HBO "Garri Potter" serialida asosiy qahramonlarni kim oʻynashini e'lon qildi

HBO yaqinlashib kelayotgan “Garri Potter” serialida bosh rollarni ijro etadigan aktyorlarni rasman tanishtirdi.
Unga koʻra, Garri Potter rolini Dominik Maklaflin, Germiona Grenjerni Arabella Stenton, Ron Uizlini esa Alaster Staut ijro etadi. Ular 2024-yil sentyabr oyida boshlangan keng ko‘lamli kastingda 30 mingdan ortiq nomzodlar orasidan tanlab olingan yosh aktyorlar hisoblanadi.
Asosiy oʻqituvchilar rollari uchun aktyorlar ham avval e’lon qilingan edi. Unga koʻra, Jon Litgov Albus Dambldor, Janet Maktir Minerva Makgonagal, Paapa Essiedu Severus Sneyp, Nik Frost Rubeus Hagrid, Lyuk Tallon Kvirinus Kvirrel va Pols Uaytxaus Argus Filch rolini oʻynaydi.
Loyihaning shouranneri — Francheska Gardiner (“Succession”, “Killing Eve”), rejissyori esa Mark Mylod (“Game of Thrones”, “Shameless”) boʻladi. Serialni suratga olish ishlari shu yilning yozida Buyuk Britaniyada boshlanadi, premyera esa 2026-yilda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Har bir fasl Joanna Roulingning yettita romanidan birining ekranizatsiyasi bo‘ladi. Rouling ham loyihada ijrochi prodyuser sifatida ishtirok etadi. Lord Voldemort rolini kim ijro etishi hozircha noma’lum.