Oldin va hozir: “Taksi” filmi aktyorlari 27 yil ichida qanchalik o‘zgardi?

Fransuz kino sanoatining oltin fondidan joy olgan “Taksi” filmi 1998-yilda rejissyor Jerar Pires tomonidan suratga olingan. Filmning ilk qismi voqealari Marselda bo‘lib o‘tadi. Loyiha ssenariysini afsonaviy ijodkor Lyuk Besson yozgan. Aslida Besson film g‘oyasini 1996-yilda o‘ylab topgan, biroq u o‘sha paytda “Beshinchi element” filmida rejissyorlik qilayotgani sababli “Taksi"ni suratga ololmasdi. Shu bois u eski tanishi Piresni filmga rahbar sifatida chaqirgan.
Afisha.uz o‘zining hazil-mutoyibasi va murakkab yechimlari bilan teletomoshabinlarning qalbidan chuqur joy olgan film aktyorlari 27 yildan ortiq vaqt ichida qay darajada o‘zgargani va hozirda nimalar bilan shug‘ullanayotgani haqida batafsil ma’lumot beradi.
Sami Naseri
To‘rtta “Taksi” filmlarining asosiy qahramoni Sami Naseri hozirda 64 yoshda. U filmga chaqirilganda hali hech qanday katta loyihalarda ishlamagan edi. Aynan “Taksi"dan keyin u olamshumul mashhurlikka erishgan.
U giyohvand moddalarni suiiste’mol qilish, bezorilik va irqiy haqoratlar tufayli umrining bir necha yilini qamoqda o‘tkazgan. Aktyor so‘nggi yillarda filmlarda kam ko‘rinish beryapti. Naseri oxirgi marta 2024-yilda suratga olingan “Avliyo 2” filmida qatnashdi.
Frederik Difental
Fransiyaning eng xushbichim erkaklardan biri sifatida e’tirof etiladigan aktyor Frederik Difental ayni paytda 56 yoshda, u film suratga olinganda 30 yoshda edi. Ijodkor aktyorlikka qadam bosguncha mehmonxona xizmatchisi, sartarosh kabi kasblarda o‘zini sinab ko‘rgan.
U “Taksi” filmlaridagi ishtiroki uchun Fransiyaning “Sezar” milliy mukofotiga sazovor bo‘lgan. Difental ham so‘nggi yillarda filmlarda ko‘p suratga tushmayapti. Uning so‘nggi ishi 2021-yilda suratga olingan “Jinoyat” trillaridagi roli bo‘ldi.
Marion Kotiyyar
Fransuz kinosining go‘zallik ikonalaridan biri bo‘lgan aktrisa 30-sentyabr kuni 49 yoshni qarshi oladi. U 7 yoshdan beri kinoda rol o‘ynaydi. Uning ishtirokidagi “Taksi” filmi uchun Fransiya kinoteatrlarida jami hisobda 6 milliondan ortiq bilet sotilgan.
Aktrisa 2000-yillardan keyin faoliyatini Gollivudda davom ettirdi. Kotiyyar 2007-yilda rejissyor Olive Daan tomonidan suratga olingan “Pushtirangli hayot” musiqiy dramasidagi bosh roli uchun bir qator nufuzli mukofotlar, jumladan, “Oskar"ni qo‘lga kiritgan.
Emma Viklund
Shved model va aktrisasi Emma Viklund yaqinda 56 yoshga to‘ladi. U Stokgolmda tug‘ilib, shu yerda karerasini boshlagan. Viklund modellik faoliyatining ilk yillaridayoq Dior, Versacye va Lanvin kabi yirik brendlar bilan ishlagan.
Aktrisaga televideniyedagi mashhurlik, albatta, “Taksi” filmidan keyin keldi. U ham loyihaning barcha to‘rt qismida suratga tushgan. Ijodkor 2007-yilda Shvesiyaning mashhur Lindex moda tarmog‘i direktorlar kengashiga kiritilgan.
Bernar Farsi
70 dan ortiq spektakl, teleserial va filmlarda rol o‘ynagan fransuz aktyori Bernar Farsi ayni vaqtda 76 yoshda. U filmdagi polisiya boshqarmasining telbanamo rahbari sifatidagi roli bilan o‘zbek tomoshabinlarining qalbidan joy olgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
1990-yillarning o‘rtalariga qadar u asosan ikkinchi darajali rollarni o‘ynagan; “Taksi” filmidagi muvaffaqiyatidan so‘ng u komediya rollari aktyorligini o‘zgartirdi. Farsining eng muvaffaqiyatli roli 2006-yilda “Buyuk Charlz” filmida ijro etgan Sharl de Goll bo‘ldi.
Rixard Zammel
64 yoshli nemis aktyori “Taksi"da nemis mafiyasi rahbari rolini o‘ynagan. Unga haqiqiy mashhurlik Kventin Tarantinoning 2009-yilda suratga olingan “Sharafsiz kimsalar” filmidan keyin kelgan. U hozirda Parij va Berlin shaharlarida istiqomat qiladi.
Zammel ayni vaqtda Disney+ suratga olayotgan 5 fasldan iborat “Yulduzlar jangi: Andor” filmida rol ijro etmoqda. Aktyor ushbu loyihada jamoat tomonidan saylangan nemis diasporasi rahbari Karro Rilans rolini o‘ynagan.
Eduar Montut
“Taksi"da polisiya inspektori Alen rolini qoyilmaqom ravishda ijro etgan aktyor Eduar Montut hozir 54 yoshda. U hattoki film franshizasining 5-qismida ham o‘z roliga qaytdi. Montut va Farsidan boshqa hech bir aktyor yangi filmga chaqirilmagan.
Montut 2019-yilda “Madam” deb nomlangan film suratga olgan. Loyiha ssenariysini ham aktyorning o‘zi yozgan. Filmda 40 yoshli Patris 19-asr kibor xonimlariga o‘xshab kiyingan holda o‘z omadini sinash maqsadida kastingda ishtirok etishi haqida hikoya qilinadi.
Tara Romer
Filmning ilk qismida ikkinchi darajali rol ijro etgan aktyor o‘zining xarizmasi bilan muxlislar ko‘nglidan joy olgandi. U “Taksi"da Emiliyenning hamkasbi, anqovroq polisiyachi rolini o‘ynagan. Romerning hazil-mutoyibasi filmga o‘zgacha ruh bag‘ishlagan.
Loyihada katta mashhurlikdan so‘ng aktyorning karyerasi gullab-yashnadi deb bo‘lmaydi. Chunki u oradan 1 yil o‘tib, ya’ni 1999-yilda vafot etdi. U skuter boshqarib ketayotganda YTHga uchragan va voqea joyida halok bo‘lgan. Uning xotirasiga bag‘ishlab 2000-yilda hujjatli film ishlangan.
Film saundtreki uchun Sharqiy O‘rta yer dengizi xalqlari folklyoriga taalluqli bo‘lgan “Misirlou” qo‘shig‘i qayta ishlangan. Ushbu kuy ustida taniqli bastakor va xonanda Patrik Abrial ishlagan. Musiqa barcha “Taksi” filmlarida ijro etilgan. Ushbu tarona bir qancha tanlovlarda g‘olib bo‘lgan. Filmning o‘zi esa barcha davrlarning eng omadli fransuz kinofranshizalarida qatorida turadi.
