"The Last of Us" seriali toʻrt mavsum davom etishi ma'lum qilindi

“The Last of Us” shouranneri Kreyg Meyzin to‘rtinchi mavsumdang soʻng serialni yakunlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda u “Collider” bilan suhbatda ma’lum qilgan.
Ikkinchi fasl yettita qismdan iborat boʻldi va birinchi mavsumdan farqli o‘laroq, xuddi shu nomdagi o‘yinning voqealarini to‘liq qamrab olmadi. Meyzin o‘yin ssenariysida “tabiiy uzilishlar” borligini ta’kidladi. Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, jamoa Joel va Elli atrofidagi dunyo haqida iloji boricha ko‘proq ma’lumot berish niyatida.
Shuningdek, uning ta’kidlashicha, serial voqealarini uch mavsumda yakunlashning iloji yoʻq.
“Albatta, hikoyani yakunlash uchun uch mavsum yetarli bo‘lmaydi. Umid qilamanki, biz qaytishimiz va to‘rtinchi mavsumda barchasini yakunlashimiz uchun yetarlicha pul ishlab olamiz. Bu eng ishonarli choralardan biri”, — dedi Kreyg Meyzin.
HBO kanali rasman faqat uchta mavsum uchun buyurtma bergan. “The Last of Us” 2013-yilda chiqarilgan xuddi shu nomdagi video o‘yinga asoslangan. Serialdagi rollarni Pedro Paskal, Bella Remzi, Keytlin Diver va boshqalar ijro etgan.