"Uvening ikkinchi hayoti", "Amaliyotchi", "Denni Kollins": yashashga undaydigan 10 ta film

Shunday kunlar bo‘ladiki, hamma narsaning rasvosi chiqib ketayotgandek tuyuladi. Ammo yaxshi kino, boshqa har qanday san’at turi kabi, mo‘jizalar yaratishga qodir. To‘g‘ri tanlangan kinokartina miyada hamma narsani joy-joyiga qo‘yishga yordam beradi.
Masalan, bunday hollarda yashashga undaydigan, hatto tomoshabin aynan shu filmning ichiga tushib qolishni istaydigan kinolar ayni muddao boʻladi.
Afisha.uz ushbu jamlanmada mana shunday filmlar haqida ma’lumot beradi.
“Uvening ikkinchi hayoti” (“En man som heter Ove”)
Shvetsiyalik yozuvchi Fredrik Bakmanning bestseller asari asosida ishlangan film atrofdagilarning tinkasini quritib yuboradigan keksa vaysaqi Uve haqida hikoya qiladi. Tashlab ketilgan sigaret qoldig‘i, noto‘g‘ri joyda to‘xtab turgan mashina kabilar Uveni hatto eng do‘stona qo‘shnilari bilan ham qattiq janjal qilishiga olib kelishi mumkin. U mushuklarni yomon ko‘radi, odamlarni ham yoqtirmaydi.
Bosh qahramonning rafiqasi vafot etadi va u keksalikni yolgʻiz oʻtkazishga mahkum boʻladi. U hatto o‘z joniga qasd qilishga ham urinib koʻradi, ammo rejalari qo‘shni uyga ko‘chib kelgan shovqinli oila tomonidan buziladi.
“Amaliyotchi” (“The Intern”)
Komedik-drama janridagi film 70 yoshli nafaqaxo‘r Ben Uittaker haqida hikoya qiladi. U yolgʻiz, o‘g‘li oilasi bilan uzoqda yashaydi, Ben esa bekor o‘tirishni bilmaydi. Shuning uchun u zamonaviy kiyimlar onlayn-do‘koni ofisiga amaliyotchi sifatida ishga kirishga qaror qiladi. Rollarda — Robert de Niro va betakror Enn Xeteuey.
Uning hamkasblari butunlay yoshlar bo‘lib, ular yangi jamoa a’zosi — USB nima ekanini bilish uchun nabirasiga qo‘ng‘iroq qilishga majbur bo‘lgan odam bilan qanday munosabatda bo‘lishni bilmaydi. Ammo oxir-oqibatda hayotiy tajriba va donolik nafaqat yoshlar jamoasida, balki umuman biznesda ham qadrlanishi ma’lum boʻladi.
“Denni Kollins” (“Danny Collins”)
Albatta, Robert de Niro eslangan jamlanmada Al Pachinoni yoddan chiqarish adolatdan boʻlmaydi. Kinokartina folk-qoʻshiqchi Stiv Tilston haqidagi real voqealarga asoslangan. Unda Al Pachinodan tashqari Jennifer Garner, Kristof Plammer kabi kino yulduzlari suratga tushgan.
Bir paytlar Denni Kollinzning qo‘shiqlarini butun dunyo sevib kuylagan. Ammo hozirda musiqachi hech narsa yozmay qo‘ygan, oʻtmishdagi shon-shuhrat esa kamaymoqda. Bir kuni musiqachi oʻzigacha yetib kelmagan, Jon Lennon tomonidan yozilgan xatni topib oladi. Bu uning butun hayotini ag‘dar-to‘ntar qilib yuboradi.
“Hech kim meni yaxshi koʻrmaydi” (“Keiner liebt mich”)
Ushbu nemis filmi o‘z hayotidan norozi bo‘lgan Fanni Fink ismli qiz haqida hikoya qiladi. Uning qiziqarli ishi yo‘q, Kyoln shahridagi tashlandiq ko‘p qavatli uyida yashaydi, shaxsiy hayoti ham yaxshi emas — uni hech kim yoqtirmaydi.
Fanni vahimaga tushadi. Qizning yoshi shiddat bilan 30 ga yaqinlashmoqda va bundan keyin turmushga chiqish qiyin boʻlishiga ishonadi. Hayotning shu bosqichida u firibgan Orfeoga duch keladi. Orfeo qiz tez orada orzusidagi erkak bilan uchrashishini bashorat qiladi.
“Styuart: Oʻtgan hayot” (“Stuart: A Life Backwards”)
Britaniyalik aktyorlar Benedikt Kamberbetch va Tom Xardining ajoyib dueti bu filmda ikki do‘st — Styuartning o‘zi va yozuvchi Aleksandr Masters rolini ijro etadi. Bir kuni Masters o‘zining yangi do‘stining tarjimayi holini aytib turish uchun yozishga qaror qiladi.
Spirtli ichimliklar va taqiqlangan dorilarga qaram bo‘lgan uysiz, boshpanasiz qolgan odamlarning huquqlarini himoya qilgan Styuart Shorterning tarjimai holi haqidagi film.
“Miss Petigryu bir kun yashaydi” (“Miss Pettigrew Lives for a Day”)
Film voqealari 1930-yillarda Londonda bo‘lib o‘tadi. O‘zboshimcha miss Gviniver Pettigryu hech bir murabbiyalik lavozimida uzoq qolmaydi. Bir kuni qiz hiyla ishlatib, yosh aktrisaga oqsoch bo‘lib ishga kiradi.
U Gviniverni ajoyib teatr olamiga olib kiradi. Bir oqshomda miss Pettigryu oliy tabaqadan chiqqan xonimga aylanadi va yangi dunyoda faol harakatni boshlaydi — umuman olganda, bir kun bilan yashaydi.
“Soʻqmoqlar” (“Tracks”)
Dramatik film yozuvchi Robin Devidsonning shu nomdagi romani asosida suratga olingan bo‘lib, uning Avstraliya cho‘llari bo‘ylab 9 oylik sayohati haqida hikoya qiladi.
Mia Vasikovska tomonidan gavdalantirilgan bosh qahramon faqat it va 4 ta tuya hamrohligida yo‘lga chiqadi. Robin chidab bo‘lmas yolg‘izlikni his qiladi va o‘zini topishga urinadi.
“Tinch jangchi” (“Peaceful Warrior”)
Film Den Millmanning bestseller kitobiga tayanib, real voqealar asosida suratga olingan. Unda inson ichki kuchining qudrati haqidagi hikoya.
Den — kollejning iqtidorli gimnastikachisi, unga hamma narsa oson. Yigit qachondir Olimpiya o‘yinlariga borishni orzu qiladi, hozircha esa unda hamma narsa — ziyofatlar, motosikllar, do‘stlar, qizlar bor. Ammo jiddiy jarohatdan keyin hammasi o‘zgaradi. Endi Den ma’nosiz o‘yin-kulgilarga vaqt sarflashni to‘xtatishi va nihoyat, dunyo qanday tuzilgani va u qanday o‘rin tutishini tushunishi kerak.
“Devqomat” (“The Mighty”)
Bu bir-biriga mutlaqo o‘xshamaydigan ikki kishining uchrashuvi haqidagi hikoya. Maks — beso‘naqay, indamas ulkan odam, Kevin esa aqlli, ammo jismonan juda kichik va tuzalmas kasal.
Ikkalasi ham masxaralar va mazax obyekti, ular bir butun — qudratli dev kabi birlashib, dunyoga qarshi turishga qaror qiladi.
“Yakunlovchilar” (“The Finishers”)
Jyulen — oddiy o‘smir. U qiziqarli sarguzashtlarni yaxshi ko‘radi va o‘tkir his-tuyg‘ularni qo‘msaydi. Faqat nogironlar aravachasiga mixlanib qolganida bularning barchasiga erishish juda qiyindek tuyiladi.
Yigit tushkunlikka tushmaydi va bir kuni otasini Fransiyaning eng murakkab musobaqalaridan biri bo‘lgan “Nitssaning temir odami” triatlonida o‘zi bilan ishtirok etishga chaqiradi.
