"Squid Game", "Stranger Things", "Wednesday": Netflix xitga aylangan seriallarining yangi mavsumlarini anons qildi

Netflix striming platformasi “Tudum-2025” taqdimotini o‘tkazdi. Unda kompaniya yangi loyihalarini e’lon qildi. Tomoshabinlarga o‘nlab film va seriallarning anonsi namoyish etildi.
Asosiy yangiliklar
“Wednesday” seriali ikkinchi mavsumi. Netflix ushbu serialning ikkinchi mavsumi ilk epizodining dastlabki olti daqiqasini namoyish etdi. Premyera ikki qismga bo‘linadi. Birinchisi 6-avgustda, ikkinchisi 3-sentyabrda chiqadi. Serial shou-rannerlaridan biri Maylz Millerning so‘zlariga ko‘ra, serialning ikkinchi mavsumida bosh qahramon va uning onasi o‘rtasidagi munosabatlarga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, Ledi Gaga ham serialning ikkinchi mavsumida ishtirok etishini tasdiqladi.
“Kalmar oʻyini” (“Squid Game”) serialining uchinchi mavsumi. Serialning yakuniy mavsumini aktyorlar Li Chjon Chje (Gi Xun), Li Ben Xon (Frontmen), Pak Son Xun, Kan E Sim va Chxve Sin Xen taqdim etdi. Tomoshabinlarga ikki daqiqalik treyler ko‘rsatildi. Uchinchi mavsum premyerasi 27-iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Syujet ikkinchi mavsum voqealarini davom ettiradi va muvaffaqiyatsiz qo‘zg‘olondan keyin omon qolgan o‘yinchilar bilan nima sodir bo‘lgani haqida hikoya qiladi.
“Frankenshteyn” filmi. Netflix 2025-yil noyabr oyida chiqadigan kartinaning tizerini namoyish etdi. Filmni rejissyor Gilyermo del Toro suratga olgan. Bosh rollarda — Jeykob Elordi, Oskar Ayzek va Mia Got. Syujet dahshatli tajriba davomida maxluqni jonlantirgan daho va o‘ziga bino qo‘ygan olim Viktor Frankenshteyn haqida hikoya qiladi.
“Knives Out” filmining uchinchi qismi. 12-dekabr kuni premyera qilinadigan kinokartinaning tizer roligi namoyish etildi. Unda “Blankning bugungi kundagi eng xavfli ishi” koʻrsatilgan. Filmda Jeremi Ranner, Mila Kunis, Endryu Skott, Kerri Vashington, Josh OʻKonner va Deniel Kreyglar suratga tushgan.
“Stranger Things” serialining yakuniy mavsumi. Tadbirda final mavsumi uch qismga bo‘linishi ma’lum bo‘ldi. Birinchi qism 26-noyabrda, ikkinchisi esa 25-dekabrda, yakuniy qism 31-dekabrda premyera qilinadi. Beshinchi mavsum jami sakkizta qismdan iborat boʻladi. Shuningdek, beshinchi mavsumning ilk tizeri namoyish etildi.
Bundan tashqari, Netflix 2026-yil 16-yanvarda premyera qilinadigan Ben Afflek va Met Deymon ijrosidagi “The Rip” jinoiy dramasi boʻyicha ham ma’lumot berilgan.