"Choʻliq" filmining premyerasi boʻlib oʻtadi

“Renessans” kino uyida 20-iyun soat 17:00 da “Cho‘liq” badiiy filmining yopiq namoyishi bo‘lib o‘tadi. Film Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Surxondaryo viloyati hokimligi hamkorligida suratga olingan.
“Cho‘liq” — cho‘pon shogirdi degan ma’noni anglatib, film syujeti choʻponlar hayoti va ular duch keladigan muammolar orqali inson va tabiat o‘rtasidagi nozik munosabatlarni yoritadi.
Ssenariy muallifi va postanovkachi rejissyor — Jamoliddin Qo‘ziboyev bo‘lib, “Cho‘liq” uning rejissor sifatidagi debyut ishi hisoblanadi.
Filmda rollarni Noila Toshkentboyeva, Rustam Karimov, Karim Mirxodiyev, Farhod Abdullayev, Tohir Saidov, Sayyora Yunusova, Feruza Saidova, Farhod Xudoyberdiyev, Sirojiddin Vafoyev hamda bosh rollarni Ulug‘bek Muhammadkarimov va Sardor Abduhoshimov kabi aktyorlar ijro etishdi.