Alisher Uzoqov, Adiz Rajabov, Bobur Yoʻldoshevni bir yerga toʻplagan "Aybsiz" seriali premyera qilindi

E’lon qilingan sana· 1 164
Alisher Uzoqov, Adiz Rajabov, Bobur Yoʻldoshevni bir yerga toʻplagan "Aybsiz" seriali premyera qilindi

Milliy kino san’ati saroyida 31-may kuni “iTV” kompaniyasi tomonidan suratga olingan “Aybsiz” veb-serialining premyerasi boʻlib oʻtdi. Serial syujetiga koʻra, qotillikda aybdor deb topilgan yosh shifokor bolalar uyidagi do‘stlari bilan birga o‘zining aybsizligini isbotlashga va begunoh odamlarni tuzoqqa tushirayotgan sindikatni fosh etishga urinadi. Afisha.uz muxbiri ham tadbirda qatnashdi va quyida shu haqda soʻz boradi.

Serial rejissyori Muzaffar Karabayev boʻlib, Sarvar Karimov unga prodyuserlik qilgan. Rollarni Alisher Uzoqov, Adiz Rajabov, Bobur Yoʻldoshev, Yulduz Rajabova, Murod Nasimov, Yigitali Mamajonov, Sarvar Mahkamov, Abdurahim Mansurov, Madina Mahmudova kabi aktyor va aktrisalar suratga tushgan.

“iTV” striming platformasi soʻnggi paytlarda oʻzining mualliflik seriallari va filmlarini ishlab chiqarish bilan shugʻullanmoqda. Bungacha kompaniya oʻzining “Turnir” serialini suratga olgandi. “Aybsiz” “iTV"ning tomoshabinlar uchun havola etilgan ikkinchi original seriali hisoblanadi.

Shuningdek, premyera avvalida kompaniyaning oldinda turgan yangi loyihalar haqida soʻz bordi.

Unga koʻra, Sarvar Karimov tomonidan “Muhabbat shatbati” filmi suratga olinadi. Bundan tashqari, Ruslan Akun (“Jannat onalar oyogʻi ostida”) va Muzaffar Karabayev (“Aybsiz”) rejissyorligida 1990-yillardagi muhabbat mavzusida film suratga olinishi ma’lum qilindi.

“Aybsiz” seriali haqida soʻz borar ekan rejissyor Muzaffar Karabayev tayyorgarlikka bir oy, suratga olish ishlariga esa ikki oydan koʻproq vaqt ketganini ta’kidladi. Serial 10 qismdan iborat, hozirgacha ularning ikkitasi premyera qilingan. Qolganlari esa haftada bir marta chiqariladi.

“Iloji boricha koʻproq kinostudiyalar boʻlsa, koʻproq mahsulot boʻladi. Son esa borib-borib sifatga aylanadi. Onlayn platformalar tomonidan original kontentlar suratga olinayotganini faqatgina yaxshi holat, deb ayta olaman”, — dedi serial prodyuseri Sarvar Karimov.

“Aybsiz” seriali bir qator aktyorlar uchun kinodagi debyut boʻldi. Asosiy rollardan birini ijro etgan Abdurahim Mansurov suratga olish jarayonlarida biroz qiynalgani haqida gapirdi.

“Kinodagi debyut qiyin boʻldi. Lekin syomka jarayonlarida partnyorlarni, rejissyorlarni qoʻllab-quvvatlashi bilan tonusga tushib oldim, deb oʻylayman. 1, 2, 3-qismlarda taxtaga oʻxshab koʻringan boʻlsam xafa boʻlmaysizlar”, — dedi stendap komik va aktyor Abdurahim Mansurov.

Adiz Rajabov esa debyutant aktyorlar bilan ishlash qiyin boʻlmaganini ta’kidladi.

“Qiyin boʻlmadi. Har bir ishga qanday munosabatda boʻlsangiz, shunday koʻrinadi. Masalan, tajribalilar debyutantlarga nisbatan shu insonning birinchi ishi, hayajoni boʻladi, deb munosabatda boʻlsa, hammasi yaxshi boʻladi”, — dedi Adiz Rajabov.

Hozirda serialning birinchi qismini YouTube orqali tomosha qilish mumkin. Qolgan qismlar esa “iTV” platformasiga joylanadi.

Unutmang, oshni bir yoki ikki qoshiq yegandan soʻng, baho berish notoʻgʻri boʻlganidek, serialning ham dastlabki qismlarini koʻrib xulosa chiqarish shoshqaloqlik boʻlishi mumkin.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling