"Kelinlar qoʻzgʻaloni", "Iblis devori", "Shaytanat": Yodgor Sa'diyev rol ijro etgan 10 film

Oʻzbek tomoshabiniga Asadbek obrazi orqali tanilgan Yodgor Sa’diyev 12-iyun kuni 79 yoshga toʻldi. Aktyor oʻz ijrosi orqali ushbu personajni kultga aylantira olgan. Tohir Malik asari asosida suratga olingan “Shaytanat” oʻzbek seriallari orasida alohida oʻrin tutadi.
Afisha.uz ushbu jamlanmada Yodgor Sa’diyev qatnashgan filmlar haqida ma’lumot beradi.
“Kelinlar qoʻzgʻaloni”
Oʻzbek tomoshabini uchun qadrli boʻlgan, madaniy kodga aylangan shedevr asarlardan biri “Kelinlar qoʻzgʻaloni"ning har xil versiyalari mavjud. Said Ahmad asari asosida sahnalashtirilgan spektaklda Yodgor Sa’diyev asosiy rollardan birini ijro etadi.
Bir uyda Farmonbibi, yetti aka-uka va ularning oilasi yashaydi. Yetti oilaning qaynona va ona boʻlmish Farmonbibi bilan munosabatlari oʻtkir satira orqali kulgi ostiga olinadi.
“Dilbarim”
Ushbu film 1967-yilda premyera qilingan boʻlib, Yodgor Sa’diyevning ilk rollaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, kinokartinada oʻzbek kinosi metrlari hisoblangan Soyib Xoʻjayev, Baxtiyor Ixtiyorov kabi aktyorlarni koʻrish mumkin.
Film hazil-mutoyibaga boy multiplikatsiya bilan boshlanadi. Jamoat xo‘jaligi raisi vazifasini bajaruvchi Zulmihor Zuhurov rais yo‘qligida yashin tezligida karyera qilishga qaror qiladi. U madaniyatni yuksaltirish uchun kurashib, “o‘z” ilg‘orligini ko‘rsata boshlaydi…
“Ichkuyov”
Yodgor Sa’diyev faqatgina kinokartinalar yoki seriallarda rol ijro etish bilan cheklanibgina qolmay, koʻplab telefilmlarda ham koʻrinish bergan. Turgʻun Poʻlat asari asosida suratga olingan besh qismdan iborat “Ichkuyov” filmida aktyor asosiy rolni oʻynagan.
Serialda Yoqub Ahmedov, Toʻychi Oripov, Erkin Komilov, Luiza Qosimova va boshqa aktyor hamda aktrisalar rol ijro etgan.
“Soʻnggi oʻq”
Yozuvchi Tohir Malik va aktyor Yodgor Sa’diyev ismlari bir gap tarkibida kelganda, koʻpchilik “Shaytanat” serialini eslaydi. Biroq bu ikki ijodkorning yoʻllari “Soʻnggi oʻq” serialida ham kesishadi. Serial toʻqqiz qismdan iborat.
“Iblis devori”
Yodgor Sa’diyev nafaqat aktyorlik faoliyati, balki rejissyorlik ishlari bilan ham ajralib turadi. U oʻzi rejissyorlik qilgan va Karim Mirxodiyev, Akbarxoʻja Rasulov kabi aktyorlar ishtirok etgan “Iblis devori” filmida rol ham ijro etgan.
Filmda oilaviy munosabatlar, yosh avlod tarbiyasi bilan bog‘liq masalalar ochib berilgan. Syujet markazida bir hovlida yashaydigan ikki aka-ukaning taqdiri turadi.
“Armon”
Buyuk oʻzbek rejissyori Melis Abzalov tomonidan 1987-yilda suratga olingan kinokartina drama janrida boʻlib, bu ham Yodgor Sa’diyevga mashhurlik olib kelgan rollardan biri hisoblanadi.
1941-yil. Otasidan erta ayrilgan Bo‘ri shaharda tarbiyalanib, montyorlik kasbini egallagach, ona yurtiga qaytadi. Qishloqda deyarli barcha qizlar unga turmushga chiqishga rozi boʻlgan paytda, yigit boshqasiga unashtirilgan qizni sevib qoladi. Urushning og‘ir kunlari boshlanganda, qahramon boshqa jang qilishni biladigan erkaklar bilan birga frontga jo‘nab ketadi va tez orada sevimli yorining oldiga qaytishiga ishonadi.
“Changak”
Xayriddin Sulton qalamiga mansub “Yo, Jamshid” asari asosida suratga olingan “Changak” filmida qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi mehr-oqibat, samimiyat va bag‘rikenglikning yo‘qolishi hayotda yutqazishdan ko‘ra katta fojia ekanini anglash mumkin.
Arinboy qimorda yutqazib qo‘ydi. U ertalabgacha qarzini to‘lashi kerak. Kvartirada qo‘rqinchli jimlik. Qarindoshlar yig‘ilgan. Ushbu qarzni undirish va to‘lash bo‘yicha maslahatlashuvlar boshlangan.
“Jigarbandim”
Yodgor Sa’diyev yangi oʻzbek kinosida ham ajoyib aktyor ekanini koʻrsatib bergan “Jigarbandim” kinokartinasi 2012-yil premyera qilingan. Shuningdek, filmda Erkin Komilov, Muhammadali Abduqunduzov, Asal Shodiyeva, Ra’no Shodiyeva kabi aktyor va aktrisalar rol oʻynagan.
Bu haqiqiy erkak, mehribon ota va mehribon inson haqida hikoya qiluvchi juda chuqur dramatik kartina. Bu hikoya qahramoni turmush o‘rtog‘idan ayrilgan, bolalari bilan yolgʻiz qolgan, odamlar fikri bilan hisoblashmaydigan odam. Shuningdek, u barcha urf-odatlarga zid ravishda boshqa ayol bilan oila qurishga intilmaydi. U o‘zini butunlay bolalariga bag‘ishlaydi.
“Iymon”
Yodgor Sa’diyev va Gulchehra Jamilova oʻzaro koʻplab film va seriallarda rol oʻynagan. Bular qatorida “Iymon” telespektaklini ham eslamaslikning iloji yoʻq.
“Shaytanat”
Ushbu jamlanmaning gultoji, albatta, “Shaytanat” serialidir. Oʻzbek tomoshabinu uchun Asadbek obrazini yaratgan va kultga aylangan Yodgor Sa’diyev bunda Tohir Malik bilan ham, Gulchehra Jamilova bilan ham birlashadi. U serialning rejissyori ham hisoblanadi.
Mashhur qo‘shiqchi Elchin turmush o‘rtog‘ini o‘ldirganlikda ayblanib, panjara ortiga ravona bo‘ladi. Faqat o‘sha fojiali tunda u qattiq mast bo‘lgani va qimorda bor-budini yutqazganini eslaydi. Serial umuman olganda kriminal dunyo haqida hikoya qiladi.
