, Adiba Mirzayeva, Nargiza Abdullayeva, Gulchehra Ibrohimbekova, Mashrab Kimsanov, Raʼno Tojimova, Alisher Otaboyevlar rol ijro etgan.
Ushbu maqolada serial aktyorlari 28 yil ichida qanchalik o‘zgargani, ularning karerasi qanday davom etgani haqida so‘z boradi.
Karim Mirhodiyev
Serialdagi asosiy qahramon Egamqul obrazini ijro etgan aktyor Karim Mirhodiyev hozirda 70 yoshda. U uzoq yillar davomida “Ilhom” teatrida faoliyat yuritgan. Mirhodiyev kinoga ilk marta 1979-yilda “Alibobo va qirq qaroqchi” filmidagi epizodik rol bilan kirib kelgan.
Ijodkor 2001-yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvonini olgan. Aktyor so‘nggi vaqtlarda Zulfiqor Musoqov rejissyorligidagi “Umida” filmida suratga tushdi. Loyiha Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “O‘zbekfilm” kinokonserni tomonidan suratga olingan.
Ilmira Rahimjonova
Serialning birinchi mavsumida lo‘li Maryam obrazini gavdalantirgan aktrisa Ilmira Rahimjonova so‘nggi yillarda Mudofaa vazirligi madaniyat va maʼrifat markazi qoshidagi “Turon” davlat harbiy teatri akrisasi sifatida faoliyat ko‘rsatdi.
U “Eʼtirof-2016” taqdimotida “Yilning eng yaxshi kinoaktrisasi” deb topilgandi. Aktrisa serialning navbatdagi mavsumida suratga tushmaganida rejissyor Shavkat Junaydullayevni ayblagan. U boshqa filmda tasvirga tushishga ketganida film rahbari rolni boshqa aktrisaga berib yuborgan.
Mohira Nurmatova
“Charxpalak"ning navbatdagi mavsumida lo‘li Maryam rolini ijro etgan Mohira Nurmatova hozir 55 yoshda. Uning ovozini hozirgi yoshlar bilmasligi mumkin. Ammo yoshi qariyb 30 ga borib qolganlar va undan kattalar Mohira Nurmatova dublyajidagi filmlarni juda yaxshi eslaydi.
Aktrisaning ham serialga kirib kelishi haqida o‘ziga xos hikoyasi bor. U loyihaning dastlabki bosqichida ko‘rikka borgan, o‘shanda Ilmira Rahimjonova barcha rollar bandligini aytgan. “Men Ilmira opani rejissyor deb o‘ylaganman”, deya taʼkidlaydi Nurmatova. Shu vaqtda uni Shavkat Junaydullayev ko‘rib qolgan va birinchi mavsumdan keyingi mojaro ortidan suratga olish ishlariga jalb qilgan.
Shohida Ismoilova
Serialda Egamqulning rafiqasi rolini gavdalantirgan aktrisa Shohida Ismoilova 1976−1980 yillarda Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutida tahsil olgan. Ijodiy faoliyatini 1980-yilda Oʻzbek davlat drama teatrida boshlagan va u yerda aktrisa 20 dan ziyod obrazlar yaratgan.
1987-yildan to hozirgi kunga qadar Oʻzbek milliy akademik drama teatrida faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Bu yerda ham u 50 ga yaqin spektakllarda turli xarakterdagi obrazlarni yaratgan. Aktrisa 1999-yili “Andijon bahori” xalqaro teatrlar festivalida “Kunduzsiz kechalar” spektaklidagi Soliha roli uchun “Eng yaxshi ayol roli ijrochisi” nominatsiyasi boʻyicha gʻolib deb topilgan.
Nargiza Abdullayeva
“Charxpalak"da Zulxumor rolini ijro qilgan Nargiza Abdullayeva 1997 yilda shu serial orqali kino sanʼatiga kirib kelgan. 2016-yilda “Shuhrat” medali sohibasi hisoblanadi. Aktrisa hozirda bir qancha kinoloyihalarda suratga tushmoqda va to‘y-shodiyonalarda boshlovchilik qilib kelmoqda.
Dastlab, Nargiza Abdullayeva maktabda yuqori sinfga o‘tganidan keyin raqs to‘garagiga borishni boshlagan. 17 yoshida sanʼat sohasi faoliyat yuritishni istab, konsertlarda chiqishni boshlagan. U serialdan 300 ming so‘m gonorar olgan. U bir muddat sanʼatdan uzoqlashib, “Akfa-media” kompaniyasida kotibalik qilgan.
Gulchehra Ibrohimbekova
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist. Gulchehra Ibrohimbekova (O‘ktamxon) rejissyor Ibrohim Rasulovning 2004-yilda suratga olingan “Begona bahor” filmidagi zolim qaynona roli bilan muxlislari yodida qolgan. Hozirgi kunda O‘zbek Milliy akademik drama teatrida faoliyat ko‘rsatadi.
U aktrisa sifatida o‘nlab spektakl va filmlarda suratga tushgan. Aktrisa ushbu teatrlashtirilgan spektakllardagi rollari bilan tomoshabinga tanilgan, xususan, “Parvona” spektaklidagi Nazokat obrazi uni mashhur aktrisaga aylantirib, ko‘plab muxlislar orttirishiga sabab bo‘lgan.
Mashrab Kimsanov
Taniqli aktyor Mashrab Kimsanov serialda O‘ktamxonning turmush o‘rtog‘i Jabbor obrazini ijro etgan. U 1983-yilda Butunrossiya davlat kinematografiya institutining aktyorlik fakultetini tamomlagan. Kimsanov 1999-yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan taqdirlangan.
Umrining oxirgi yillarda aktyor og‘ir xastalikni boshidan kechirgan, 4 marta insult bo‘lib, to‘rtinchi insultdan keyin to‘shakka mixlanib qolgan. Uzoq davom etgan xastalik tufayli aktyor 2024-yil 2-may kuni vafot etdi.
Bahodir Murodov
Aktyor Bahodir Murodov “Charxpalak” serialidagi Hasan obrazi bilan teletomoshabinlar eʼtiboriga tushgan. Ammo u serialdan keyin katta sahnada ko‘rinmay qoldi. Murodov buning sababini yetarlicha taklif bo‘lmagani bilan izohlagan.
Ijodkor talabalik davridan so‘ng uzoq yillar davomida teatrda ishlagan. Ammo u yerdagi kam maosh hamda yolg‘on vaʼdalardan charchagani sababli televideniyega ishga kirgan. Sharof Boshbekov taklifiga binoan serialda Hasan rolini ijro etgan.
Zokir O‘rmonov
“Charxpalak” serialidagi Husan roli bilan yaxshi tanish bo‘lgan aktyor Zokir O‘rmonov saraton xastaligi sabab vafot etgan. Undan Muhammadjon va Samir ismli o‘g‘illar qoldi. Samir 25 yoshda — u Moskva davlat texnologiyalar va boshqaruv universitetida tahsil olgan. 22 yoshni qarshilagan Muhammadjon esa universitetda tahsil olmoqda.
Zokir O‘rmonov qisqa muddatli faoliyati davomida 10 dan ortiq film va seriallarda suratga tushgan. U umrining so‘nggi yillarida “Otalar so‘zi — aqlning ko‘zi” ko‘rsatuvining doimiy ishtirokchisi bo‘lgan. Aktyor qiziqchilik va boshlovchilik bilan ham shug‘ullangan.
Yoqub Ahmedov
Serialdagi antogonist obrazi, yaʼni Fatxulla rolini ijro etgan Yoqub Ahmedov hozir 87 yoshda. Uzoq vaqtdan beri muxlislariga ko‘rinish bermagan aktyor yaqinda O‘zbek milliy akademik drama teatri aktyorlari ishtirokidagi yig‘inda qatnashdi.
Aktyorning eng so‘nggi ijod namunalari sifatida “Baron” filmining birinchi va ikkinchi qismlaridagi Izzatning otasi roli hamda “Mehmonxona” serialidagi rollari qayd etiladi. U so‘nggi yillarda og‘ir xastalik bilan kurashmoqda.
Alisher Hamroyev
“Charxpalak"da Yusuf qassob obrazini gavdalantirgan aktyor Alisher Hamroyev yoshligidan sanʼatga qiziqqani bois maktabni tamomlab, Toshkentga kelgan hamda O‘zbekiston davlat sanʼat va madaniyat oliygohiga o‘qishga kirib, drama va kino aktyorligi bo‘limida tahsil olgan. Oliygohni tamomlagach, aktyorlik faoliyatini O‘zbek Milliy akademik drama teatrida boshlagan. Ushbu teatrda ishlash davomida u, o‘nlab spektakllarda ishtirok etgan.
Oqqon kasalligiga chalingan aktyor 2005-yil 29 yoshida olamdan o‘tgan. Uning turmush o‘rtog‘i Dilnavoz Hamroyeva bundan stressga tushib, oradan 3 yil o‘tgach olamdan ko‘z yumgan. Ularning Madina va Iskandar ismli farzandlari bor.
Tamara Hazratqulova
Tamara Hazratqulova “Charxpalak” serialidagi Shahnoza obrazi bilan tomoshabinlar eʼtiboriga tushgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Aktrisa teatr va kino sohasida faoliyat yuritsa-da, negadir omma eʼtiborida bo‘lishni, baʼzi ijodkorlarga o‘xshab intervyu berishni xohlamaydi.
U serial suratga olinayotgan vaqtda oliygohda tahsil olayotgan bo‘lgan. Dugonasining taklifiga binoan kastingda ishtirok etgan. Ijodiy guruh Hazratqulovaning ko‘rinishi juda kiborli ekanini aytib, rad etishgan. Rejissyor Junaydullayev esa uni qaynotasidan zug‘um ko‘rgan kelin rolida ko‘rishni xohlagan.
Aleksandr Bekjonov
O‘zbek kinosining zabardast vakillaridan biri Aleksandr Bekjonov “Charxpalak"da Murod hofiz obrazini gavdalantirgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist 2021-yilda Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri direktori etib tayinlangandi.
Uning turmush o‘rtog‘i Mehri Bekjonova ham aynan shu teatrda ishlagan. Aktrisa erining rahbarlik faoliyati davomida hech qanday salbiy tomonini yoki o‘zgarganini ko‘rmaganini aytadi.
G‘aybulla Hojiyev
Serialda Xursandbek rolini ijro etgan aktyor G‘aybulla Hojiyev 2020-yil 26-fevralda 64 yoshida vafot etgan. Taniqli kino, teatr va dublyaj aktyori 1956-yilda Buxoroyi Sharifda tug‘ilgan. 1973−77 yillarda Toshkent davlat San’at institutida tahsil olgan.
1976-yilda Abror Hidoyatov teatrida ish boshlagan. 1987-yildan Hamza nomidagi o‘zbek davlat akademik teatrida faoliyatini boshlagan. Og‘ir xastalik tufayli teatrdan ketishga majbur bo‘lgan. Ammo, ijoddan to‘xtamay, turli tele va radio loyihalarda muntazam ishtirok etgan.
Adolat Kimsanova
Serialdagi kichik, ammo yodda qolarli personajlardan biri To‘tixon obrazini ijro etgan aktrisa Adolat Kimsanova marhum aktyor Mashrab Kimsanovning bevasi hisoblanadi. U 50 yillik faoliyati davomida birorta ham unvonga sazovor bo‘lmagan.
“Hozirgi aktyorlar ijodiy uchrashuvlarga ham pul evaziga borishyapti. Ammo men borgan paytlarda bir tiyin pul berishmas edi. 2018-yilga qadar ijodiy uchrashuvlarga bordim. Keyinchalik o‘zlari ham taklif etmay qo‘yishdi”, — deydi aktrisa.
Serialda qoʻshiqlarni Kozim Qayumov, Avazxon Rajabov va Umida Mirhamidova ijro etgan. Musiqalarni esa Vladimir Baramikov yozgan.
