"Oʻtkan kunlar", "Shaytanat", "Abdulla Oripov": Gulchehra Jamilovaning e'tiborga molik rollari

E’lon qilingan sana· 354
"Oʻtkan kunlar", "Shaytanat", "Abdulla Oripov": Gulchehra Jamilovaning e'tiborga molik rollari

Kino va teatr akstrisasi boʻlgan Gulchehra Jamilova oʻzining turfa xil rollari bilan koʻplab muxlislar mehrini qozongan. Koʻpchilik uni “Oʻtkan kunlar"dagi Kumush yoki “Shaytanat” serialidagi Asadbekning xotini deb biladi. Ammo aktrisaning boshqa rollari ham e’tibor qaratishga arziydi. Bugun, 2-iyul kuni aktrisa 79 yoshga toʻldi.

Afisha.uz ushbu maqolada Gulchehra Jamilovaning e’tiborga molik rollari haqida ma’lumot beradi.


“Oʻtkan kunlar”

Albatta, “oʻzbekning Kumushi” deya ataladigan Gulchehra Jamilova filmlari jamlanmasini “Oʻtkan kunlar” kinokartinasi bilan boshlamasak boʻlmaydi. Bu Abdulla Qodiriyning buyuk asari asosida suratga olingan ilk film boʻlgan.

Voqea XIX asr boshlarida Toshkent va Margʻilon shaharlarida bo‘lib o‘tadi. Filmda har biri hukmronlikka intiluvchi feodallar o‘rtasidagi shiddatli kurash muhiti, inson erkinligi ustidan zo‘ravonlik muhiti, oilaviy an’analar hukmronligi, sevishganlar Kumush va Otabek qurbon bo‘lishi koʻrsatiladi.


“Shiddat”

Ushbu kinokartina 1971-yilda rejissyor Uchqun Nazarov tomonidan olingan boʻlib, unda Gulchehra Jamilova Manzura rolini ijro etgan.

Tergovchi Qurbonovga kolxoz raisi Yodgorga qilingan suiqasd ishi boʻyicha tekshiruv oʻtkazish vazifasi topshiriladi…


“Pari Momo”

Murod Rajabov rejissyor va ssenaristlardan biri boʻlgan filmda Gulchehra Jamilova bosh rollardan birini ijro etgan. Bundan tashqari, kinokartinada Boir Xolmirzayev va Rixsi Ibrohimova kabi oʻzbek kinosi metrlarini ham koʻrish mumkin.

Kinokartina hayotning ma’nosi, odamlarga mehribonlik va muhabbat haqidagi falsafiy masal hisoblanadi.

Filmni tomosha qilish.


“Shaytanat”

“Shaytanat” seriali bilan Gulchehra Jamilovaning ikkinchi yoshligi boshlandi deyish mumkin. Oʻzbek tomoshabinu uchun Asadbek obrazi qanchalik kultga aylangan boʻlsa, uning ayoli ham mashhurlikda qolishmagan.

Mashhur qo‘shiqchi Elchin turmush o‘rtog‘ini o‘ldirganlikda ayblanib, panjara ortiga ravona bo‘ladi. Faqat o‘sha fojiali tunda u qattiq mast bo‘lgani va qimorda bor-budini yutqazganini eslaydi. Serial umuman olganda kriminal dunyo haqida hikoya qiladi.


“Goʻzallik siri”

Usmon Azim ssenariysi asosida rejissyor Jamilaxon Poʻlatova tomonidan suratga olingan kinokartinada Farrux Soipov va Bobur Yoʻldoshev kabi aktyorlarning ilk ishlarini koʻrish mumkin. Gulchehra Jamilova unda qisqaroq boʻlsa-da, yodda qolarli rol oʻynagan.

Syujetga koʻra, Shohrux va Laylo qurgan yosh oila parchalanish arafasida. Buning sababi esa oʻrtada farzandning yo‘qligidir.


“Haqiqiy erkaklar ovi”

Ushbu film rejissyor Jasur Ishoqov tomonidan suratga olingan. Unda XX asr vabosi hisoblangan narkotrafik, uni ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilar hayoti haqida hikoya qilinadi. Gulchehra Jamilova bosh qahramonning onasi rolini ijro etgan.

Shohidaning hayoti zaharlangan, uning 15 yoshli giyohvand o‘g‘li garovga olingan. Uni sevib qolgan, Ichki ishlar vazirligining giyohvand moddalarni noqonuniy tarqatishga qarshi kurashish bo‘yicha xodimi polkovnik Ozod Yo‘ldoshev bolani qutqarish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilmoqda.


“Geolog: O‘limdan og‘ir”

Rejissyor Dilmurod Masaidov suratga olgan film voqealari XX asrning 60-yillarida Rossiyada bo‘lib o‘tadi. Geologiya fakultetining ikki bitiruvchisi Toshkentdan Novosibirskka amaliyot o‘tash uchun yoʻl oladi. Gulchehra Jamilova kinoda bosh qahramonlardan birining onasi sifatida gavdalanadi.

Qahramonlarni mahalliy bosqinchilar bilan kutilmagan uchrashuv, otishma, shantaj, bo‘rilar bilan qorong‘i o‘rmonda “sayr” va boshqalar kutmoqda. Voqealarning bunday o‘zgarishiga mutlaqo tayyor bo‘lmagan yosh amaliyotchilar qiyin vaziyatda omon qolish uchun jon-jahdlari bilan kurashadi.


“Abdulla Oripov”

2023-yilda rejissyor Muzaffar Erkinov tomonidan buyuk oʻzbek shoiri Abdulla Oripov haqida biografik film suratga olingan. Gulchehra Jamilova unda shoirning ayoli boʻlgan Xanifa Mustafoyeva obrazida koʻrinish beradi.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling